Rossiya yulduzlari, “Garri Potter” filmi produseri - Toshkent kinofestivaliga kimlar keladi

Otkritie Tashkentskogo mejdunarodnogo kinofestivalya "Jemchujina Shelkovogo puti"
Otkritie Tashkentskogo mejdunarodnogo kinofestivalya Jemchujina Shelkovogo puti  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.08.2022
Obuna bo‘lish
“Sevgi iztirobi” va "Ko‘sem" kabi seriallardagi obrazlari bilan o‘zbekistonlik tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan turkiyalik mashhur aktorlar Kaan Urganjiog‘lu va Nurgul Yashilchay ham festival mehmoni bo‘lishadi.
TOShKENT, 25 avg — Sputnik. “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali 13-18 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tashkil etayotgan mazkur tadbir yuzasidan mutaxassislar Sputnik muxbiriga ayrim ma’lumotlarni taqdim etishdi.
Kinofestivalning asosiy tadbirlari Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, viloyatlar bo‘ylab, “Jahon kino kunlari”, o‘zbek va jahon kinoyulduzlari bilan uchrashuvlar, kinoforumlar, talabalar uchun “Kino 5 kunda” loyihasi, mahorat darslari, fotosessiyalar va yangi filmlar premyeralari o‘tkaziladi.
“Toshkent xalqaro kinofestivaliga 30 ga yaqin mamlakatdan 2000 ga yaqin mehmonlar, 50 dan ortiq taniqli kinoijodkorlar va mutaxassislar tashrif buyuradi. Har kuni ular bilan qizg‘in muloqotlar o‘tkazilmoqda. Hozirda kinofestival uchun “O‘zbekfilm” kinokonsernida maxsus xodimlar shtabi tashkil etilgan va jamoa ish olib borapti”, - dedi Kinematografiya agentligi bosh direktorining Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Barno O‘ngboyeva.
Kinofestival doirasida Rossiya xalq artistlari Vladimir Xotinenko, Viktor Verjbiskiy, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artistlar Aleksandr Fodorov, Stanislav Sokolov, ssenarist Arkadiy Inin, kinoshunos Tatyana Yakovleva va boshqalar tashrif buyuradi hamda ular ishtirokida mahorat darslari bo‘lib o‘tadi.
Mazkur mahorat darslari VGIKning Toshkent filiali talabalari va boshqa qiziquvchilar uchun tashkil etilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya hamkorligida suratga olingan bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan rossiyalik kinorejissor Eldar Salavatovning “Solnse na vkus” (“Quyosh ta’mi”) hamda Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist Farhod Mahmudovning “Podarok Peri” (“Parining sovg‘asi”) kabi filmlarning premyeralari bo‘lib o‘tadi.
“Kinofestivalda Buxoro viloyatida Rossiya, Ozarbayjon va Misr Arab mamlakatlarining kino kunlari o‘tkaziladi. Muxlislarni viloyat markazidagi eng zamonaviy kinoteatrlar, 3D formatdagi kinozallarda filmlarning maxsus namoyishlari va kinoijodkorlar bilan uchrashuvlar kutmoqda”, - dedi Kinematografiya agentligi Buxoro viloyati hududiy bo‘lim boshlig‘i Ali Choriyev.
Jumladan, 16-17 sentabr Buxoro shahridagi "Buxoro" kinoteatrida rossiyalik kinoyulduzlar ishtirokida “Rossiya kino kunlari”, Ozarbayjon kino kunlarining tantanali ochilishi, Ozarbayjon va mahalliy kino yulduzlari ishtirokida uchrashuvlar, Buxoro shahridagi "Ark cinema" kinozalida (Buxoro savdo majmuasi) “Misr Arab kino kunlari” bo‘lib o‘tadi.
Kinofestivalga turkiyalik taniqli kinoaktorlar “Kara sevda” ("Sevgi iztirobi") teleseriali bilan mashhur bo‘lgan Kaan Urganjiog‘lu, "Ko‘sem" va "Ishkomli uy" seriallari qahramoni Nurgul Yashilchay hamda jahonga mashhur “Garri Potter” filmining produseri Martin Smit ham tashrif buyuradi. Ular ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi.
Ma’lumot uchun, “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalining yopilish marosimi Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti doirasida o‘tkaziladi. Unda “Shanxay kino kunlari” tashkil etilib, ShHTga a’zo davlatlarning milliy filmlari namoyish qilinadi.

Mavzuga oid:

O‘zbekistonda kino oyligi bo‘lib o‘tadi
XIV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida qanday tadbirlar rejalashtirilmoqda
Yangiliklar lentasi
0