Iqtisod

Oʻzbekiston va Bangladesh qator sohalarda hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi

© Foto: Press-slujba MIVT UzbekistanaFlagi Uzbekistana i Bangladesh
Flagi Uzbekistana i Bangladesh - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 31.07.2022
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Tomonlar "Oʻzbekiston – Chabahar porti – Chitagong porti" yoʻnalishi boʻyicha ilk bor yuklarni tashib koʻrish, Toshkent – Dehli – Dakka yoʻnalishda aviaqatnovni tashkil etishni rejalashtirmoqda.
TOSHKENT, 31 iyul — Sputnik. Oʻzbekiston va Bangladesh savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida bir qator jiddiy kelishuvlarga erishdi. Xususan, tomonlar yangi transport yoʻlagini sinab koʻrish, sanoat hamkorligi dasturini ishlab chiqish niyatida.
Bu haqda Bosh vazir oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligida Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining Bangladeshga tashrifi davomida maʼlum boʻldi.

Sanoat

Tomonlar Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisidagi Bitimni faollashtirishga hamda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxonalar tashkil etilishini ragʻbatlantirishga kelishib oldilar.
Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston va Bangladesh oʻrtasida 2023 yilgacha IT-texnologiyalar, charm sanoati kabi ustuvor yoʻnalishlarda loyihalarni amalga oshirish, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha Oʻzbekistonning erkin iqtisodiy zonalarida toʻqimachilik klasterlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi Sanoat sohasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish rejalashtirildi.
Kimyo, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, toʻqimachilik, charm-poyabzal va farmatsevtika sanoatida qoʻshma korxonalar tashkil qilish hamda ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish orqali sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha yakdil qarorga kelindi.

Farmatsevtika

Farmatsevtika sohasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tomonlar Oʻzbekiston Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi va Bangladesh Farmatsevtika sanoati assotsiatsiyasi oʻrtasida Oʻzbekiston va Bangladeshda ishlab chiqarilgan dori vositalarini ikki mamlakat hududida roʻyxatdan oʻtkazishni soddalashtirishni nazarda tutuvchi Hamkorlik toʻgʻrisida memorandumni imzolashga kelishib olindi.

Oziq-ovqat

Mamlakatlar oziq-ovqat xavfsizligi, shu jumladan, urugʻchilik sohasida aniq chora-tadbirlar va amalga oshirish mexanizmlari belgilab qoʻyilgan Qoʻshma tadqiqotlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda Oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitimni imzolashni tezlashtirish yuzasidan yakdil qarorga keldi.

Transport va savdo-sotiq

Taʼminot zanjirlarining logistikasini takomillashtirish va kamxarajat transport yoʻnalishlari boʻyicha takliflar ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi. Shu nuqtai nazardan, "Oʻzbekiston – Chabahar porti – Chitagong porti" yoʻnalishi boʻyicha ilk bor yuklarni tashib koʻrish, shuningdek, " Uzbekistan Airways" va "Biman Airlines" Bangladesh milliy aviatashuvchisi oʻrtasida Toshkent – Dehli – Dakka yoʻnalishda aviaqatnovni tashkil etish boʻyicha kod-shering (reyslarni hamkorlikda ekspluatatsiya qilish) shartnomasini tuzishga kelishildi.
Savdo munosabatlarini faollashtirish va oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun tarif va notarif tartibga solishni oʻz ichiga olgan kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish muhimligi taʼkidlandi. Ushbu nuqtai nazardan, tegishli vazirlik va idoralarga ikki tomonlama savdoni ragʻbatlantirishga qaratilgan bir qator muhim kelishuvlar boʻyicha muzokaralarni jadallashtirish vazifasi yuklatildi.

Viza masalalari

Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarining oʻzaro tashriflari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida diplomatik pasport egalarining oʻzaro vizasiz safarlari toʻgʻrisidagi shartnomani ishlab chiqish, shuningdek, ishbilarmonlar uchun viza rejimini engillashtirish borasida konsullik xizmatlari oʻrtasida maslahatlashuvlar oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Madaniyat va turizm

Oʻzbekiston va Bangladesh oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganligining 30 yilligi munosabati bilan 2022 yil davomida Bangladeshda Oʻzbekiston madaniyati kunlari va Oʻzbekistonda Bangladesh madaniyati kunlarini oʻtkazishga kelishildi. Bundan tashqari, turizm sohasidagi hamkorlikni jadallashtirish, jumladan, "Umra+" dasturi doirasida tranzit yoʻnalishlari boʻylab oʻtayotgan Bangladesh ziyoratchilarining Oʻzbekistonning turizm infratuzilmasidan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Dakka shahrida Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonasini ochish imkoniyati muhokama qilindi. Ramziy maʼnoda ushbu tadbirni mamlakatlar oʻrtasida ikki tomonlama munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligiga bagʻishlash taklifi bildirildi.
Yangiliklar lentasi
0