Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari sammitida qanday takliflarni bildirdi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezident Shavkat Mirziyoyev na sammite v Cholpon-Ate
Prezident Shavkat Mirziyoyev na sammite v Cholpon-Ate - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 21.07.2022
Obuna bo‘lish
TOShKENT, 21-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi Maslahat uchrashuvida nutq so‘zladi.
“Bugun qayta-qayta ta’kidlanganidek, ushbu formatda yo‘lga qo‘yilgan muloqot tufayli biz do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, mintaqada mutlaqo yangi konstruktiv hamkorlik muhitini yaratishga erishdik”, - dedi davlat rahbari o‘z chiqishi boshida.
“Biz Markaziy Osiyoning xavfsizligi va barqarorligini, turg‘un ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha murakkab vazifalarni izchil hal etib kelmoqdamiz. Bu yo‘lda ko‘plab to‘siqlar olib tashlandi, fuqarolarimizning erkin harakatlanishi, faol madaniy va turistik almashinuvi uchun sharoitlar yaratildi. O‘zaro savdo va investitsiyalarning o‘sishiga xizmat qiluvchi qulay muhit shakllantirildi”, - dedi Mirziyoyev.
Mirziyoyev o‘zaro savdoni rag‘batlantirishning yangi shakl va mexanizmlarini faol joriy etishni taklif etdi. Gap tovarlarni yetkazib berishda yagona qoidalar va soddalashtirilgan tartiblarga ega bo‘lgan chegara savdo zonalari tizimini yaratish haqida bormoqda.
O‘zbekiston yetakchisi sanoatni rivojlantirish milliy dasturlari asosida sanoatni mahalliylashtirish va import o‘rnini bosuvchi Markaziy Osiyo makonini shakllantirish bo‘yicha yagona yondashuvlarni joriy etish muhim ahamiyatga ega ekanini urg‘uladi.
"Savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida mintaqalararo to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik salohiyatidan ham kengroq foydalanish va har yili o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo mintaqalari forumini boshlashni taklif etamiz", - dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, u iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratishni taklifni etdi.
O‘zbekiston prezidenti madaniyat, ta’lim, sport va turizm sohasidagi hamkorlik dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, umumiy tarixni chuqur o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ishlarni kuchaytirishni taklif qildi.
Mirziyoyev har yili mintaqa mamlakatlarida Markaziy Osiyo madaniyat, san’at va kino festivalini navbatma-navbat o‘tkazish taklifini ilgari surdi. O‘zaro turistik oqimlarni ko‘paytirish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlash uchun qo‘shma ekspertlar guruhini tashkil etish o‘rtaga tashlandi.
U shu yil may oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo yoshlar forumining samarali yakunlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
"Biz yana bir bor yoshlarimizning fikr-mulohazalari va intilishlari, kuchli intellektual salohiyatiga ega ekaniga amin bo‘ldik. Biz ularning tashabbuslari, ijodiy yondashuvlari va startap loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz kerak", dedi prezident va navbatdagi sammitga yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘p tomonlama bitim tayyorlashni taklif qildi.
Mirziyoyev mintaqaviy hamkorlikning strategik yo‘nalishi xavfsizlik sohasi ekanini ta’kidladi.
"Mintaqaning xavfsizligi ajralmas va eng avvalo, hamkorligimiz qanchalik samarali yo‘lga qo‘yilganiga bog‘liqligini alohida ta’kidlamoqchiman. Bu borada ekstremizm va terrorizmning an’anaviy tahdidlari, uyushgan jinoyatchilik va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishda amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishimiz zarur. Bizning alohida e’tiborimiz internetdagi ko‘lami ortib borayotgan noqonuniy faoliyat bilan bog‘liq chaqiriqlar muammolariga qaratilgan. Bugungi kunda bu tahdidlarning chegarasi yo‘q – ular mobil telefonlar orqali kirib boradi", - dedi mamlakat rahbari.
"Afsuski, O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda ro‘y bergan fojiali voqealar bizning rejalarimizni buzishga, mintaqamizda tartibsizlik va beqarorlik keltirib chiqarishga urinayotgan buzg‘unchi kuchlar borligini yana bir bor tasdiqladi", - dedi Mirziyoyev.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston mintaqa davlatlarining xavfsizlik kengashlari va maxsus xizmatlari rahbarlarining ushbu sohalarning barchasi bo‘yicha muntazam maslahatlashuvlarini yo‘lga qo‘yish taklifini qo‘llab-quvvatlaydi.
Bundan tashqari, Mirziyoyev Hindiston, Pokiston va Xitoy bozorlariga chiqish uchun muqobil transport yo‘laklarini ilgari surish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, aholini keng nomenklaturadagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashning kompleks sxemasini birgalikda ishlab chiqish takliflarini ilgari surdi.
"Sammitimizning asosiy yakuni, shubhasiz, qabul qilinayotgan mamlakatlarimiz o‘rtasida Markaziy Osiyoning tinchligi va barqaror rivojlanishi yo‘lida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan mustahkam hujjatlar to‘plamidir. Men hamkasblarim fikriga qo‘shilishni va maslahat uchrashuvi natijalari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ishonchni mustahkamlashga, qo‘shma dasturlar va amaliy hamkorlik loyihalarini ilgari surishga kuchli turtki berishiga ishonch bildirmoqchiman", - deya xulosa qildi prezident Shavkat Mirziyoyev.
Yangiliklar lentasi
0