Nominal qiymati 1000 so‘m bo‘lgan tangalar muomalaga chiqariladi

© unsplash/Towfiqu barbhuiyaRuki, skladivayushie stolbik iz monet.
Ruki, skladivayushie stolbik iz monet. - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 22.12.2022
Obuna bo‘lish
Muomalaga chiqarilayotgan 1000 so‘mlik tanga ko‘rinishidagi pul belgilari bugungi kunda muomalada bo‘lgan 2001-yil namunasidagi 1000 so‘mlik banknotlar bilan bir qatorda muomalada bo‘ladi.
TOShKENT, 22 dek — Sputnik. O‘zbekistonda 26-dekabridan boshlab 1000 so‘mlik tangalar muomalaga chiqariladi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Markaziy bankining nominal qiymati 1000 so‘m bo‘lgan tanga ko‘rinishidagi pul belgisi 2 xil rangdagi kombinatsiyadan iborat bo‘lib, ichki aylanasi sariq rangli mis va latun, tashqi aylanasi kumush rangli nikel qotishmasidan tayyorlangan.
Tanga diametri – 26,27 mm, ichki disk diametri – 17,6 mm, qalinligi – 1,6 mm, og‘irligi – 7,3 gr.
Tanganing old tomonida (avers) Toshkent shahrida bunyod etilayotgan “Islom sivilizatsiyasi markazi”ning binosi tasvirlangan.
Tasvirning pastki qismida botiq holda tanga qiymati “1000” raqami va lotin bosma harflarida “so’m” so‘zi yozilgan.
Tanga orqa tomoni (revers) markazida Davlat Gerbi tasvirlangan. Gerbning tashqi aylanasi bo‘ylab bosma lotin harflarida aylanasimon ko‘rinishda “O’ZBEKISTON MARKAZIY BANKI” so‘zlari yozilgan. Gerbning ostida tanga namunasi tasdiqlangan yil – “2022” raqami ko‘rsatilgan.
“Muomalaga chiqarilayotgan 1000 so‘mlik tanga ko‘rinishidagi pul belgilari bugungi kunda muomalada bo‘lgan 2001-yil namunasidagi 1000 so‘mlik banknotlar bilan bir qatorda (parallel ravishda) muomalada bo‘ladi. Ya’ni, 2001-yil namunasidagi 1000 so‘mlik banknotlar ham to‘lov qobiliyatini yo‘qotmaydi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, yangi ko‘rinishdagi ushbu pul belgilari ayni paytda muomalada bo‘lgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar va aholi tomonidan o‘z qiymati bo‘yicha barcha turdagi to‘lovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narboyeva tegishli qaror imzolagandi. Hujjatga ko‘ra, parlamentning yuqori palatasi Markaziy bankining tangalar, shuningdek, nominal qiymati 200 000 so‘m bo‘lgan banknotlarni muomalaga chiqarish to‘g‘risidagi taklifini ma’qullagan.
Yangiliklar lentasi
0