Siyosat

Mirziyoyev Afgʻonistonning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yoʻl qoʻymaslikka chaqirdi

© Sputnik/Zafar XalilovToshkentda oʻtkazilayotgan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferentsiya
Toshkentda oʻtkazilayotgan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferentsiya - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 26.07.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Afgʻonistonning xalqaro maydonda yakkalab qoʻyilishi gumanitar vaziyatning yanada yomonlashuviga olib kelishi muqarrar, dedi Mirziyoyev.
TOSHKENT, 26 iyul — Sputnik. Afgʻonistonning xalqaro maydonda yakkalab qoʻyilishi gumanitar vaziyatning yanada yomonlashuviga olib kelishi muqarrar, dedi Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkentda oʻtkazilayotgan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferentsiyadagi nutqida. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar berdi.
“Aminmizki, jahon hamjamiyati bugun 1990 yillardagi xatolarni qayta takrorlamaydi, ularni chetlab oʻta oladi va shunga erishish lozim. Afgʻonistonning xalqaro maydonda yakkalab qoʻyilishi gumanitar vaziyatning yanada yomonlashuviga olib kelishi muqarrar, shu bois bunga yoʻl qoʻymaslik muhimdir. Gap millionlab insonlarning taqdiri haqida bormoqda”, dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, Oʻzbekiston yetakchisi Afgʻoniston hukumatini jahon hamjamiyatining asosiy talablariga rioya qilishga chaqirdi.
“Biz Afgʻonistonning hozirgi hukumatini terrorizmning har qanday shakli va koʻrinishlari oldini olish va ularga qarshi kurashish, barcha xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzish uchun oʻzining qatʼiy irodasini namoyon etib, keskin choralar koʻrishga chaqiramiz. Bu muvaqqat hukumatga ishonchning mustahkamlanishiga olib keladi, Afgʻoniston uchun yon atrofdagi davlatlar va xalqaro hamjamiyat bilan doʻstlik, yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro foydali hamkorlik muhitida barqaror taraqqiy etish boʻyicha aniq istiqbollarni ochadi”, deya taʼkidladi prezident.
Bundan tashqari, davlat rahbari Afgʻonistonning mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvi muhimligiga eʼtibor qaratdi. Unga koʻra, yaqinda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Janubiy va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiya ham Afgʻonistonda tinchlikni saqlash xalqaro xavfsizlikni taʼminlash uchun gʻoyat muhim ahamiyatga ega ekanini tasdiqlagan.
“Biz, butun xalqaro hamjamiyat afgʻon xalqi bilan birdamlikni namoyon etishimiz zarur. Biz oʻz saʼy-harakatlarimizni Afgʻonistonni tinch, barqaror va gullab-yashnayotgan, terrorizm, urush va narkotik moddalardan xoli mamlakatga aylantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga safarbar qilishimiz lozim. Afgʻoniston iqtisodiyotini qayta tiklash vazifasi bizning umumiy ustuvor yoʻnalishimizga aylanishi kerak, bu jafokash afgʻon zaminida mustahkam tinchlik oʻrnatishning muhim sharti hisoblandi. Bu yoʻnalish, xususan, mazkur mamlakatning mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvini, infratuzilmalarga oid va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishni oʻz ichiga oladi”, dedi Mirziyoyev.
Maʼlumot uchun, bugun, 26 iyul kuni Toshkentda prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Afgʻoniston: Xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusida xalqaro konferentsiya oʻz ishini boshladi. U ikki kun davom etadi.
Nufuzli tadbirda 20 dan ortiq davlatning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakillari, oʻnlab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek, Afgʻoniston muvaqqat hukumati delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
Unda Afgʻonistonni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan tiklash, afgʻon xalqining hozirgi va kelgusi avlodlari uchun uzoq kutilgan tinch hayotni taʼminlashga qaratilgan infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish va boshqa bir qator dolzarb masalalar koʻrib chiqiladi.
Shuningdek, xalqaro konferentsiya doirasida qoʻshni Afgʻonistonda iqtisodiy barqarorlikni tiklashga qaratilgan gumanitar va infratuzilma loyihalar taqdimoti ham boʻlib oʻtadi.
Yangiliklar lentasi
0