O‘zbekiston MDHning Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik bo‘yicha kengashida ishtirok etadi

© MDH Ijroiya qo‘mitasi MDH
MDH - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 20.09.2022
Obuna bo‘lish
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik bo‘yicha Kengashining navbatdagi yig‘ilishi Turkistonda bo‘lib o‘tadi.
TOShKENT, 20 sen — Sputnik. Qozog‘istonning Turkiston viloyatida 22-23 sentabr kunlari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining (MDH) Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik bo‘yicha kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkaziladi. Bu haqida MDH Ijroiya qo‘mitasi xabar berdi.
Tadbir MDHga a’zo davlatlarning Kengash doirasidagi o‘zaro hamkorligining 30-yilligi munosabati bilan o‘tkaziladi.
Kengash kun tartibi loyihasiga 20 dan ortiq masala kiritilgan.
An’anaga ko‘ra, yig‘ilishda kengash a’zolari tomonidan joriy yilda hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar yakunlari sarhisob qilinadi. Shuningdek, natijalar tahlili, muammoli masalalar va ularni hal etish bo‘yicha takliflar muhokama etiladi.
Ushbu muhokama Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri, 2022-yilda Kengashga raislik qiluvchi Azhar Giniyatning hisoboti doirasida bo‘lib o‘tadi.
Yig‘ilish ishtirokchilari qandli diabet, onkologik kasalliklarni oldini olish va davolash, sil kasalligi tarqalishining oldini olishda hamkorlik qilish masalalarini muhokama qiladi.
Savollarning butun bloki COVID-19 bilan bog‘liq quyidagi mavzularga bag‘ishlanadi:
Koronavirus epidemiyasi sharoitida ruhiy salomatlik va psixo-ijtimoiy yordam;
Pandemiya davrida bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishda tibbiyot xodimlarining hissiy charchashi, shuningdek, profilaktika, diagnostika, COVID-19ni boshdan kechirgan bemorlarda ruhiy kasalliklarni davolash va reabilitatsiya qilish.
Shuningdek, Kengash a’zolari MDHga a’zo davlatlarning yuqumli kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi harakatlarining o‘rta muddatli rejasini amalga oshirish natijalarini sarhisob qiladi.
Qolaversa, milliy qon xizmatlarini tashkil etish, MDH mintaqasida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni oldini olish va davolash, raqamli sog‘liqni saqlash va telemeditsinani rivojlantirish kabi masalalar ham o‘rin olgan.
Aytilishicha, sanitariya-epidemiologiya xarakteridagi aholi salomatligini muhofaza qilish sohasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etishda hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim loyihasi ishlab chiqildi va MDH Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida imzolash uchun tayyorlanmoqda.
Yangiliklar lentasi
0