Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Xalqlar do‘stligi kuni bilan tabrikladi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaPrezident Shavkat Mirziyoyev prinyal uchastie v torjestvax po sluchayu prazdnika Navruz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev prinyal uchastie v torjestvax po sluchayu prazdnika Navruz. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 30.07.2022
Obuna bo‘lish
Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Xalqlar do‘stligi kuni bilan tabrikladi
TOShKENT, 30-iyul — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Xalqlar do‘stligi kuni bilan tabrikladi.
“Qadrli do‘stlar!
Avvalo, Sizlarni, butun O‘zbekiston xalqini 30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Ko‘pmillatli xalqimizning mustaqillik yillarida erishgan eng katta boyliklaridan biri – “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” degan shior ostida mamlakatimizda millatlararo do‘stlik va ahillikni saqlay olganimiz hisoblanadi, desak, adashmagan bo‘lamiz.
Bizning barcha yutuqlarimiz – u xoh tashqi yoki ichki siyosatda bo‘ladimi, xoh iqtisodiy yoki madaniy-gumanitar sohalarda bo‘ladimi – qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlarimiz zamirida jamiyatimizdagi osoyishtalik va totuvlik hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xalqimizda “Tinch elning bog‘i gullar”, degan hikmat bejiz aytilmagan. Mana shu tinchlik bor ekan – taraqqiyot mavjud. Mana shu totuvlik bor ekan – kelajagimiz ham, albatta, yorug‘ bo‘ladi.
Barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz, hozirgi globallashuv davrida jahonda murosasiz raqobat, qurolli to‘qnashuvlar, mafkuraviy nizolar, aholi, ayniqsa, yoshlarning qalbi va ongini egallash uchun kurashlar, terrorizm, ekstremizm, separatizm, odam savdosi kabi tahdidlar ayovsiz tus olmoqda.
Iqtisodiy inqiroz, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi natijasida turli xavf-xatarlar tobora kuchayib, insonlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik, rahm-shafqat, mehr-oqibat kabi muqaddas qadriyatlarga rahna solayotgani, tabiiyki, barchamizni tashvishga soladi.
Mana shunday murakkab zamonda doimo ogoh va hushor bo‘lib yashash, bebaho boyligimiz bo‘lmish barqarorlikni saqlash, jamiyatimizda ko‘pmillatli katta yagona oila tuyg‘usini kuchaytirish qanchalik muhim va dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganiga hammamiz guvohmiz.
Shu ma’noda, bu yil jonajon O‘zbekistonimizda ikkinchi bor nishonlanayotgan Xalqlar do‘stligi kuni yaxshi an’anaga aylanib, el-yurtimiz o‘rtasida hamjihatlik, o‘zaro totuvlikni ta’minlash va do‘stlik aloqalarini rivojlantirishda beqiyos o‘rin tutadi, deb ishonamiz”.
“Barchamiz uchun Vatan bitta. Biz – O‘zbekiston degan jannatmakon yurtning farzandlarimiz. Bizning – shu tabarruk zaminda yashayotgan har bir millat vakillarining o‘tmishimiz ham, bugungi taqdirimiz va kelajagimiz ham bir. Bizni ulug‘ va mushtarak maqsad birlashtiradi. U ham bo‘lsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligidir.
Mana shu ezgu niyat yo‘lida halol mehnat qilayotgan har bir yurtdoshimiz O‘zbekistonda o‘zining baxtu saodatini albatta topadi. Buning uchun davlatimiz, jamiyatimiz bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.
Sizlarni Xalqlar do‘stligi kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tilayman”, - deya Shavkat Mirziyoyev tabrigini yakunlagan.
Prezident tabrigining to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
Yangiliklar lentasi
0