Quyosh va shamol elektr stansiyalarini xarid qilganlik uchun kompensatsiya to‘lanadi

© Sputnik / Mixail Voskresenskiy / Mediabankka o‘tishSolnechnie paneli
Solnechnie paneli - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 15.09.2022
Obuna bo‘lish
TOShKENT, 15 sen — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev “Energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga ko‘ra, 2022-yil 1-oktabrdan boshlab jismoniy shaxslar mamlakatda ishlab chiqarilgan quyosh va shamol elektr stansiyalari va quyosh suv isitgichlarini 3-yil mobaynida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sotib olishlari mumkin.
Shunga o‘xshash qurilmalarni o‘rnatgan va ularning qiymatini to‘liq to‘lagan shaxslar xarajatlarining bir qismi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiya tejash jamg‘armasi hisobidan qoplanadi. Bu maqsadlar uchun 2022-yil yakuniga qadar davlat budjetidan jamg‘armaga 100 mlrd so‘m yo‘naltirish topshirilgan. Kompensatsiya miqdori qurilmaning quvvatidan kelib chiqqan holda bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 5 baravaridan 50 baravarini tashkil etadi.
Quyosh yoki shamol elektr stansiyasini o‘rnatganlik uchun kompensatsiyalar miqdori:
0,5 kVtdan 1 kVtgacha – BHM 7 baravari (2,1 mln so‘m);
1 kVtdan 1,5 kVtgacha – BHM 10 baravari (3 mln so‘m);
1,5 kVtdan 2 kVtgacha – BHM 15 baravari (4,5 mln so‘m);
2 kVt va undan yuqori – BHM 20 baravari (6 mln so‘m);
5 kVt va undan yuqori – BHM 50 baravari (15 mln so‘m).
Kompensatsiya faqatgina yangi yerlar o‘zlashtirilganda va tik quduqlarda o‘rnatilgan suv nasoslarining elektr energiyasi iste’moli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari orqali ta’minlanganda beriladi.
Quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatganlik uchun kompensatsiyalar miqdori:
Suv isitish hajmi 100 litr (yoki suv isitish uchun kunlik 4 kVt/soat energiya ishlab chiqaruvchi qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmasi) – BHM 5 baravari (1,5 mln so‘m);
Suv isitish hajmi 200 litr (yoki suv isitish uchun kunlik 8 kVt/soat energiya ishlab chiqaruvchi qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmasi) – BHM 7 baravari (2,1 mln so‘m).
Mahalliy ishlab chiqaruvchilardan, shuningdek, mahalliy chakana savdo obyektlarida, shu jumladan, elektron tijorat orqali qurilmalarni yetkazib beradigan va o‘rnatadigan korxonalardan qurilmalar sotib olinganida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi yoki yakuniy chakana narxdan kompensatsiya miqdori chegirib tashlanadi.
Shuningdek, farmon 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan quyidagilarni nazarda tutadi:
hududlardagi 34 mingdan ortiq obyektlarda, shu jumladan 619 ta "Yangi O‘zbekiston" massivi va 28 mingdan ziyod xonadonlarda muqobil energiya manbalarini joriy qilish;
vazirlik va idoralar kesimida 6 mingdan ortiq obyektlarda energiya sarfi hajmida muqobil energiya manbalari ulushini 30 foizga yetkazish. Vazirlik va idoralar ham budjetdan tashqari jamg‘armalarning mablag‘laridan foydalanishlari mumkin.
Hokimliklarga "temir daftar"ga kiritilgan oilalarga (har bir xonadonga quvvati 1 kVtgacha bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi va (yoki) hajmi 100 litrdan kam bo‘lmagan quyosh suv isitish qurilmasi) qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘lar hisobidan o‘rnatilishini ta’minlash topshirilgan. 2022-yilda ehtiyojmand oilalarning 20 foizi va 2023-yilda 80 foizi olishlari kerak.
Qurilmalar egalari (jismoniy va yuridik shaxslar) quvvati 1 MVtgacha bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va davlat vakolati berilgan organga sotish mumkin. Narx tarzda II guruh iste’molchilari uchun belgilangan tarifning 80 foizi miqdori (bugungi kunda – 360 so‘m). Kamida 10-yil muddat davomida xarid qilish imkoniyati yaratiladi.
Asosiy faoliyati quyosh, shamol elektr stansiyalari va kichik GES ishlab chiqarish va o‘rnatish bo‘lgan yuridik shaxslar, shu jumladan. 2025-yilgacha tashkil etilgan yangi yuridik shaxslar tadbirkorlik subyektlari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan kundan boshlab 3-yil davomida foyda solig‘i va mol-mulk solig‘ini belgilangan stavkalarning 50 foizi miqdorida to‘laydi.
Yangiliklar lentasi
0