Iyul oyida yil boshidan beri ilk bor deflyatsiya qayd etildi

© Pixabay / Alexas_FotosKorzina v supermarkete
Korzina v supermarkete - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.08.2022
Obuna bo‘lish
Iste’mol bozoridagi narxlarning o‘rtacha darajasi pasayishiga mavsumiy omillar sabab bo‘lgan.
TOShKENT, 1 avg — Sputnik. 2022 yilning iyul oyida iste’mol bozoridagi narxlarning o‘rtacha darajasi 0,1 % ga pasaydi, ya’ni deflyatsiya qayd etildi. Bundan Davlat statistika qo‘mitasi chop qilgan yangi hisobotdagi raqamlar darak bermoqda.
Qayd etilishicha, dastlabki yetti oyda iste’mol bozorida narxlarning o‘sish sur’ati 6,4 % ga yetdi, o‘rtacha oylik o‘sish sur’ati esa 0,9 % ni tashkil etdi. Yillik nisbatda (2021 yilning iyul oyiga nisbatan) iste’mol sektorida narxlarning o‘sish sur’ati 12,3 % ni tashkil etdi.
Iyul oyida narxlar va tariflar oshishi bo‘yicha yetakchilik nooziqovqat mahsulotlarga tegishli bo‘lib, oy davomida ularning narxlari o‘rtacha 0,9 % ga oshdi. Xizmatlar oy davomida 0,3 % ga qimmatlashdi.
Mavsumiylik oziq-ovqat mahsulotlari narxlari dinamikasini aniqlashda hal qiluvchi omil bo‘ldi. Ularning narxlari oy davomida 1,0 % ga arzonlashdi.
Joriy yilning yanvar-iyulida narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilikni oziq-ovqat mahsulotlari saqlab qoldi. Yil boshidan ular 7,7 % ga qimmatlashdi. Keyingi o‘rinda nooziq-ovqat mahsulotlar joylashib, ushbu davrda 6,7 % ga qimmatlashdi. Xizmatlar narxlarining o‘sish sur’ati 3,5 % ni tashkil etdi.
Iyul oyida yillik nisbatda boshqalarga qaraganda oziq-ovqat mahsulotlari sezilarli darajada qimmatlashib, o‘tgan yilning iyuliga nisbatan ularning narxlari 16,3 % ga oshgan. Nooziq-ovqat mahsulotlar va pullik xizmatlar ushbu davrda mos ravishda 11,1 % va 6,9 % ga qimmatlashgan.
Iyul oyida meva-sabzavot mevalar va yong‘oqlar (14,2 %) hamda sabzavotlar (1,7 %) keskin arzonlashdi. Uzun boshoqli guruch (2,8 %), oq-qand (2,6 %), guruch oqshog‘i (2,4 %) va shakar (2,3 %) qimmatlashgan.
Narxlar tushishi tuxum (-5,0 %), sut (-1,3 %) hamda tovuq go‘shtida (0,2-0,6 %) qayd etildi.
Yillik nisbatda narxlar oshishi bo‘yicha birinchi o‘rin piyoz (3,3 barobar), pasayish bo‘yicha sabziga (-37,1 %) tegishli bo‘ldi.
Moliyaviy xizmatlardan joriy yilning iyul oyida elektron to‘lov tizimlari orqali pul mablag‘larini yuborish bo‘yicha xizmatlar (14,0 %) boshqalarga qaraganda yuqori darajada qimmatlashdi. Bank muassasalari xizmatlari oy davomida 4,6 % ga qimmatlashdi, pul o‘tkazmalari esa aksincha, 0,2 % ga arzonlashdi.
Yangiliklar lentasi
0