Qoraqalpog‘istondagi voqealar oqibatida yetkazilgan zarar miqdori ma’lum bo‘ldi

© Press-slujba Generalnoy prokuraturi UzbekistanaGeneralnaya prokuratura Uzbekistana
Generalnaya prokuratura Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 18.07.2022
Obuna bo‘lish
Ommaviy tartibsizliklar vaqtida jabrlangan yana 3 nafar fuqaro shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramasdan vafot etgan.
TOShKENT, 18-iyul — Sputnik. Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklar oqibatida fuqarolar va tadbirkorlarning mol-mulklari, davlat va ijtimoiy infratuzilma obyektlariga 3 mlrd 147 mln so‘m zarar yetkazilgan. Bu haqida AOKAda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, 16-iyul holatiga ko‘ra, hodisa yuz bergan hududlar va joylar ekspert va mutaxassislar ishtirokida to‘liq ko‘zdan kechirilib, ishga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan 550 dan ortiq ashyo va narsalar rasmiylashtirildi.

“Tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan 274 nafar fuqaroga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatildi, shundan 16 nafar fuqaro tibbiy muassasalarda qolmoqda, afsuski, yana 3 nafar fuqaro ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lgani bois, shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramasdan, vafot etdi”, - dedi Hayot Shamsuddinov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘z xizmat burchini bajarayotgan vaqtida tan jarohati olgan 141 nafar huquq-tartibot idoralari xodimi hamda sog‘lig‘i va mulkiga zarar yetkazilgan 16 nafar fuqaro jabrlanuvchi deb e’tirof etildi.
Shuningdek, jinoyat sodir etgan shaxslarni fosh etishga qaratilgan tadbirlar doirasida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, belgilangan tartibda ushlangan fuqarolarning himoya huquqi advokat orqali amalga oshirishi to‘liq ta’minlangan.
Ularning ushlanganligi va qamoqqa olinganligi hamda saqlanayotgan joyi haqida yaqin qarindoshlariga belgilangan tartibda xabar berilgan.
Saqlash joylarida qonunda nazarda tutilgan barcha sharoitlar to‘la ta’minlangan. Ushlanganlarning sog‘lig‘i va saqlash sharoitlari bo‘yicha e’tirozlari mavjud emas.
Aytilishicha, ba’zi xorijiy ijtimoiy tarmoqlarda voqeada ishtirok etgan ayrim fuqarolar bedarak yo‘qolganligi haqida mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan “feyk” xabarlar tarqatilmoqda.
Ushbu fuqarolarning bir qismi o‘z yashash uyida ekanliklari, bir qismi Qoraqalpog‘iston hududidan chetga chiqib ketganliklari, ayrimlari esa, umuman mavjud bo‘lmagan shaxslar ekanligi aniqlandi.
Shuningdek, Hayot Shamsuddinov o‘z so‘zida fuqarolardan soxta va uydirma ma’lumotlarga ishonmasdan, o‘tkazilayotgan tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari haqidagi haqqoniy ma’lumotlarni Bosh prokuratura Shtabi axborot manbalaridan olish kerakligini aytib o‘tdi.
Qolaversa, Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqea-hodisalar yuzasidan biron-bir ma’lumotga yoki ishga aloqador ashyolarga ega bo‘lsan fuqarolardan, ularni tergov-tezkor guruhiga taqdim etish so‘raldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarni o‘rganish bo‘yicha ishonch telefoni ishga tushirilgani ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, fuqarolar 1374 qisqa raqamli koll-markazga Qoraqalpog‘istondagi holat va sodir bo‘lgan hodisalar yuzasidan o‘z murojaatlarini yo‘llashlari mumkin.
Yangiliklar lentasi
0