Siyosat

Nikoh tuzishdagi bir oylik muddatni bekor qilishga oid qonun rad etildi

© Oliy Majlis SenatiNikohni qayd etishdagi muddatlar oʻzgarishsiz qoldi
Nikohni qayd etishdagi muddatlar oʻzgarishsiz qoldi - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 04.08.2022
Obuna boʻlish
NovostiTelegram
Senatorlar nikohni qayd etishdagi muddatlarni oʻzgartirish chuqur tahlillarga asoslanishi lozim degan xulosaga kelishdi.
TOSHKENT, 4 avg — Sputnik. Senatorlar nikoh tuzishdagi bir oylik muddatni bekor qilishga oid qonunni rad etishdi. Bu haqda Senatining yigirma toʻqqizinchi yalpi majlisida maʼlum qilindi.
Senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunni muhokama qilish jarayonida qayta koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan qator masalalar borligini qayd etib oʻtishdi.
Aytilishicha, Oila kodeksining amaldagi 13-moddasiga kiritilayotgan oʻzgartishlarlarga asosan, nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganidan keyin bir oy oʻtgach emas, balki ariza berganidan va belgilangan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtganidan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Ammo, fuqaro organlarga ariza berganidan va belgilangan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtganidan keyin qancha muddat davomida oʻtkazilishi noaniqligicha qolgan.
Shunga koʻra, mazkur normaning qabul qilinishi alohida hollarda, yaʼni homiladorlik, bola tugʻilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlarda nikohni ariza berilgan kunning oʻzida tuzish imkoniyatini cheklashga olib kelishi va bu oʻz navbatida nikohlanuvchi shaxslarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlishi mumkinligi qayd etildi.
Shuningdek, Oila kodeksining amaldagi 17-moddasiga qonun bilan kiritilayotgan oʻzgartishga asosan, 50 yoshdan oshgan nikohlanuvchi shaxslar yoki oʻrtada bolasi (bolalari) boʻlgan nikohlanuvchi shaxslar uchun, shuningdek homilador ayol va uning tugʻilajak bolasini oʻz bolasi deb tan oluvchi shaxs uchun tibbiy koʻrikdan oʻtish ixtiyoriy hisoblanishi koʻrsatilmoqda.
Bundan tashqari, amaldagi tahrirda nazarda tutilgan bir tarafning kasalligi mavjud hollar Oila kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartishlar jarayonida eʼtibordan chetda qoldirilgan. Bu esa, oʻz navbatida bu toifadagi shaxslar huquqlarining cheklanishiga olib keladi.
Shu bilan birga, Oila kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartishga koʻra nikohni qayd etishning bir oylik muddatini bekor qilish hamda nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berilganidan va belgilangan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtilgandan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Biroq ushbu normani kiritishda takliflar yetarli darajada asoslantirilmagan, shuningdek milliy va xorijiy mamlakatlar tajribasi chuqur oʻrganilib, tahlil qilinmagan.
Qayd etilishicha, milliy qonunchilik tizimi oʻzaro yaqin boʻlgan boshqa bir qator xorijiy va MDH davlatlarida ushbu muddatlar hali ham mavjud.
Rossiya (1 oydan kam boʻlmagan va 12 oydan koʻp boʻlmagan muddatda);
Armaniston (1 oydan kam boʻlmagan 3 oydan koʻp boʻlmagan);
Ozarbayjon va Qozogʻiston (1 oy muddatda).
Senatorlar nikohni qayd etishdagi muddatlarni oʻzgartirish chuqur tahlillarga asoslanishi lozim degan xulosaga kelishdi.
“Nikohni qayd etishdagi muddatlarning mavjudligi nikohdan oʻtuvchilarning oʻz qarorlarini puxta oʻylab koʻrishlariga, yoshlar tomonidan shoshma-shosharlik bilan nikohdan oʻtishga yoʻl qoʻymaslikka, ularni oilaviy hayotga tayyorlashga, mamlakatda ajrashishlar sonining kamayishiga imkon berishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Yuqoridagilarga asoslanib, senatorlar bu qonunni rad qilishdi.
Yangiliklar lentasi
0