Toshkentda Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar ayol rahbarlari uchrashadi

© Sputnik / Viktor TolochkoFlagi stran SNG
Flagi stran SNG - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 06.09.2022
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda ilk bor Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar hamda hamkor xalqaro parlament tashkilotlarining ayol rahbarlari ishtirokida Sammit bo‘lib o‘tadi - tafsilotlar.
TOShKENT, 6 sen — Sputnik. O‘zbekistonda 8-9 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar ayol rahbarlarining sammitida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinadi. Bu haqida AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy Majlis Senati axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, MDX mamlakatlari orasida O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilayotgan mazkur sammitda Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar hamda hamkor xalqaro parlament tashkilotlarining ayol rahbarlari ishtirok etadi.
Sammit mavzusi “Parlament yetakchiligi: barqarorlik va farovonlikni yanada samarali ta’minlashda xavf-xatarlarni baholash”.
“Bu kabi keng miqyosli tadbir bundan avvalgi sammitlardan farqli o‘laroq unda Parlamentlararo ittifoqqa a’zo mamlakatlar parlamentlari palatalarining ayol yetakchilari (spikerlari), deputat ayollar, xalqaro parlamentlararo tashkilotlar vakillari, ya’ni 22 ta davlatdan 140 dan ortiq ishtirokchidan iborat nufuzli tarkib qatnashadi”, deydi Hojiakbar To‘laganov.
Sammitning asosiy maqsadi – COVID-19 pandemiyasi va u bilan bog‘liq inqiroz oqibatlarini hisobga olgan holda, barqarorlik va farovonlikni samarali ta’minlash maqsadida gender tengligini ta’minlash hamda ayollar va qizlarning huquqlarini kengaytirish bo‘yicha parlamentlar faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va harakatlarini belgilashdan iborat.
Sammit ishi "Pandemiyadan keyin global tiklanishga to‘sqinlik qiladigan xavflarni bartaraf etish” hamda "Texnologiyalar bilan bog‘liq xavflarning oldini olish va texnologiyalar olamida inson huquqlari hamda gender tenglikni himoya qilish” mavzularidagi ikkita sessiya doirasida tashkil etiladi.
Shuningdek, Sammit doirasida “Barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan gender masalalariga yo‘nalitirilgan parlamentlar” mavzusida maxsus segment majlisini o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Sammit doirasida tenglik, inklyuzivlik va atrof muhit muhofazasiga asoslangan barqaror rivojlanish nuqtayi-nazaridan iqtisodiyotni tiklash, qizlar va ayollar, shu jumladan, reproduktiv salomatlik sohasidagi zaifligini kamaytirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar hamda pandemiyadan keyin iqtisodiyotni tiklash bo‘yicha eng yaxshi amaliyotlar muhokama qilinadi.
Shuningdek, raqamli iqtisodiyot va mehnat sohasida texnologik innovatsiyalarni rag‘batlantirish kabi masalalar ham ko‘rib chiqiladi.
Ma’lumot uchun, Parlamentlararo ittifoq 200 ga yaqin mamlakatlarning parlamentlarini birlashtirgan bo‘lib, muloqot uchun eng yirik maydon hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, davlati rahbari Parlamentlararo Ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti ishtirokchilari hamda Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungongni qabul qilishi rejalashtirilgan.
Yangiliklar lentasi
0