Vazirlik anomal sovuqda ayrim ekinlarni ekishni to‘xtatib turishni tavsiya etdi

© Sputnik / Aleksey MalgavkoTomati v teplitse
Tomati v teplitse - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 09.01.2023
Obuna bo‘lish
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatdagi fermer xo‘jaliklari, bog‘bonlar, issiqxona va tomorqa yer egalariga sabzavotlarni asrash bo‘yicha tavsiyalar berdi.
TOShKENT, 9 yanv — Sputnik. Anomal sovuqda pomidor, shirin qalampir va baqlajon ko‘chatlarini issiqxonada tayyorlash hamda poliz ekinlari urug‘larini ekishni vaqtinchalik to‘xtatib turish kerak. Bu borada Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatdagi fermer xo‘jaliklari, bog‘bonlar, issiqxona va tomorqa yer egalariga o‘z tavsiyalarini berdi.
Respublikada 10-15 yanvar kunlari havo haroratining keskin sovib ketishi dalalardagi qishloq xo‘jaligi ekinlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Kuzgi boshoqli don ekinlarini sovuqdan asrash uchun tavsiyalar:
kech ekilgan, ayniqsa, ayrim 1-2 barg holatida bo‘lgan g‘alla maydonlariga chirigan mahalliy o‘g‘it (go‘ng) sepish;
g‘o‘za qator oralariga ekilib, hozirgi kungacha g‘o‘zapoyalardan tozalanmagan maydonlarda g‘o‘zapoyadan tozalash ishlarini sovuq kunlar tugagunga qadar to‘xtatish;
elektr energiya cheklovlari bo‘lishini inobatga olib, nasos agregatlari va lotok tarmoqlarining muzlab yorilishini oldini olish uchun ulardan foydalanishni vaqtincha to‘xtatish;
qishloq xo‘jaligi mutasaddilari va olimlar ishtirokida shtablar tashkil etish.
Qayd etilishicha, hozirda respublikadagi dala yer maydonlarida asosan avgust-sentabr piyozlari va sarimsoqpiyozlar ekilgan.
Ushbu sabzavot ekinlarini keskin sovuqdan asrash uchun tavsiyalar:
ekin maydonlarini ustini plonka qoplamalari oddiy yoki duga usulda qoplash;
mahalliy chirigan go‘ng, sholi qipig‘i va apilka bilan mo‘lchalash;
somon yoki mayin xashaklar bilan o‘simlik ustini yopib chiqish kabi chora-tadbirlar;
sabzavotlar ekilgan dala maydonini shamol oqimiga qarab olov yoqib tutatish ham foyda beradi.
To‘qsonbosti usulida ekilgan sabzavot ekinlaridan sabzi, piyoz, osh lavlagi, ko‘kat sabzavotlar (ismaloq, ukrop, petrushka, selderey, kashnich, salat) ekinlari urug‘lari hali yerdan unib chiqmagan va ularni sovuqdan zararlanish ehtimoli juda past darajada.
Issiqxonalarda poliz ekinlarini yetishtirish
Issiqxonalarda pomidor va bodring yetishtirishda inshootdagi havo harorati o‘simliklar uchun mos bo‘lishi lozim. Yetishtirilayotgan bodring harorat 0 darajaga tushib ketganda nobud bo‘ladi. Pomidorning esa +7 daraja haroratda ildiz tizimi, -1-2 daraja sovuqda esa o‘simlikning o‘zi nobud bo‘ladi.
Issiqxonalarda isiriq va boshqa tutatish pohol yoki eskirgan texnik balonlarini yoqib tutatish natijasida ham 2-3 daraja issiqlik berish va ushlab turish mumkin.

Janubiy mintaqalarda sabzavot ekinlarini himoyalash

Isitilmaydigan ko‘chatxonalarda yetishtirilayotgan sabzavot va poliz ekinlari ko‘chatlarini sovuqdan asrashni ham alohida nazoratga olish kerak.
Muhim tavsiyalar:
sabzavotlar ustini polietilen plonkasi bilan yopish;
vaqtinchalik isitish moslamalaridan foydalanish, atrofiga go‘ng aralash xashak, poxol va shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ularni tutatish;
issiqsevar sabzavot ekinlaridan pomidor, shirin qalampir va baqlajon ko‘chatlarini issiqxonada tayyorlashni hamda bodring va poliz ekinlari urug‘larini ekishni vaqtinchalik to‘xtatib turish;
har bir dalada havo haroratini kuzatib, -10 darajaga tushishi bilan uyumlarni tutatish;
tonggi soat 3-5 oralig‘ida o‘simlik sovuqdan zararlanadi, shu bois, hushorlikni oshirish;
sovuqqa chidamli sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, osh lavlagi, karam va ko‘kat sabzavotlar kabi ekinlarga -2-3 daraja sovuq sezilarli ta’sir etmaydi.

Mevali bog‘ va uzumzorlarni asrash

Mevali bog‘ va tokzorlarning qator oralaridan sug‘orish ariqlari olib, sug‘orish, ya’ni yaxob suvi berish lozim. Sovuq vaqtida bog‘ va tokzorlarni qondirib sug‘orish natijasida suv harorati havo haroratidan yuqori bo‘lganligi uchun suv bug‘lari yer va daraxtlarning haroratini pasayishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Urug‘li meva bog‘larda shakl berish va kesish tadbirlarini sovuq haroratlar o‘tgunga qadar vaqtincha to‘xtatish kerak.
Ko‘milmay qolgan tok tuplari, anor va anjir butalarini sovuqdan saqlash uchun zudlik bilan xashaklar va sholi poyalar bilan yopish yoki tuproq bilan ko‘mish talab etiladi.

Mevali bog‘larni asrash bo‘yicha tavsiyalar:

xurmo daraxtlari tanalarini va shox-shabbalarini xashak, quruq makka va sholi poyalari hamda boshqa narsalar bilan o‘rash;
issiqxonalarda yetishtirilayotgan sitrus va qulupnay o‘simliklarini himoya qilish uchun plonka ostidan yana bir qavat yupqa plonka tortish (termos qilish) va issiqxona ustidagi qorlarni tushirmaslik;
mevali bog‘ va uzumzorlar qator oralariga mahalliy o‘g‘it aralash xashak, poxol, shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ularni tutatish;
daraxtlarning yoshi va qalin siyrakligiga qarab har bir gektar maydonga 100-200 ta uyum hosil qilish kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq chorvadorlarga anomal sovuqdan chorva mollarini betalafot olib chiqish bo‘yicha tavsiyalar berilgan edi. Unga ko‘ra, chorva hayvonlarini shirali ozuqalar bilan oziqlantirish va suv bilan sug‘orishni yopiq binolarning ichida tashkil etishga e’tibor qaratilishi kerak.
Yangiliklar lentasi
0