Dekabrdan haydovchilar jarima ballari tizimi sinov tartibida ishga tushadi

© SputnikSotrudnik DPS
Sotrudnik DPS - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 29.11.2022
Obuna bo‘lish
Haydovchilarga jarimalar uchun ball hisoblash tizimi sinovdan o‘tkaziladi. Sinov vaqtida jarima ballar to‘planmaydi, shunchaki tizimning to‘g‘ri ishlashi muvfiqlashtiriladi.
TOShKENT, 29 noya — Sputnik. Joriy yil 1-dekabrdan boshlab jarima ballarini hisoblash tizimi test rejimida ishga tushiriladi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Bunda qoidabuzarliklar avtomatik tarzda dasturiy ta’minotda qayd etib boriladi. Hisoblangan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganda haydovchini boshqaruv huquqidan mahrum qilish nazarda tutilgan.
Aholidan kelib tushishi mumkin bo‘lgan e’tirozlarni oldini olish maqsadida test rejimi vaqtida aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha ballar hisobga olinmaydi.
Sinov vaqtida tizimdagi hamda sodir etilgan qoidabuzarliklardagi barcha xato va kamchiliklar tizimni texnik qo‘llab-quvvatlash davrida bosqichma-bosqich aniqlanib, bartaraf etilib, tizim takomillashtirib boriladi.
Dasturiy ta’minot sinovdan o‘tkazilib, aniqlangan xato va kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgandan keyin tizim ishga tushirilib, haydovchilar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil aprelda imzolagan "Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq 1-dekabrdan qoidabuzar haydovchilar uchun jarima ballari hisoblash tartibi joriy etilishi belgilangan edi.
Unga ko‘ra, 2022-yil 1-dekabrdan boshlab har bir yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun 12 oy davomida alohida jarima ballarini hisoblab borish, hisoblangan jarima ballari belgilangan miqdordan oshgan hollarda haydovchini ma’lum muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish, qoida buzmagan haydovchilarga keyinchalik hisoblangan jarima ballarini qisqartirish orqali rag‘batlantirish choralari qo‘llanishi tartibini nazarda tutuvchi haydovchilarga yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimini joriy etish belgilangan.
Yangiliklar lentasi
0