O‘zbekistonda avtomobil savdosi sezilarli oshdi

© SputnikAvtomobilnaya infrastruktura
Avtomobilnaya infrastruktura - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 02.08.2022
Obuna bo‘lish
Avtomobillar savdosining keskin o‘sishi davlat boji to‘liq bekor qilinishi bilan bog‘liq – tafsilotlar.
TOShKENT, 2 avg — Sputnik. Yil boshidan buyon mamlakatning barcha hududlarida avtomobil savdosi sezilarli darajada oshdi. Bu haqida Iqtisodiy tadqiqotlar markazi (CERR) xabar berdi.
O‘zbekiston avtomobil bozoridagi holat tahlil natijasiga ko‘ra, shu yilning 1-yarmida mamlakatda 712 mingta avtotransport vositalari oldi-sotdisi amalga oshirilgan. Bu o‘tgan yilning 1-yarmiga nisbatan 2,1 barobar ko‘p.
Hududlardagi o‘sish ko‘rsatgichlari:
Namanganda 3 barobar (+45,4 ming);
Andijonda 2,5 barobar (+32,2 ming);
Buxoroda 2,4 barobar (+24,7 ming);
Surxondaryoda 2,4 barobar (+23,9 ming);
Farg‘onada 2,4 barobar (+45,7 ming).
Birlamchi bozor
Ro‘yxatga olingan avtotransport vositalari umumiy sonining 24% yangi transport vositalaridir. Birlamchi bozorda xarid qilingan avtomobillar soni (mahalliy ishlab chiqarish – 160,3 ming, xorijiy – 9,8 ming) 170 ming donani tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davriga (103 ming) nisbatan 1,6 barobarga (+67 ming) o‘sdi.
Hududlar kesimida eng ko‘p o‘sish Toshkentga (1,7 barobar) to‘g‘ri keldi.
Shuningdek, o‘sish Farg‘ona (1,8 barobar), Samarqand (1,6 barobar), Xorazm (1,8 barobar), Andijon (1,7 barobar) va Buxoro (1,7 barobar) viloyatlarida ham kuzatildi.
Ikkilamchi bozor
Joriy yil boshidan buyon 542 ming dona avtotransport vositalari sotilgan. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning birinchi yarmida o‘rtacha 224 ming donaga teng bo‘lgan.
Avtomobillar savdosining bunday keskin o‘sishi 1-yanvardan boshlab avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘imning, shuningdek, oldi-sotdi shartnomasini notarial tasdiqlaganlik uchun undiriladigan davlat boji to‘liq bekor qilinishi bilan bog‘liq.
Xorijiy avtomobillar savdosi
Joriy yilning 1-yarmida yangi chet elda ishlab chiqarilgan avtotransport vositalari oldi-sotdi shartnomalari soni 9,8 mingtani tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1,5barobarga oshgan.
Chet elda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosining 51 foizga yaqini Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. Hududlar kesimida bu ko‘rsatkich mos ravishda Toshkent - 9%, Qashqadaryo - 7%, Samarqand - 6%, Buxoro - 5%, Navoiy - 5%, Xorazm - 4% va Andijon - 3% viloyatlarida qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda so‘nggi 2-yil ichida aholining yavtomobillarga bo‘lgan talabi 29,6 %ga oshgani ma’lum qilingandi. Tahlil natijasiga ko‘ra, pandemiyaga qaramasdan 2020-yilda O‘zbekistonda 2019-yilga nisbatan avtomobil savdosi o‘sishi kuzatilgan.
Yangiliklar lentasi
0