Madaniyat vazirligi Farg‘onada fonogrammada qo‘shiq kuylash taqiqlanishiga munosabat bildirdi

© Depositphotos.com / BelchonockMolodaya devushka u mikrofona
Molodaya devushka u mikrofona - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 19.09.2022
Obuna bo‘lish
Vazirlik bayram tadbirlarida fonogrammada qo‘shiq aytishni taqiqlash tashabbusi amaldagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmasligini ma’lum qilgan.
TOShKENT, 19 sen — Sputnik. Madaniyat vazirligi Farg‘onada viloyat bayram tadbirlarida fonogrammada qo‘shiq aytish taqiqlanishi haqidagi xabarga munosabat bildirdi.
Vazirlik Farg‘ona viloyati hokimligining madaniyat va san’at sohasini yangi bosqichga olib chiqish jarayoniga hissa qo‘shishga qaratilgan tashabbuslari e’tiborga loyiqligini ta’kidlagan.
“Biroq viloyat bayram tadbirlarida fonogrammada qo‘shiq aytishni taqiqlash borasidagi tashabbus amaldagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmaydi”, - deyiladi xabarda.
Vazirlik doimo jonli ijro tarafdori bo‘lib kelgani va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolishini qayd etgan.
“Lekin biz fonogrammani taqiqlash evaziga emas, balki jonli ijroni rag‘batlantirish, san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlash hisobiga uni yanada keng ommalashtirish istagidamiz”, - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, prezidentning tegishli farmoni bilan davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to‘liq jonli ijro asosida o‘tkazilgan konsert dasturlari uchun ijara to‘lovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etilgan. Bugungi kungacha ko‘plab san’atkorlar ushbu imtiyozdan foydalandi va foydalanmoqda. Mazkur rag‘bat boshqa qo‘shiqchilarning ham jonli ijroga bo‘lgan xohish-istagini kuchaytirmoqda.
Vazirlik fonogrammadan esa, masalan, televidenie uchun tasvirga olinadigan loyihalar, konsert dasturlari, bayram tadbirlarida sifatni ta’minlash maqsadida rejissor talabi bilan ayrim o‘rinlarda foydalanilishini ta’kidlagan. Bunday yondashuv rivojlangan davlatlarda ham mavjud.
“Shu jihatdan Farg‘ona viloyati hokimligidan hududda bo‘ladigan bayram tadbirlarida fonogrammada qo‘shiq aytishni taqiqlash emas, balki jonli ijrochilarni rag‘batlantirish, ularga yanada kengroq imkoniyat berish pozitsiyasidan kelib chiqib yondashishni so‘rab qolamiz”, - deyiladi vazirlik bayonotida.
Madaniyat vazirligi mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanligini, soha rivoji uchun bildiriladigan takliflarni ko‘rib chiqib, inobatga olishni ma’lum qilgan
Avvalroq Farg‘ona viloyati hokimining Farg‘onada viloyat bayram tadbirlarida fonogrammada qo‘shiq aytish taqiqlanishi, ijrochilar sahnada cholg‘uchilar bilan birga jonli ijroda kuylashi borasidagi ko‘rsatmasi ma’qullangani xabar qilingan edi.
Yangiliklar lentasi
0