MDH mamlakatlarida internet-resurslarning Yagona reyestri yaratilishi kutilmoqda

© Ichki ishlar vazirligiIchki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov
Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 09.09.2022
Obuna bo‘lish
MDHga a’zo davlatlar Ichki ishlar vazirlari kengashida bir qator hujjatlar imzolandi – tafsilotlar.
TOShKENT, 9 sen — Sputnik. MDH mamlakatlarida internet-resurslarning Yagona reyestrini yaratilishi kutilmoqda. Bu haqida IIV xabar berdi.
Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi IIV delegatsiyasi Cho‘lpon-ota (Qirg‘iziston)da bo‘lib o‘tgan MDHga a’zo davlatlar Ichki ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.
Uchrashuvda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo dasturlarni amalga oshirishda MDH mamlakatlari Ichki ishlar vazirliklari va politsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, 2024-2028 yillarga mo‘ljallangan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar Davlatlararo dasturi loyihasini tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Majlisda imzolangan hujjatlar:
MDHga a’zo davlatlarning milliy qonunchiligiga muvofiq blokirovka qilinishi shart bo‘lgan internet-resurslarning Yagona reyestrini yaratishning maqsadga muvofiqligi;
Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarini noqonuniy tarqatishga qarshi kurashish;
Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar fuqarolari tomonidan jinoiy va boshqa javobgarlikdan bo‘yin tovlash maqsadida fuqarolikni o‘zgartirish institutidan foydalanishining oldini olish;
Shuningdek, boshqa masalalar borasida ham qator hujjatlar imzolandi.
“Kengash a’zolari Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining ishchan va konstruktiv ruhda, do‘stlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitida o‘tgan tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rganligini ta’kidlab, uning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi borasidagi sa’y-harakatlariga yuqori baho berishdi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Kengash majlisida Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston respublikalari, Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirlari hamda MDHga a’zo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish Burosi direktori ishtirok etishdi.
Yangiliklar lentasi
0