Prezident energetikaga oid loyihalarni ishga tushirishni tezlashtirish yuzasidan topshiriq berdi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 13.07.2022
Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikdagi energetikaga oid bitim va hujjatlarni imzolash jarayonini tezlashtirish yuzasidan topshiriq berdi.
TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. Prezident Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda energetika sohasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalarga oid taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili Navoiy viloyatida birinchi quyosh elektr stansiyasi aynan Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishga tushirildi. Bugungi kunda u bir kecha-kunduzda 1 mln 180 ming kilovatt soat elektr energiyasi yetkazib bermoqda.
Bu sohada yana 5 ta yirik loyihani amalga oshirish kelishilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarni tashkil etadi.
Xususan, “Mubadala” va “Taqa” kompaniyalari bilan hamkorlikda Talimarjon issiqlik elektr stansiyasini xususiylashtirish va quvvatini oshirish, “Masdar” kompaniyasi bilan Navoiy viloyatida shamol, Surxondaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida quyosh elektr stansiyalarini qurish mo‘ljallangan.
“Joriy yildan Birlashgan Arab Amirliklari bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yildi”, deyiladi xabarda.
Yig‘ilishda energetika sohasidagi loyihalar ijrosi ana shu tizim asosida ko‘rib chiqildi.
Mutasaddilar loyihalarning hozirgi holati va yil yakunigacha mo‘ljallangan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.
Talimarjon issiqlik elektr stansiyasini xususiylashtirish haqida so‘z borar ekan, bu loyiha issiqlik elektr stansiyalarini boshqarish va energiya ishlab chiqarishda namunaviy bo‘lishi kerakligi qayd etildi.
“Masdar” kompaniyasi bilan qayta tiklanuvchi energetika sohasida amalga oshiriladigan loyihalar 2030-yilgacha mamlakatimizda “yashil energetika” ulushini 25 foizga yetkazishda muhim qadam bo‘ladi. Shu bois, loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha zarur bitim va hujjatlar imzolashni tezlashtirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ma’lumot uchun, yil boshidan buyon O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklarining o‘zaro savdo hajmi ikki barobarga ko‘paydi va mamlakatda 45 ta yangi qo‘shma korxona tashkil etildi.
Yangiliklar lentasi
0