Jamiyat

TIV Qoraqalpogʻiston voqealarining ayrim OAVlarda yoritilishi yuzasidan bayonot berdi

© Sputnik / Zafar XalilovMID Uzbekistana
MID Uzbekistana - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 07.07.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
TIV Nukusda sodir boʻlgan tartibsizliklar borasida ayrim OAV va huquqni himoya qilish tashkilotlari noxolis bayonot berayotganini maʼlum qildi.
TOSHKENT, 7 iyul - Sputnik. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpogʻiston voqealarining ayrim OAVlarda yoritilishi yuzasidan bayonot berdi.
Unga koʻra, ayrim ommaviy axborot vositalari va inson huquqlari boʻyicha tashkilotlar tomonidan nomaʼlum manbalarga tayangan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahrida sodir boʻlgan voqealar haqida turli xil taxminlar va asossiz xabarlar muhokama qilinmoqda.
Goʻyoki noqonuniy kuch ishlatish orqali “tinch mitingni tarqatish”, jumladan, favqulodda holat eʼlon qilish orqali “mustaqil ovozlarni yopish va axborot oqimini toʻsish” haqida asossiz bayonotlar berilmoqda.
Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpogʻistondagi voqealar yuzasidan aniqlik kiritib, bu borada batafsil va xolis axborot taqdim etmoqda.
2022 yil 1-2 - iyul kunlari Nukus shahrida Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tizimi, hududiy yaxlitligi va birligiga putur yetkazishga urinish yuz berdi. Konstitutsiyaviy islohotlar boʻyicha umumxalq muhokamasiga kiritilgan takliflarga qarshi norozilik bahonasida bir guruh tajovuzkor shaxslar tomonidan davlat hokimiyati organlari binolarini zoʻravonlik, otishma va kuch ishlatish orqali egallab olishga harakatlar tashkil etildi.
Ushbu noqonuniy xatti-harakatlar tinch, yagona, demokratik mamlakatda ayirmachilik, beqarorlik va boʻlinishni qoʻzgʻatishga qaratilgan oldindan rejalashtirilgan sabotajdan yaqqol dalolat berdi.
Dushman kayfiyatdagi kuchlar populistik shiorlarni niqob qilib olgan holda, uyali aloqa va Internet orqali soxta yangiliklarni tarqatib, fuqarolarni aksilkonstitutsiyaviy faoliyatga ommaviy ravishda jalb qilishga urindilar. Bu Internet aloqasini vaqtincha cheklash choralarini koʻrishga majbur qildi.
Ommaviy vayrongarchilik va vahshiyliklar chogʻida Joʻqorgʻi Kenges (parlament), Nukus shahar IIBB va Milliy gvardiya boshqarmasi binolariga hujum qilishga urinishlar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini garovga olish va ularning oʻqotar qurollarini tortib olish, davlat, jamoat va shaxsiy mol-mulkka oʻt qoʻyish, buzish va yoʻq qilish, shahar infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazishga urinishlar kuzatilgan.
Bundan tashqari, hujumlar paytida 107 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari jiddiy tan jarohati olgan, jumladan ularning 23 nafari ogʻir ahvolda qolmoqda. Davlat organlarining jami 270 nafar xodimi turli darajadagi tan jarohatlar oldilar.
Tartibsizliklar ishtirokchilarining vahshiyligi odamlarning ongini manipulyatsiya qilgan bir guruh shaxslarning provokatsion harakatlari natijasi boʻlib, fuqarolarning tinch namoyishlari sifatida tasniflanishi joiz emas.
Ushbu noqonuniy harakatlar natijasida, ilgari aytib oʻtilganidek, 18 kishi vafot etdi. Shuni taʼkidlash kerakki, tajovuzlarning faol ishtirokchilarining koʻpchiligi giyohvand moddalar va spirtli ichimliklar isteʼmol qilgan shaxslardan iborat edi.
Oʻzbekiston hukumati hokimiyatni kuch bilan qoʻlga kiritish, ayirmachilik gʻoyalarini targʻib qilish, aholi oʻrtasida oʻzaro nafratni qoʻzgʻatish, ommaviy tartibsizliklar va zoʻravonlikka chorlashga qaratilgan har qanday noqonuniy xatti-harakatlarni qatʼiy qoralaydi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar va huquqni muhofaza qilish organlarining oqilona sayi-harakatlari tufayli noqonuniy tadbirlarga chek qoʻyildi.
Ayni paytda Qoraqalpogʻistondagi voqealar yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda. Inson huquqlari boʻyicha xalqaro shartnomalarning ishtirokchisi sifatida Oʻzbekiston shaffof, mustaqil va xolis tergov tamoyillariga toʻliq rioya etish, shuningdek, tegishli tartib-qoidalar hamda adolatli sud kafolatini taʼminlash tarafdoridir. Tergov natijalari tegishli xalqaro tashkilotlarga yetkaziladi.
Oʻzbekiston hukumati tomonidan Qoraqalpogʻistondagi vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan barcha harakatlar huquqiy tartib-qoidalar doirasida amalga oshirilmoqda hamda, birinchi navbatda, inson hayoti va salomatligiga nisbatan tahdidlarga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan.
Bugungi kunda Qoraqalpogʻistonda mobil aloqa toʻliq faoliyat yuritmoqda, oziq-ovqat doʻkonlari, bozorlar, nonvoyxonalar, banklar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy obʼyektlar faoliyat koʻrsatmoqda. Elektr enerigyasi, gaz va suv muntazam ravishda yetkazib berilmoqda.
Oʻzbekiston tegishli davlat organlari har kuni jamoatchilikni Qoraqalpogʻistondagi vaziyat haqida xabardor qilib bormoqda. Shu munosabat bilan, mazkur mavzu yuzasidan maʼlumotlar yoʻqligi haqidagi bayonotlar asossizdir.
Hech bir kuch Oʻzbekiston Respublikasiga demokratik islohotlarni izchil davom ettirish, har bir fuqaroning shaʼni, qadr-qimmati, farovonligi, manfaatlariga gʻamxoʻrlik qiladigan insonparvar, huquqiy va ijtimoiy davlatni barpo etish va mustahkamlash yoʻlida ishonch bilan harakatlanishiga toʻsqinlik qila olmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi barcha ommaviy axborot vositalari va inson huquqlari boʻyicha tashkilotlarni Qoraqalpogʻistondagi voqealarga xolisona yondashish, turli ishonchsiz manbalarga tayanib, bir tomonlama va shoshilinch xulosa qilmaslik va asossiyz bayonotlar eʼlon qilmaslikni soʻraydi.
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro hamjamiyat bilan ochiq muloqot, shu jumladan insonning qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklarini himoya qilish masalalarida hamkorlik tarafdori boʻlib qolmoqda.
Yangiliklar lentasi
0