Energetika vazirligi anomal issiqda elektr energiyasini tejashni so‘ramoqda

© Sputnik / Mixail Voskresenskiy / Mediabankka o‘tishRonditsioner
Ronditsioner - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 16.07.2022
Obuna bo‘lish
Issiq kunlarda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi stansiyalarda zaxira energobloklari ishga qo‘shiladi.
TOShKENT, 16-iyul — Sputnik. Energetika vazirligi fuqarolardan anomal issiq kunlarda elektr energiyasidan imkon qadar tejamkorlik bilan foydalanishlarini so‘ramoqda.
Aytilishicha, havo haroratining keskin ko‘tarilishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan talab ham keskin oshadi. Buning natijasida, elektr tarmoqlari va transformator punklarida yuklama ortishi va natijada tarmoqda nosozliklar kelib chiqishi mumkin.
Shu maqsadda vazirlik va uning tizimidagi barcha tashkilotlar tomonidan iste’molchilarga energiya resurslarini barqaror yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.
“Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi stansiyalarda zaxira energobloklari ishga qo‘shiladi. Elektr energiyasi yetkazib berish sifatini oshirish maqsadida yil boshidan 2 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmoqlari va 330 dan ortiq transformator punklari yangilandi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari past kuchlanishli 17 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmoqlari va 6 mingga yaqin transformator punkti, shuningdek 110-500 kV kuchlanishli 600 kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmog‘i va 7 ta kuch transformatorlari mukammal ta’mirlandi.
Barcha elektr stansiyalarda 24 soatlik navbatchilik guruhlari tashkil etildi.
Shuningdek, elektr tarmoqlarida favqulodda holatlarni oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida hududlar bo‘ylab tunu-kun ishlaydigan 227 ta avariyaga qarshi brigadalar tashkil etildi.
Iste’molchilardan elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan savollar yuzaga kelganda 11-54 qisqa raqami yoki Telegram’dagi (@HET_admin) adminstratorga murojaat qilishlari so‘ralmoqda.
Ma’lumot uchun, 17-22 iyul kunlari O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishi kuchayishi sababli kunduz kunlari ayrim hududlarda havo harorati +47 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Yangiliklar lentasi
0