Iqtisod

Nogironlik pensiyasini qayta hisoblash tartibi oʻzgarishi kutilmoqda

© Sputnik / Zafar XalilovSum
Sum - Sputnik Oʻzbekiston, 1920, 25.08.2022
Obuna boʻlish
NovostiTelegram
Agar qonun qabul qilinsa, 2023 yildan 75 ming nafar nogironligi boʻlgan shaxslarning pensiyalari oʻrtacha 300 ming soʻm qoʻshilishi mumkin.
TOSHKENT, 25 avg — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 24 avgust kuni boʻlib oʻtgan majlisda “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga oid qonun loyihasini birinchi oʻqishda qabul qilishdi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqti yoshga doir yoki boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi tayinlanayotganida stajga qoʻshib hisoblanadi. Bunda, nogironlik pensiyasi olayotgan fuqaro pensiya yoshiga yetganda yoki boquvchisini yoʻqotganda nogironlik pensiyasini olishni davom ettirsa (boshqa pensiya turiga oʻtmasa), I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqtini qoʻshib nogironlik pensiyasi qayta hisoblanmaydi.
Qonun loyihasi bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga pensiya tayinlangandan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega boʻlsa, ish staji va ish haqini hisobga olgan holda hamda kelgusida har 2 yilda nogironlik pensiya miqdorlarini qayta hisoblash amaliyoti joriy etiladi.
Moliya vazirligi rahbarining oʻrinbosari Jamshid Abruyev bugungi kunda Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan 782 ming kishi roʻyxatga olinganligini, ulardan 292 ming nafari mehnatga layoqatli ekanligini maʼlum qildi. Mehnatga layoqatlilarning atigi 15 foizi yoki 43,8 ming nafarining bandligi taʼminlangan.
“Qonun qabul qilingan taqdirda, 2023 yilda 75 ming nafar nogironligi boʻlgan shaxslarning pensiyalari oʻrtacha 300 ming soʻm qoʻshiladi. Kelgusida mehnat faoliyatini olib borganlarning pensiyasi har ikki yilda bir marta qayta hisoblab boriladi”, - dedi vazir oʻrinbosari.
Abruyevning soʻzlariga koʻra, bugungi kunda nogironlik pensiyasi miqdori 698 mingdan 2,7 million soʻmgacha tashkil etadi, oʻrtacha 1,1 million.
Qonunni amalga oshirish uchun 2023 yilda davlat byudjetidan yiliga qoʻshimcha 275 milliard soʻm kerak boʻladi.
Deputatlarning taʼkidlashicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi amaliyotda qoʻllashda yuzaga kelayotgan turli xil yondashuvlarning oldini olish, korruptsiogen faktorlarni keltirib chiqaruvchi holatlarga barham berish, ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib, nogironligi boʻlgan shaxslarning daromadini oshirishga xizmat qiladi.
Yangiliklar lentasi
0