Kartadan noqonuniy pul yechib olganlik uchun 7-yilgacha qamoq jazosi joriy etilishi mumkin

© Sputnik / Zafar XalilovBankovskie karti
Bankovskie karti - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 17.10.2022
Obuna bo‘lish
TOShKENT, 17 okt — Sputnik. O‘zbekiston Jinoyat kodeksi fuqaro bank hisobidan pulni uning roziligisiz yechib olishga oid modda bilan to‘ldiriladi. Tegishli qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Hujjat bilan Jinoyat kodeksiga yangi 192-12-modda kiritilishi taklif etilmoqda. U jismoniy va yuridik shaxslarning bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki hisobdan chiqarish va ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik uchun javobgarlikni nazarda tutadi.
Shunday harakatlar ma’muriy jazo qo‘llangandan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining (BHM – hozir 300 ming so‘m ) 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayan huquqdan mahrum qilish yoxud 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar, ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima yoki muayan huquqdan mahrum qilib, 3-yildan 5-yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3-yildan 5-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 500 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki muayan huquqdan mahrum qilib, 5-yildan 7-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Senat ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning 7 oyi davomida bank plastik kartalaridan pul mablag‘larini firibgarlik va o‘g‘rilik yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi holati yuzasidan jami 1 812 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bugungi kunda bu huquqbuzarlik Jinoyat kodeksining firibgarlik, o‘g‘rilik 168, 169-moddalari bilan tasniflanmoqda.
Yangiliklar lentasi
0