Gulnora Karimova jinoiy aktivlarini qaysi davlatlarda saqlagani ma’lum bo‘ldi

© Sputnik / Valeriy Levitin / Mediabankka o‘tishDen rojdeniya osnovatelya yuvelirnogo doma De Grisogono
Den rojdeniya osnovatelya yuvelirnogo doma De Grisogono - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 13.09.2022
Obuna bo‘lish
Karimovaning xorijdagi mulklari 14,3 trillion so‘mni tashkil etib, ularni hisobiga 1400 tadan ortiq maktab qursa bo‘ladi.
TOShKENT, 13 sen — Sputnik. Gulnora Karimova va uning boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh a’zolarining Shveysariyadan tashqari Fransiya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Latviya va Rossiya kabi davlatlarda ham aktivlari bo‘lgan. Bu haqda kecha bo‘lib o‘tgan brifingda Adliya vaziri o‘rinbosari Muzrof Ikromov ma’lum qildi.
Ikromovga ko‘ra, ayni vaqtda mazkur jinoiy aktivlarini qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Gulnora Karimova va uning sheriklari aktivlarga ega bo‘lgan davlatlar:
Fransiya.Fransiya Respublikasidan 2020 va 2021-yillarda taqriban jinoiy uyushgan guruh a’zolariga tegishli ko‘chmas mulklarni (Parij shahri yaqinidagi 2 ta qasr) sotilishi natijasida 20 million dollarga teng pul mablag‘lari O‘zbekistonga qaytarilgan.
Belgiya Qirolligi. Belgiya Qirolligida ham jinoiy uyushgan guruhga tegishli bo‘lgan aktivlar joylashgan. Ularni qaytarish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi mutasaddi tashkilotlari hamda Belgiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.Ta’kidlanishicha, Belgiyada tergov jarayoni tugamagani sababli (tergov siri), ushbu aktivlar haqida ko‘p ma’lumot oshkor qilish imkoniyati mavjud emas.
Buyuk Britaniya. Buyuk Britaniyada Gulnora Karimova va uning sheriklariga tegishli bo‘lgan umumiy qiymati 10 million funt sterling miqdoridagi mablag‘lar va 3 ta ko‘chmas mulkning taqdiri Londonning Oliy sudida ko‘rib chiqilyapti.
Latviya Respublikasi. Latviya Respublikasida ham bir talay aktivlar mavjud. Latviya sud organlari tomonidan 2018-yil O‘zbekiston Respublikasida chiqarilgan hukmlar (Latviyada joylashgan aktivlarni O‘zbekiston daromadiga musodara qilish haqida) tan olingan. Aktivlar 15 million dollarga teng mablag‘lar, 850 unsiyaga (26 kg) teng oltin sertifikatlari hamda Riga shahrida joylashgan madaniy-ko‘ngilochar majmuadan tashkil topgan.
“Biroq, afsuski, bu boradagi barcha ishlar ham osonlikcha amalga oshayotganligi yo‘q. Masalan, Latviyadagi yuqoridagi aktivlarni qaytarishda murakkabliklar yuzaga kelmoqda. Shunga qaramay, ushbu davlatdagi aktivlarni qaytarish bo‘yicha ishlar qat’iy izchillik bilan davom ettirilmoqda”, - deydi Adliya vaziri o‘rinbosari.
Rossiya. 2021-yil noyabr oyida Moskva shahrida joylashgan aktivlarni (6 ta xonadon) O‘zbekiston daromadiga o‘tkazilishi haqida Moskva shahar sudining qarori chiqarilgan.Hozirgi paytda, ushbu ko‘chmas mulk obyektlarini Rossiya sud ijrochilari tomonidan sotish jarayoni davom etmoqda. Sotish natijasida kelib tushgan pul mablag‘lari O‘zbekiston va Rossiya foydasiga teng ulushlarda bo‘linishi Moskva shahar sudining qarorida o‘z aksini topgan.
Bundan tashqari, boshqa mamlakatlarda ham Gulnora Karimova va uning jinoiy sheriklari tomonidan noqonuniy orttirilgan va O‘zbekistondan olib chiqilgan aktivlarni qaytarish bo‘yicha bir qator davlatlarda ish olib borilmoqda. Jinoiy aktivlarning umumiy qiymati qariyb 1,3 mlrd dollarni tashkil etadi.
Muzrof Ikromovning ta’kidlashicha, o‘z navbatida hozirgi kunga kelib, mazkur pullar 14,3 trillion so‘mni tashkil etib, ularni hisobiga 1400 tadan ortiq maktab qursa bo‘ladi.
Yangiliklar lentasi
0