Bugun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish yakunlanadi

© Sputnik / Vladimir Pesnya / Mediabankka o‘tishPriyemnaya kampaniya
Priyemnaya kampaniya  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 27.07.2022
Obuna bo‘lish
DTM barcha abituriyentlarga qabulning so‘nggi soatlarini kutmasdan ertaroq ro‘yxatdan o‘tishni tavsiya qilmoqda.
TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. Bugun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish yakunlanadi.
Abituriyentlar bugun 23:59 ga qadar my.dtm.uz va my.gov.uz saytlari orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari va test sinovi uchun to‘lovni amalga oshirishlari (oldingi yillar bitiruvchilari) mumkin.
Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar esa oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan qabul komissiyalarida ro‘yxatga olinadi.
“Abituriyentlar kun yakuniga qadar ro‘yxatdan o‘tish bilan birga o‘z ma’lumotlari va tanlagan ta’lim yo‘nalishlarini o‘zgartirishlari mumkin”, deyiladi xabarda.
Davlat test markazi barcha abituriyentlarga muvaffaqiyat tilagan holda qabulning so‘nggi soatlarini kutmasdan ertaroq ro‘yxatdan o‘tishni hamda ta’lim yo‘nalishlari va tanlov ustuvorligini belgilashda e’tiborli bo‘lishni tavsiya qilmoqda.
Ma’lumot uchun, o‘qishga kirish uchun my.dtm.uz va my.gov.uz saytlari orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 26-iyul holatiga 1 118 422 nafarni tashkil etmoqda.
DTM ro‘yxatdan o‘tgan, lekin ta’lim yo‘nalishini tanlamagan abituriyentlarning mobil telefonlariga sms orqali xabar yubormoqda. Qolaversa, abituriyentlarga 27-iyul ta’lim yo‘nalishlarini tanlash va to‘lovni amalga oshirishning oxirgi kuni ekanligi haqida ham ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, abituriyentlarni ro‘yxatga olish 20-iyunda boshlangandi.
Yangiliklar lentasi
0