Ichki bozorni shakar bilan ta’minlash uchun zaxiralar yetarli - mutaxassis

© Pixabay / jakob5200Rafinad, arxivnoe foto
Rafinad, arxivnoe foto - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 06.12.2022
Obuna bo‘lish
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarda iste’molchilarga shakar yetkazib berish uchun 300 ming tonnadan ortiq shakar xomashosi zaxirasi mavjud.
TOShKENT, 6 dek — Sputnik. O‘zbekiston ichki bozorini 2023-yilda shakar mahsuloti bilan barqaror ta’minlash uchun yetarli zaxira mavjud. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Olimjon Hasanov Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarda shu yilning dekabr oyi boshida amaldagi barqaror narxlarda shakar yetkazib berish uchun yetarli bo‘lgan 300 ming tonnadan ortiq shakar xomashosi zaxirasi mavjud.
Mazkur zaxira kelgusi davrdagi shartnomalarni inobatga olgan holda 2023-yilda ham ichki bozorni shakar mahsuloti bilan barqaror ta’minlash uchun yetarli hisoblanadi.
Bugungi kunda respublikada yillik ishlab chiqarish quvvati 690-720 ming tonna bo‘lgan ikkita shakar zavodi shakar ishlab chiqarmoqda.
“Mamlakatda 2ta shakar ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan birja savdolariga noyabr oylarida 48,5 ming tonna shakar qo‘yilib (15,5 ming tn forvard asosida), shundan 46,4 ming tonnasi (96 foizi) sotilgan (14,3 ming tn forvard asosida)”, deydi Olimjon Hasanov.
Bunda, birja savdolarida shakarning boshlang‘ich narxi o‘rtacha 9 280 so‘mdan qo‘yilib, 10 450 so‘mga sotilgan.
Bugungi kunda, ichki bozorlarda shakarning o‘rtacha chakana narxi 12 000 – 14 000 so‘mni, ayrim olis hududlarda 13 000 – 15 000 so‘mni tashkil etmoqda.
Davlat Statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston 10ta xorijiy davlatdan qiymati 33,2 mln dollarga teng bo‘lgan 48,6 ming tonna shakar import qilgan.
Bu yil O‘zbekiston eng ko‘p shakar import qilgan davlatlar Hindiston, Pokiston, BAA, Xitoy va Eron davlatlari bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yili Rossiya va Ozarbayjon yetakchilik qilgan.
Yanvar-oktabr oylarida jami yirik korxonalar tomonidan 544,5 ming tonna shakar ishlab chiqarilgan. Ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10,5 % ga oshgan.
Shu o‘rinda yana bir ma’lumot, nutritsiolog Olga Graninaning aytishicha, oddiy oq shakar va malla shakar ham bir xil ta’sirga ega.
Malla shakar vazn tashlashga yordam bermaydi, chunki u xuddi oq shakar kabi yuqori kaloriyali. Uning yagona foydali jihati shuki, u oq shakar kabi ko‘p qayta ishlanmaydi. Shuning uchun uning tarkibida foydali moddalar ko‘proq qolishi mumkin.
Biroq, mutaxassisning aytishicha, do‘konlarda hatto oddiy shakarni ham malla rangga bo‘yab sotishlari mumkin, chunki u qimmatroq turadi. Ammo, har qanday rang beruvchi moddalar- aslida organizmga hech qanday foyda bermaydigan bo‘sh uglevodlar xolos.
Yangiliklar lentasi
0