Iqtisod

Markaziy bank asosiy stavka nega 15 foizgacha pasaytirilganini tushuntirdi

© Sputnik / Zafar XalilovTashkent. Tsentralnыy bank Uzbekistana
Tashkent. Tsentralnыy bank Uzbekistana - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 21.07.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Kelgusi oylarda narxlar va makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning kutilayotgan dinamikalaridan kelib chiqib asosiy stavka 1 foizga tushirilgan.
TOSHKENT, 21 iyul — Sputnik. Markaziy bank boshqaruvining 2022 yil 21 iyuldagi yigʻilishida asosiy stavka yillik 16 foizdan 15 foizgacha pasaytirildi.
Regulyator bayonotiga koʻra, may-iyul oylarida qisqa muddatli tashqi shoklar taʼsirini pasayishi hisobiga makroiqtisodiy holatning nisbatan barqarorlashishi hamda tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish boʻyicha kutilmalarning ortda qolishi 2022 yil yakunida inflyatsiya darajasining 12-14 foizlik prognoz koridorining medianisidan pastroq, yaʼni quyi chegarasiga yaqin shakllanish ehtimollarini oshirmoqda.
Bu oʻz navbatida, inflyatsiyaning aprel oyidagi prognoz darajasidan qisqa muddatli omillar taʼsiri va kutilmalar boʻyicha qoʻshilgan yuklamani olib tashlash va shunga mos ravishda, pul-kredit sharoitlarini ham oʻzgartirish imkonini beradi.
“Inflyatsion kutilmalarning shakllangan trendlari hamda kelgusi oylarda narxlar va makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning kutilayotgan dinamikalaridan kelib chiqib boshqaruv yigʻilishida asosiy stavka 1 foiz bandga pasaytirilib, yillik 15 foiz darajasida belgilandi”, - deyilgan xabarda.
Qayd etilishicha, global inflyatsion jarayonlarning davom etayotganligini inobatga olib, narxlarga monetar omillar taʼsirini minimal darajada saqlab qolish, milliy valyutadagi aktivlarning nisbiy ustunligini taʼminlab borish maqsadida yil soʻngigacha “nisbatan qatʼiy” pul-kredit sharoitlari saqlab qolinadi.
May-iyul oylarida tashqi iqtisodiy sharoitlar mamlakat iqtisodiyoti uchun nisbatan moʻtadil shakllandi.
Real samarali almashuv kursi iyun oyida may oyiga nisbatan qariyb 0,2 foizga qadrsizlandi.
Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha eksport tushumlarida ham, import uchun toʻlovlarda ham oʻsuvchi tendentsiyalar kuzatildi. Ikkinchi chorakda eksport tushumlari birinchi chorakka nisbatan 41 foizga, import toʻlovlari esa 19 foizga oshdi.
Aprel-iyun oylarida mamlakatga (eksport tushumlari, pul oʻtkazmalari va xorijiy valyutadagi kreditlar kanallari orqali) kirib kelgan valyuta oqimlarining har yili kuzatiladigan mavsumiy oʻsish darajasidan ham yuqori boʻlganligi ichki valyuta bozorida taklif hajmini qoʻllab-quvvatlamoqda. Xususan, ikkinchi chorakda banklar va xoʻjalik subʼyektlarining valyuta sotuvi birinchi chorakka nisbatan 1,8 barobarga oshdi.

Ichki iqtisodiy sharoitlar

Bank maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning I yarim yillik yakunlari boʻyicha iqtisodiy oʻsish real hisobda 5,4 foizni tashkil etib, oʻsish surʼati oʻtgan yilning mos davriga (7,2 foiz) nisbatan past va aprel oyi prognozlariga (3,5-4,5 foiz) nisbatan esa yuqori darajalarda shakllandi.
Qishloq xoʻjaligi, isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish va chakana savdo sohalarida oʻtgan yilga nisbatan yuqoriroq oʻsish surʼatlari kuzatildi. Ushbu tendentsiyalarning saqlanib qolishi kelgusi oylarda narxlar shakllanishiga ijobiy taʼsir etishi kutilmoqda.
I yarim yillikda oylik va nafaqalarning oshirilishi hisobiga iqtisodiyotda oʻrtacha nominal ish haqilarning oʻtgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli oshishi kuzatildi va bu, oʻz navbatida, ichki talabni ragʻbatlantiruvchi asosiy omillardan boʻldi.
Ushbu davrda tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 10 foizga koʻp kreditlar ajratilgan.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

Iyun oyida yillik inflyatsiya surʼati 12,2 foizni tashkil etib, ushbu oʻsish asosan global inflyatsion jarayonlar sharoitida import inflyatsiyasi, tovarlarni yetkazib berish va logistikasida yuzaga kelayotgan muammolar va gʻalla yetishtirish va sotish narxlarining erkinlashtirilishi kabi omillar bilan izohlanadi.
Yillik inflyatsiya tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 16,5 foizga oshgan boʻlsa, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar mos ravishda 10,7 va 6,8 foizga qimmatlashdi.
Bu oʻz navbatida, umumiy inflyatsiyaning pasayib borishida oziq-ovqat narxlarining barqarorlashuviga asosiy eʼtiborni qaratishni taqozo etadi.
“Iyun oyida oʻtkazilgan soʻrovlar natijalariga koʻra, kelgusi 12 oy uchun narxlar oʻsishi boʻyicha aholi vakillarining inflyatsion kutilmalari may oyidagi keskin oʻsishdan keyin (17,6 foiz) pasayuvchi dinamikani koʻrsatib, 16,4 foiz atrofida shakllangan boʻlsa, tadbirkorlik subʼyektlariniki 15,7 foizgacha pasaydi (may oyida 17,3 foiz)”, - deyilgan xabarda.
Isteʼmol narxlari oʻzgarishining haftalik kuzatuvlari, haftalik oʻsish surʼatlari may oyinig oxirgi va iyun oyining boshidagi haftalarida eng yuqori oʻsish nuqtalaridan oʻtib, iyul oyining dastlabki 2 haftasida nisbatan barqarorlashganligini koʻrsatmoqda.

Pul-kredit sharoitlari

Asosiy stavkaning pasaytirilishi natijasida iyun oyida banklararo pul bozorida oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi may oyidagi 18 foizdan 17,1 foizgacha pasaydi. Iyun oyida Uzonia indeksi asosiy stavka bilan yuqori foiz koridori oraligʻida – 17 foiz atrofida shakllandi.
Pul bozorida nisbatan uzoqroq muddatli bir oydan uch oygacha boʻlgan operatsiyalar boʻyicha foizlar may oyidagi 19,6 foizdan iyun oyida 18,9 foizgacha pasayishi kuzatildi.
2022 yil iyunda jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi 21 foizni, yuridik shaxslarning depozitlari boʻyicha esa 17,7 foizni tashkil etdi. Depozitlarning real foiz stavkalari aholi omonatlari boʻyicha 7,8 foiz va yuridik shaxslar depozitlari boʻyicha 4,9 foiz darajasida shakllandi. Aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari II chorakda 21 foizga va yil boshiga nisbatan 30 foizga koʻpaydi.
Iqtisodiyotga milliy valyutada yoʻnaltirilgan kreditlarning foiz stavkalarida ham may oyidagi koʻrsatkichlarga (23 foiz) nisbatan pasayish kuzatilib, oʻrtacha 22,8 foizni tashkil etdi.

Makroiqtisodiy prognozlar

Taʼkidlanishicha, birinchi yarim yillikda jahon va ichki iqtisodiyotda kuzatilgan holat mazkur davrda yuz bergan geosiyosiy vaziyat hisobiga keskin shok va noaniqliklar taʼsirida makroiqtisodiy rivojlanishning hech bir stsenariysida koʻzda tutilmagan tarzda shakllandi.
Markaziy bank tashqi iqtisodiy vaziyatlar boʻyicha noaniqliklar, yalpi talabni shakllanishi va taklif boʻyicha kutilayotgan tendentsiyalarni inobatga olib, 2022 yil uchun moʻljallangan makroiqtisodiy rivojlanish prognozlarini qayta koʻrib chiqqan.
Yuzaga kelayotgan inflyatsion jarayonlar, tartibga solinadigan narxlar oshirilishining keyinga qoldirilishi bilan bir qatorda mavjud noaniqliklar va xatarlarni inobatga olgan holda yil yakuni boʻyicha inflyatsiya darajasi 12-14 foizlik koridorning quyi chegarasi atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.
“Iqtisodiyotda mavjud zaxiralar va yalpi talabning joriy tendentsiyalaridan kelib chiqib yil yakuni boʻyicha YAIMning real oʻsishi 5,0-5,5 foiz atrofida boʻlishi taxmin qilinmoqda (aprel oyidagi prognoz 3,5-4,5 foiz)”, - deyiladi MB xabarida.
Bugungi qaror taʼsirida kelgusida shakllanadigan pul-kredit sharoitlari inflyatsiya prognozining pasayib borishi bilan real foiz stavkalarining ijobiyligini, milliy valyutadagi aktivlarning daromadliligi saqlanib qolishini taʼminlaydi.
Markaziy bank tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar taʼsirida yuzaga keladigan inflyatsion omillar va xatarlarni sinchkovlik bilan oʻrganib, ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralarni koʻrib boradi.
Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi 2022 yil 8 sentyabr kuniga belgilangan.
Yangiliklar lentasi
0