Video

Oʻzbek animatorlari Xoʻja Nasriddin multfilmi ustida ish boshlashadi

Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Toshkentda "Animators Community by Bazelevs" loyihasining natijalari eʼlon qilindi.
Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi hamda “Bazelevs” kinokompaniyasining Animators "Community by Bazelevs" animatsion loyihasi ilk bitiruvchilarini kuzatdi va yaqin kelajakdagi rejalari haqida maʼlum qildi.
Sputnik muxbirining xabar berishicha, bitiruv tadbiri 25 iyul kuni Toshkentdagi Lokomotiv xiyobonida boʻlib oʻtgan.
Tadbirda Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, rossiyalik rejisser, Bazelevs kompaniyasi asoschisi Timur Bekmambetov va animatsiya maktabi badiiy rahbari Aleksandr Gamirov ishtirok etgan. Ular maktabni muvaffaqiyatli tamomlagan oʻquvchilar bilan uchrashishdi, shuningdek, diplomlar bilan taqdirlashdi.

“Bitiruvchilarimiz "Marvel" kabi xorijiy qahramonlarni emas, balki oʻz milliy qahramonimiz obrazini yaratishlarini istaymiz. Xoʻja Nasriddin mana shunday qahramon hisoblanadi. Multfilm premyerasi bilan tabriklaydigan kunlarni kutib qolamiz”, - dedi Firdavs Abduxoliqov oʻz nutqida.

Tashkilotchilarning xabar berishicha, loyiha oʻz ishini davom ettiradi. Yaqin kunlarda maktabning ikkinchi guruh oʻquvchilari uchun qabul eʼlon qilinadi. Shuningdek, animatsiya maktabini Nukusda ham ochish rejalashtirilmoqda.
“Oʻylashimcha, sizlar keyingi oʻquvchilar uchun namuna boʻla olasizlar. Yana koʻplab yoshlar ishlarimizni davom ettirmoqchi. Oʻylaymanki, oliyjanoblik koʻrsatib, ular bilan oʻz tajribangiz bilan boʻlishasiz”, - deydi Timur Bekmambetov.
Loyiha koʻp yoshlarga oʻz orzularini amalga oshirish va sevimli ishini topishga yordam bergan.
“Men oʻqishga qabul qilinganimda hammasi qiyin va murakkab edi. Bu 4 oylik tinimsiz mehnat boʻldi, tunlari uxlamasdik. Avval animatsiya bilan umuman tanish emas edim. Mutaxassisligim boʻyicha aslida kutubxonachiman, ammo qahramonlar yaratish mening bolalikdan orzuim boʻlgan. Barcha bosqichlardan va toʻrt oylik taʼlimdan oʻtdim, natijada meni 15 ta eng yaxshi bitiruvchilar safida ekanimni aytishdi. Juda xursand boʻldim. Oldinda bizni ancha murakkab, ammo ajoyib ishlar kutyapti”, - deb taassurotlari bilan boʻlishdi animatsiya maktabi bitiruvchisi Aida Djaksibayeva.
Eslatib oʻtamiz, loyiha Kinematografiya agentligi hamda “Bazelevs” kinokompaniyasining 2021 yil Toshkent Xalqaro Kinofestivalining Rossiya va Markaziy Osiyo qoʻshma mahsulotlariga bagʻishlangan sessiyada imzolangan shartnomasi doirasida amalga oshirilgan.
Yangiliklar lentasi
0