Samarqand Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasiga aylanadi – Mirziyoyev

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 19.09.2022
Obuna bo‘lish
Prezident Samarqand Yangi O‘zbekistonning “tashrif qog‘ozi”ga aylanishiga aminligini aytdi.
TOShKENT, 19 sen — Sputnik. Samarqand O‘zbekiston tarixida yangi turizm darvozasiga aylanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda davlat rahbari o‘tgan hafta Samarqandda yangi barpo etilgan Turistik markazda yirik xalqaro tarixiy tadbir – Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitini yuqori saviyada o‘tkazilganini qayd etdi. Bunda o‘zbek xalqi, davlati yuksak madaniyati va bunyodkorlik salohiyatini yana bir bor namoyon etgan.
“Samarqandda barpo etilgan yangi aeroport, 8 ta mehmonxona, kongress-xoll, park, boshqa ko‘ngilochar va dam olish majmualari – mamlakatimiz tarixida yangi turizm darvozasi va Yangi O‘zbekistonning “tashrif qog‘ozi”ga aylanishiga aminman", - dedi prezident.
Mirziyoyev endi ularni mamlakat aholisi va xorijiy sayyohlar uchun ishlatish kerakligini ta’kidladi.
Shu bois Tashqi ishlar vazirligiga:
“Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” targ‘ibot kampaniyasini o‘tkazish;
Samarqandga sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.
Elchixonalar oldiga xorijiy mamlakatlarda targ‘ibot kampaniyasi, xorijiy ommaviy axborot vositalari, mashhur turistik blogerlar uchun press-turlar tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
“Endi transport vaziri Mahkamov ham uyg‘onadigan vaqt keldi”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Transport vazirligiga barcha davlatlarning aviatsiyaga mas’ul idoralariga Samarqand aeroportida xorijiy aviakompaniyalar reyslari va yo‘nalishlariga bo‘lgan barcha cheklovlar olib tashlanganini yetkazish, xorijiy aviakompaniyalar bilan kelishuvga erishib, Samarqandga Yevropa, Osiyo, Amerika, Arab davlatlari hamda qo‘shni mamlakatlardan kuniga kamida 10 ta xalqaro reyslarni yo‘lga qo‘yish vazifasi topshirildi.
Bundan tashqari, Farg‘ona vodiysi, Nukus, Urganch va Termizdan har kuni kamida 1 ta aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi kerak.
Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda Samarqandda bir yillik xalqaro uchrashuvlar va anjumanlarni o‘tkazish dasturini tasdiqlash topshirig‘i berildi.
Besh kun muddatda Samarqanddagi yangi majmualarni ishlatish, buning uchun qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar berish bo‘yicha alohida qaror loyihasini ishlab chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yangiliklar lentasi
0