Sovrin 1 mln dollar: IT-startaplar uchun har yili prezident tanlovi o‘tkaziladi

© Sputnik / Maksim Bogodvid / Mediabankka o‘tishObrazovatelniy IT-proyekt
Obrazovatelniy IT-proyekt - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 23.08.2022
Obuna bo‘lish
Dasturchilar orasida umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lgan prezident sovrini uchun tanlov o‘tkaziladi.
TOShKENT, 23 avg — Sputnik. O‘zbekistonda 2023-yildan IT-startaplar uchun har yili prezident sovrini uchun tanlov o‘tkaziladi. Tanlov mukofot jamg‘armasi 1 million dollar. Bu prezident imzolagan “2022-2023 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda ko‘zda tutilgan.
Tanlovni o‘tkazishdan maqsad yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi startap loyihalarini yanada qo‘llab-quvvatlashdir.
“Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lgan Prezident sovrini uchun tanlov o‘tkazilsin”, - deyilgan hujjatda.
2022 yil 1-oktabrdan boshlab AKT sohasida IT-ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish hamda eksportga yo‘naltirish bo‘yicha startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov asosida 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan grantlar ajratish tartibi joriy qilinadi.
2022 yil 1-sentabrdan boshlab respublikaning barcha hududlarida AKTni qo‘llash orqali masofaviy xizmatlarni eksport qilish markazlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yilda mamlakatda axborot texnologiyalari sohasiga2 milliard dollar, shu jumladan 700 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltirilgan.
Davlat rahbari tashabbusi bilan barcha hududlarda IT-parklar ochilib, ular uchun alohida soliq rejimi joriy etilgan. O‘zini o‘zi band qilgan IT mutaxassislar soni yil boshidan 2,5 barobarga o‘sib, 43 ming nafarga yetdi. Maktab, litsey, kollej, texnikum va universitetlarda “Bir million dasturchi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Kelgusi besh yilda O‘zbekistonda axborot texnologiyalari xizmatlari eksportini 1 milliard dollarga yetkazishni reja qilingan.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev iyul oyida Yuqori Chirchiq tumanidagi akademiyada axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari va yoshlar bilan uchrashgan edi. O‘shanda IT sohasida prezident tanlovini o‘tkazish va uning sovrin fondiga 1 mln dollar ajratish taklifi bildirilgan edi.
Yangiliklar lentasi
0