Saudiya Arabistoni transafg‘on yo‘li qurilishini qo‘llab-quvvatlaydi

© Tashqi ishlar vazirligiAr-Riyod
Ar-Riyod - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 27.11.2022
Obuna bo‘lish
Saudiya Arabistoni Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yo‘l liniyasi qurilishini qo‘llab-quvvatlaydi.
TOShKENT, 27 noya — Sputnik. Saudiya Arabistoni Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yo‘l liniyasi qurilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
O‘zbekiston prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Ar-Riyod shahrida Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligining Siyosiy masalalarni rejalashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari - Afg‘oniston bo‘yicha maxsus guruhi rahbari Abdulla bin Holid bin Saud al Kabir bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Saudiya Arabistonining afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, mamlakatga tezkorlik bilan insonparvarlik va boshqa yordamlar ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlari muhokama qilindi.

“Abdulla bin Holid bin Saud al-Kabir O‘zbekistonning bu boradagi amaliy qadamlarini yuqori baholadi, ayniqsa, joriy yilning iyul oyi oxirida Toshkentda “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro konferensiya muvaffaqiyatli o‘tkazilganini ta’kidladi”, - deyiladi xabarda.

Tomonlar Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash, mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga yanada kengroq jalb etish muhimligini alohida ta’kidlashdi.
Saudiya tomoni O‘zbekistonning Afg‘onistonda Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temir yo‘l liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlari o‘z vaqtida amalga oshirilayotganini ta’kidlab, ushbu loyihani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Afg‘onistonning yangi hukumatiga nisbatan jahon hamjamiyatining yaxlit pozitsiyasini ishlab chiqmay hamda xalqaro gumanitar yordamni ko‘paytirmasdan turib, mamlakatdagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy inqirozni bartaraf etib bo‘lmaydi, degan fikr bildirildi.
Tomonlar Afg‘oniston masalasi bo‘yicha O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni Podshohligining maxsus vakillari darajasida maslahatlashuvlarni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirishdi.
Loyihalashtirilgan “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘l liniyasi Janubi-Sharqiy Osiyoning yirik bozorlarini MDH davlatlari, Xitoy va Yevropa bozorlari bilan bog‘lovchi yangi va eng qisqa tranzit yo‘laklarini yaratadi.
Shu bilan birga, Afg‘onistonning markaziy qismida joylashgan o‘nlab foydali qazilmalar konlari iqtisodiy aylanmaga jalb qilinadi. 500 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilib, temir yo‘l transporti faoliyati bilan bog‘liq yangi kasblar shakllantiriladi. Loyiha amalga oshirilgach, hududning 15 mlngacha aholisi xayoti farovonlashadi.
Umuman olganda, transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirish yuk tashish vaqti va narxini 30-40 foizga qisqartiradi. Ilk yillarda birinchi hisoblangan tashuvlar hajmi 3 mln tonnagacha, 2030-yilga kelib esa yiliga 15 mln tonnadan oshib ketishi mumkin.
O‘zbekiston bu loyihani "asr loyihasi" deb atamoqda. Loyihaning taxminiy qiymati 4,6 mlrd dollarni tashkil etadi, amalga oshirish muddati 5-yil.
"Rossiya temir yo‘llari" O‘zbekiston bilan birgalikda transafg‘on temir yo‘lining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishga tayyorligini bildirgandi.
Yangiliklar lentasi
0