Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi joriy qilinadi

© Sputnik / Zafar XalilovSum
Sum - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 07.11.2022
Obuna bo‘lish
Prezident qarori bilan sport yo‘nalishida ta’lim olayotgan iqtidorli talabalar rag‘batlantiriladi.
TOShKENT, 7 noya — Sputnik. Jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlarida 2023-yil 1-yanvardan Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi joriy qilinadi. Bu prezident 3-noyabr kuni imzolagan 414-sonli qarorda nazarda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallarida ta’lim dasturlari xalqaro reytingda yuqori bo‘lgan xorijiy OTM dasturiga ko‘ra shakllantiriladi.
2023/2024 o‘quv yilidan bir qator sportchilar kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlarini topshirishdan ozod qilinadi va ularga maksimal ball beriladi.
Imtiyozlar quyidagi sportchilarga beriladi:
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi faxriy unvoniga ega sportchilar;
Xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi yoki xalqaro grossmeyster sport unvoniga ega sportchilar;
O‘zbekiston sport ustasi yoki O‘zbekiston grossmeysteri sport unvoniga ega sportchilar;
Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha respublika chempionatlarida oxirgi bir yilda g‘olib (1-o‘rin) bo‘lgan sportchilar.
Shuningdek, 2023-yil 1-yanvardan “Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi bo‘yicha pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash tashkil qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgandi. Unda talabalarni rag‘batlantirish uchun Pahlavon Mahmud nomidagi davlat stipendiyasi joriy etilishi ma’lum qilingandi.
Shuningdek, sport sohasida barcha bakalavriat va magistratura yo‘nalishlariga oid malaka talablari qayta ko‘rib chiqilishi, o‘qituvchilar va bitiruvchilarning bilimi, mahorati va pedagogik ko‘nikmalarini baholovchi kompetensiyaviy sertifikatlash yo‘lga qo‘yilishi ham aytib o‘tilgan.
Ma’lumot uchun, Pahlavon Mahmud (1247-1326) Xivada tug‘ilgan. U olim, shoir, pahlavon, shu bilan birga po‘stindo‘z va telpakdo‘z usta bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, Pahlavon Mahmud Eron va Hindistonda ancha yillar yashagan. Eron, Hind kabi ko‘plab Sharq mamlakatlaridagi kurash musobaqalarida qatnashib, hamisha zafar quchgan va mamlakatning birinchi polvoni bo‘lgan.
Yangiliklar lentasi
0