JSST: bir yarim milliardga yaqin yoshlar eshitish qobiliyatini yo‘qotishi mumkin

© Depositphotos.com / Gritsiv.foto Mujchina s besprovodnimi naushnikami v ushax
Mujchina s besprovodnimi naushnikami v ushax  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 18.11.2022
Obuna bo‘lish
JSST bugun yoshlar o‘rtasida ommalashib ulgurgan, biroq ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolayotgan “global xatar” haqida yangi bayonot bilan chiqdi.
TOShKENT, 18 noya — Sputnik. Bir yarim milliardga yaqin yoshlar eshitish qobiliyatini yo‘qotishi mumkin. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga tayanib xabar berdi.
JSST bugun yoshlar o‘rtasida ommalashib ulgurgan, biroq ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolayotgan “global xatar” haqida yangi bayonot bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, dunyo bo‘yicha 1,5 milliard nafargacha yoshlar quloqchinlar orqali musiqa tinglash yoki shovqin-suronga boy ko‘ngilochar manzillarda bo‘lish oqibatida o‘z eshitish qobiliyatini yo‘qotishi mumkin.
Tabiiyki, bu shunchaki taxmin yoki bashorat emas. Chunki xavotirlanish uchun jiddiy asoslar bor. JSST ekspertlarining xulosasi so‘nggi 20-yil ichidagi o‘rganishlarni qamrab olgan.
Qolaversa, 12 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan 19 ming nafardan ziyod yigit-qizlar ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqot natijalarini jamlagan.
Ma’lum bo‘lishicha, qatnashchilarning 24 foizi smartfonlardan quloqchinlar orqali baland tovushda musiqa tinglashga odatlangan. 48 foiz ishtirokchilar esa shovqin darajasi meyordan yuqori bo‘lgan tungi klublarda vaqt o‘tkazishni xush ko‘rgan.
Ushbu tahlillarni birlashtirgan tadqiqotchilar Yer yuzida 670 milliondan 1,35 milliard nafargacha yoshlar eshitish qobiliyatini yo‘qotishi mumkin, degan to‘xtamga kelishdi.
Shifokorlar fikricha, mazkur muammoning oldini olish yo‘li oson. Buning eng samarali usuli musiqani pastroq chastotada va qisqa muddat tinglashdir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar ayrim antibiotiklar eshitish qobiliyati yo‘qolishiga sabab bo‘lishi mumkinlini aniqlashgan edi. Unga ko‘ra, aminoglikozidlar 20-47 foiz bemorlarda quloqlardagi eshitish analizatorining bir qismi bo‘lgan hujayralar o‘limiga olib kelishi mumkin. Qolaversa, bunga dori vositalarining toksik xususiyatlari ham sabab bo‘ladi.
Aminoglikozidlar tabiiy va yarim sintetik antibiotiklar guruhi hisoblanadi. Ular qariyb 100-yildirki, infeksiyalarni davolashda qo‘llanib kelinmoqda.
Yangiliklar lentasi
0