Maktab darsliklari ijarasi doimiy bepul bo‘ladi

© Sputnik / Kirill Kallinikov / Mediabankka o‘tishPervoklassniki
Pervoklassniki - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 07.09.2022
Obuna bo‘lish
Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev darsliklar ijarasi uchun allaqachon pul bergan ota-onalar pullarini qaytarib olishlari mumkinligini ta’kidladi.
TOShKENT, 7 sen — Sputnik. O‘zbekistonda maktab darsliklari ijarasi doimiy ravishda bepul bo‘ladi. Bu haqda xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov 6-sentabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, “Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun bilan kitob jamg‘armasi budjeti tasdiqlangan. Unga ko‘ra, 2022-yilda kitob chop etish uchun 1,1 trln so‘m ko‘zda tutilgan. Shundan 605 mlrd so‘m davlat budjetidan yo‘naltiriladi, qolgani Budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Qonunchilikka ko‘ra, ushbu Jamg‘arma mablag‘lari ijara tushumlaridan shakllanishi belgilangan. Joriy yilda 500 mlrd so‘m ijara tushumidan qoplanishi kerak edi.
“Prezidentimizning inson qadrini ulug‘lash, aholiga yengillik yaratishga qaratilgan ezgu g‘oyalari asosida darsliklar ijarasi bepul bo‘ldi. Bu nima degani? Ya’ni, bu yil ijara tushumidan shakllanishi — ota-onalar to‘lashi kerak bo‘lgan 500 mlrd so‘mga yaqin pul davlat budjetidan to‘lab beriladi. E’tiborli tomoni, keyingi o‘quv yillari uchun ham maktab darsliklarining ijarasi bepul bo‘ladi”, - dedi Komilov.
Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev darsliklar ijarasi uchun allaqachon pul bergan ota-onalar maktabga murojaat qilib, shu mablag‘larini qaytarib olishlari mumkinligini ta’kidladi.
“Vazirlik birinchidan, darslik uchun ijara pulini yig‘maslik, ikkinchidan, agar yig‘ib bo‘lingan bo‘lsa, ota-onalarni xabardor qilib, qo‘llariga qaytarib berishni so‘rab murojaat qilib qoladi”, - deya qo‘shimcha qildi Sharifxo‘jayev.
Joriy o‘quv yilida o‘rtacha bir dona darslik (mashq daftari) uchun yagona ijara to‘lovi 5 707 so‘mni tashkil etishi kutilayotgan edi. Bu o‘tgan o‘quv yilidagi miqdor (2 740 so‘m)ga nisbatan 2 967 so‘mga ko‘p. Xalq ta’limi vazirligi bunga dunyo bozorida qog‘oz narxi va qog‘ozni mamlakatga yetkazib berish bo‘yicha transport harajatlarining keskin oshib ketishini sabab qilib ko‘rsatgandi.
Darsliklari va mashq daftarlarining ijara to‘lovlari miqdorlari keskin oshirilishi jamoatchilik, ota-onalarlarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-sentabr kuni darsliklarni bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriq berdi.
Prezident Administratsiyasi huzuridagi ishchi guruh maktab darsliklarini o‘rganishga kirishdi
Yangiliklar lentasi
0