Diplom cho‘ntakda, kelajak qo‘lda, xayolda nima?! - O‘zbek talabalari hayotidan reportaj

Obuna bo‘lish
Jamiyat umidi, davlat ishonchi, insoniyatning oqil, dono va bilimdon tabaqasi – talabalar haqida fikrlar

TOShKENT, 17 noya – Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Insoniyat kelajagi, haqida so‘z ketganda so‘z aynan talabalar xususida boradi. Bejizga emas. Ertaning egalari, insoniyatning qay yo‘ldan ketishi, qanday yutuqlarga erishishi aynan ularga bog‘liq va ulargina insoniyatni qaygadir boshlab boradi. Axir ular jamiyatning eng oqil, dono qismi.

Dunyodagi jamiki talabalar esa, shu jumladan O‘zbekiston talabalai ham 17-noyabr kuni kitob, imtihon, "zachot", "shpargalka" degan "bosh og‘riq"larni unutib – xurramlikka berilish kabi qonuniy huquqga ega bo‘ladilar.

Aksariyat oliygohlarda ushbu kunda QVZlar sahnalashtirilib, eng ko‘p ball bilan o‘qishga kirgan talabaga ramziy "studencheskiy" topshiriladi. Sputnik O‘zbekiston o‘zbekistonlik bir guruh talabalar bilan bog‘lanib, ularning talabalik davri, zamonaviy gadjetlarga munosabatlari, muammolari hamda maqsad-intilishlari haqida qiziqib ko‘rdi.

Talaba bo‘lgan kuningizni qanday xotirlaysiz?

Karim, 26 yosh: Talaba bo‘lgan kunim – men uchun kelajagim aniqlashgan. Bu menga bir imkoniyat tarzida berilganini va shu bilan birga yana bir pog‘onaga yuqorilaganimni his qilganman.

Nozima, 25 yosh: Avval bir haftagacha ishonmaganman va, albatta, shunday baxtga muyassar bo‘lganimdan mag‘rurlanganman. Lekin, aytish kerak-ki, asta-sekin hammasi oddiy bir holatga aylangan.

© StevebidmeadSMS o‘qiyotgan talabalar
SMS o‘qiyotgan talabalar - Sputnik O‘zbekiston
SMS o‘qiyotgan talabalar

Ikrom, 23 yosh: Talaba bo‘lganimda, xuddi bir yil oldin "yiqilganimda" kabi yig‘laganman. Buni tan olishdan uyalmayman!

Ayfon 7 – talaba yo‘ldoshi

Talabalar bilan suhbatlashar ekanmiz, bugungi kunda zamonaviy gadjetlar talabalar hayotidan mustahkam o‘rin olganini bilib oldik. Talabalar "och xalq"ligi haqida latifalar ko‘pligiga chuv tushmang, sababi, "Ayfon 7"dan foydalanuvchilarning asosiy qatlami aynan talabalar ekanligini tasdiqlaganlar topildi.

© AFP 2023 / ROSLAN RAHMANAyfon 7
Start prodaj iPhone 7 v Singapure - Sputnik O‘zbekiston
Ayfon 7

Sodiq, 23 yosh: Zamonaviy gadjetlar talabalar uchun xuddi — baliqqa suv kerakdek zarur. Nega deysizmi? Chunki, telefondan foydalanmasak, yaxshi baho yo‘q. (Telefon o‘qishga kirishimda ham aaancha yordam bergan, deya bizga o‘z siri bilan bo‘lishdi suhbatdosh). Masalan, ayrim Navoiy va Prezident stipendiatlaridan telefonlarini olib qo‘yib, imtihon oling, gaplarim to‘g‘riligiga amin bo‘lasiz!

Malika, 24 yosh: Zamonaviy gadjetlarsiz yashash qiyin. Chunki hozir elektron hukumat degan narsa bor, qolaversa, gadjetlar – bu jahon tajribasidan o‘tgan!

Siroj, 22 yosh: "Ayfon 7" ishlatadigan talabalar ham oz emas. Oliygohga o‘z mashinasida kelib-ketadigan talabalar ham ko‘pchilikni tashkil etadi (mashhur qiziqchimizning "avtobuslar — domlalar uchun" degan gapi yodimga tushib ketdi shu yerda, muallif)

Muallifdan: Talaba, deyilganda avvalambor o‘qimishli inson tushuniladi. Chunki, u ko‘p o‘qigan. Keyingi paytlarda bilyapmizki, aynan o‘qish insondagi ma’naviy qashshoqlikni bartaraf etadi. Televizor ko‘rish, radio eshitish, hatto internet kovlashtirish ham o‘qishning o‘rnini bosmaydi.  Ularda tomosha va ko‘ngilocharlik unsurlari ustun bo‘lgani sababli ong qatlamlariga singib ketmaydi. Inson ularni jiddiy qabul qilmaydi. Shuning uchun televizor tomoshasiga berilganlarda fikr keng bo‘lmaydi. Kitob esa aynan ko‘ngilga borib yetishi bilan fikrlash doirasini kengaytiradi. U o‘zingni va boshqalarni yanada yaxshiroq, kengroq, batafsilroq tushunishda yordam beradi.

Yoshlar Xalqaro sammiti - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev yoshlar siyosati to‘g‘risidagi qonunga imzo chekdi
Shu sababli texnik taraqqiyot namunalari – bir paytlar talaba bo‘lgan insonlar tomonidan yaratilgan qulayliklar, imkoniyatlar bugun aynan talabalargaga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ham sir emas. Bu ularni fikrlashdan cheklab qo‘ymoqda. Ertalablari metroga tushing, avtobuslarga chiqing – son-sanoqsiz talabalar quloqlariga "naushniklarini" tiqib, nimanidir tinglab ketayotgan bo‘ladi. Albatta, domlalarning ma’ruzalarini bo‘lmasa kerak. Qo‘shiq tinglashadi-da, yoki o‘yin o‘ynashadi. Shunda "bular qachon fikr qiladi?", degan o‘y keladi xayolga. Fikrlash uchun inson o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qolishi kerak. Fikrsiz g‘oya bo‘lmaydi, g‘oyasiz esa ixtiro, ixtirosiz — taraqqiyot bo‘lmaydi.
Albatta hozir nafaqat talabalar, balki aksariyat yoshlar ham shunday – kam fikrlaydi. Biroq boshqalardan farqli o‘laroq, talabalar ertaga odamlarni, jamiyatni, davlatni boshqaradi. Jamiyatning yetakchilari bo‘ladi. Ularning uncha-muncha xato va kamchiliklari, e’tiborsizliklari, fikrsizligi kechirilishi menimcha, mumkin emas.

Talabalarning asosiy muammosi nima

"Sizni qiynaydigan asosiy muammo?" degan savolga “kontrak to‘lovi”, ijara haqi (ayniqsa, Toshkentda tahsil oladigan talabalar uchun bu katta muammo ekan) degan javoblar ko‘proq tilga olindi… Ammo boshqa muammolar haqida ham og‘iz ochganlar topildi.

Shokir, 26 yosh: Muammolardan biri – darslarda zamonaviy texnologiyalardan deyarli foydalanilmaydi…

Nargiza, 25 yosh: Talabalar har xil va ularning muammosi ham turlicha. Men xorij tillari universitetida tahsil olganim uchun, o‘zim o‘rganayotgan til tashuvchisi bo‘lgan davlatda bo‘lishni orzu qilaman. Axir til o‘rganishda o‘sha davlat bilan shaxsan tanish bo‘lish ham muhim ahamiyatga ega. Ammo, afsuski, hozircha buning imkoni yo‘q. Oliygoh o‘z talabalarini guruh-guruh qilib chet el safariga jo‘natishi (o‘zining puliga bo‘lsa ham mayli) eng muhim masala bo‘lib qolaveradi, menimcha.

 

Muqaddas, 24 yosh: Talabalar oldida turgan muammolardan biri – fanlar bo‘yicha adabiyotlarning aniq taqsimlanmagani. Misol uchun, ingliz tili bo‘yicha yakdillik yo‘q – o‘qituvchilar har xil kitoblardan dars beradi, o‘zlarining yoqtirishlariga qarab. Faqat sharq tillaridagina aniq darsliklar bor, g‘arb tillarida bunday emas.

Fozil, 26 yosh: Talabalarni butun o‘qish davri davomida qiynaydigan asosiy muammo – bu bitirgandan keyin ishga joylashish muammosi bo‘lsa kerak.

Bahrom, 25 yosh: Talabaning eng katta muammosi — ovqat pishirish. Esimda, birinchi kursga qabul qilinganimdan keyin yotoqxonadan joy berishdi. Bir xonada to‘rt kishi yashardik. Hamma endigina maktabni bitirgan, uyida yashagan bolalar hech kim ovqat pishirishni bilmaydi. Sal-pal qo‘ldan keladigani tuxum bilan kartoshkani qo‘shib qovurish…

© AFP 2023 / KHALED DESOUKIOvqat
Ovqat - Sputnik O‘zbekiston
Ovqat

 

Bir kun tuxum-kartoshka, ikkinchi kun tuxum-kartoshka, uchinchi kun tuxum-kartoshka, hammamizga yoqadigan ovqat bo‘lsada,  bir haftada jongayam tegdi. To‘rt kishi navbatma-navbat ovqat pishirar edik. Ovqat pishirish kimning navbati bo‘lsa o‘shaning boshi ertalabdan qotgan. Nima pishirsam ekan degan savol bilan. Xonada faqat, kartoshka piyoz, makaron bo‘lsa, o‘zing ovqat pishirishni bilmasang, nima ham pishirish mumkin?

Ba’zan, xonadoshlarga murojaat qilib, nima pishirib beray, bolalarim, degan savolga, hamma bir ovozdan – manti, — deb javob berardi…

Yaxshiyam yotoqxonada biz bilan bir etajda yashaydigan Oynisa opa, bor edi. O‘sha kishi bir-ikki oy davomida bizga mastava,  moshkichiri, turli xil go‘shtli va go‘shtsiz sho‘rvalar, katoshka bilan non bug‘lash kabi talababop ovqatlar pishirishni o‘rgatdi.

Talabalik davridagi qiziqarli voqealar

Dilshod, 32 yosh: Universitetda jahon adabiyoti fanidan o‘qituvchi muallimamizni sinov (zachot)topshirish uchun rosa orqasidan yugurib yurganim esimda. Qachon kafedrasiga borsam “hozir vaqtim yo‘q”, “darsga kirib ketapman”, “ertaga keling” deb qaytarib yuborardi.

Naqd bir hafta shunday bahonalar bilan ortga qaytardi. Bir kuni yana oldiga borsam, “tushlikka ketapman, keyinroq keling” dedi. “Xo‘p, birga boramiz unda tushlikka” dedim va u bilan oshxonaga birga bordik. O‘ziga ovqat olgach, “yo‘q” deganiga qaramay pulini men to‘lab qo‘ydim va birga ovqatlandik. Ovqatlanib bo‘lgach, “yuring xonamga” dedi. Xonaga kirgach “to‘rtga rozimisiz” deb so‘radi va sinov daftarchamga baho qo‘yib berdi.

© Sputnik / Sputnik / Vitaliy Ankov / Mediabankka o‘tishDomla "zachotkaga" baho qo‘ymoqda
Domla zachotkaga baho qo‘ymoqda - Sputnik O‘zbekiston
Domla "zachotkaga" baho qo‘ymoqda

Muallifdan: Aniq fanlardan ta’lim oladigan talabalar bir fikrni ko‘p takrorlaydi: hatto Eynshteyn ham maktabda "uch"ga o‘qigan, biz ham shunchalik bo‘larmiz!

Quyidagi latifani eshitgan bo‘lsangiz kerak:

— Imtihon bu ikki aqllining o‘zaro suhbati, — deydi talaba.

— Agar shu ikkovning biri ahmoq bo‘lsa-chi? – istehzo qiladi domla.

— Unda ularning aqllisi stipendiyasiz qoladi, — deydi talaba…

Bir paytlar "yigitning bahosi", degan gaplar ham bo‘lardi. O‘sha "uch"da bu. Go‘yoki, yigit kishi shundan ortig‘iga nomunosib. Hozir o‘sha "uch"lar yo‘q bo‘lib  ketgan. Endi talabalar yuzgacha ballar olishi mumkin. Yaqinda o‘qimagan bir kishi aytib qoldi: bir paytlar biz zo‘rg‘a "besh" olardik, mana o‘g‘lim "ellik" olib kelyapti. Ana, yoshlar qanchalar aqlli bo‘p ketgan!

Ko‘pincha imtihonga olib kirish uchun shpargalkalar yoziladi, allaqanday «x» variantlarni xarid qilinadi, qo‘l telefoni va yana allambalolardan foydalanmoqchi bo‘lishadi. Imtihonni oson topshirish yo‘li bor – hamma bilimni kallaga joylab olish kerak, tamom, vassalom. Uni imtihonga kirishdan burun hech kim tortib olib qo‘yolmaydi. Qolaversa, bu bilim bir umr yo‘ldosh bo‘ladi.

Universitet talabalari - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston OTMlariga hujjat topshirgan abituriyentlar soni 663 mingdan oshib ketdi
Bu yil oliy o‘quv yurtlariga misli ko‘rilmagan darajada abituriyent hujjat topshirdi. Bu xalqda kirish imtihonlariga ishonchning oshib borayotgani, adolat ta’minlanayotganining bir belgisi. Lekin ayrim o‘quv yurtlarining kirish ballarini ko‘rib kapalaging uchadi. Umumiy hisobda, "2" ga topshirganlar ham talaba bo‘lib turibdi-da. Bular endi, har bir o‘ringa o‘rtacha 10-15 tadan abituriyent to‘g‘ri kelgan bir vaziyatda shunday. Demak, bular eng bilimlilar… Shoir "boshga loyiq do‘ppi qolmadimi, do‘ppiga loyiq bosh" deganday, yo aniq fanlarning savollari shunchalar murakkab, yoki abituriyentlar haminqadar…

Talabalik orzulari

Begzod, 24 yosh: Yetuk iqtisodchi bo‘lib O‘zbekistonda, raqobatni rivojlantirish

—  Men, Iqtisodchiman, institutni bitirib, o‘z soham bo‘yicha yaxshi mutaxassis bo‘lib O‘zbekistonga foydam tegishini xoxlayman. Orzuim – Iqtisodiyot vazirligida ishlab, O‘zbekiston uchun unumli va samarador iqtisodiy dasturlar ishlab chiqish. Mening fikrimcha, O‘zbekistonda iqtisodni samarali rivojlantirish uchun, birinchi navbatda adolatli raqotbat tashkil qilish kerak. Bu iqtisodning mutlaq barcha sohalariga taaluqli. Hozir davlat qishloq xo‘jaligigayam, yengil va og‘ir sanoat sohalarigayam jiddiy aralashib yordam ko‘rsatib kelmoqda. Boshlang‘ich bosqichlarda bu albatta kerakli, lekin keyinchalik iqtisodiyotning o‘zi mustaqil rivojlanishi, davlat esa sohalarni nazorat qilib turishi kerak.

O‘zbek-koreys to‘qimachilik texnoparki - Sputnik O‘zbekiston
OAV: O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish bo‘yicha jahon yetakchilari qatoriga kirdi
Misol uchun dunyoning eng rivojlangan AQSh iqtisodiyotiga nazar solsak. U yerda har bir sohada o‘ta rivojlangan ikki yoki undan ortiq korxona bor. Ular doimiy ravishda bir-biri bilan raqobat qilib, o‘z mahsulotini ilimiy-texnik, narx-navo, ekologik tozalik tomonidan oldinga surib kelmoqda. Davlatning asosiy vazifasi esa – hech bir sohaning monopoliyalashib ketishiga yo‘l qo‘ymasdan, kuchli korxonalar orasida raqobatni ta’minlab turish. 

AQShning Intel kompaniyasi kompyuter protsessorlarini ishlab chiqarishni boshlagan yagona korxona edi. Lekin AQSh Monopoliyaga qarshi qo‘mitasi, soha faqat bir kompaniya ixtiyorida qolmasligi uchun,  protsessorlar ishlab chiqrishga ilk qadamlarini qo‘yayotgan AMD kompaniyasi kuchli yordam ko‘rsata boshladi: davlat subsidiyalari va qo‘shimcha imtiyozlar va hokazo. Natijada, bugungi kunda ushbu ikki kompaniya bir-biri bilan raqobat qilgan holda protsessor ishlab chiqarish sohasini ildam qadamlar bilan olg‘a surmoqda. AQSh iqtisodiyotida xuddi shunday vaziyatni smartfonlar ishlab chiqarish, avtomobil sanoati, yengil  sanoat va bashqa turli sohalarda kuzatish mumkin.

Biz hozir yashayotgan bozor iqtisodiyoti dunyoda, faqat raqobat oldinga suruvchi kuch bo‘lib qolmoqda, davlatning asosiy vazifasi esa – har bir sohada adolatli raqobatni ta’minlab turish. Shunda iqtisod ham rivojlanadi, fuqarolar ham arzon va sifatli mahsulot va xizmatlar xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Muallifdan: Keyingi paytlarda "institutda o‘qish", deyilganda negadir faqat diplomgina ko‘zda tutilmoqda. Diplomning o‘ziyoq ko‘p-ko‘p muammolarni hal qilib beradi, deb o‘ylaymiz. Cho‘ntakdagi diplom insonni madaniyatli, o‘qimishli va zamonaviy qiladi, degan xom xayollarga boramiz. Aslida undaymas. Diplom o‘z holicha hech nimani hal etmaydi. U — bir parcha qog‘oz, xolos. Ortida insonning ongi, dunyoqarashi, bilimi, saviyasi bo‘lsagina u nimagadir qodir. Aks holda sariq chaqachalik foydasi yo‘q. Unda nega biz diplomli kishilarni hurmat  qilamiz?

Chunki, diplomli kishilarda aniq maqsad bo‘ladi. Insonki, bi maqsad yo‘lida 4-6 yillab umrini sarflab, unga erishgan ekan, demak shuning o‘ziyoq uni hurmat qilishga arziydi. Axir hamma ham shuncha vaqt davomida bir maqsad yo‘lida harakat qilishga qurbi yetavermaydi. Odamlar bor, har o‘n kunda maqsadini o‘zgartirib turadi.

Hayotda o‘z o‘rnini topolmay yurgan ko‘pdan-ko‘p yigit-qizlarni uchratish mumkin. Ularning aksariyati bunda kimnidir, nimanidir ayblaydi. Faqat bir haqiqatni tushunishmaydi – jamiyatda o‘z o‘rnini topolmagan inson aybni o‘zidan qidirishi kerak! "Aniq maqsadga ega emasligimdan", deb bilishi lozim.

Bilaman, yoshlar Jobs, Geytslarni to‘satdan boy bo‘lib qolganiga, Mendeleyev davriy jadvalini tushida ko‘rganiga, Pushkin ayrim she’rlarini tushida yozganiga ishonadi va o‘zida ham shunday bo‘lishini kutadi. Intiq kutadi!

Biroq kutish kerak emas, hech qachon bunday bo‘lmaydi!

Hayot hech kimning ota-onasi emas, uning erkatoylari yo‘q. Kimdir nimagadir erishayotgan bo‘lsa, demak u shunga munosib, shunga harakat qilyapti va yutuqlarni qo‘lga kiritapti. 

Talabalar hayotlaridagi dastlabki muammolar, qiyinchiliklarni bosib o‘tgan insonlar. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar ular birinchi qiyinchiliklarni yengib o‘tdi. Aslida kirish imtihonlarining o‘z nima? Uyam yoshlarning yo‘liga qo‘yilgan bir to‘siq. Undan o‘tganlar yangi yo‘ldan olg‘a ildamlaydi.

Ota-onalar ko‘pincha farzandlarini tanlagan yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘ladi, ularni sevganlariga uylantirmaslikka, turmushga uzatmaslikka harakat qiladi. Bu shunchaki, ota-onalarning injiqligi, hayotni tushunmasligi sababli emas. Ular shu bilan o‘z farzandlarining irodasini, maqsadini sinab ko‘rmoqchi bo‘ladi. Axir katta hayot o‘ta shafqatsiz…

Farzandning unga tayyorligini sinash ota-onaning vazifasi.

Kirish imtihonlari ham shunga o‘xshash bir holat. Bo‘lmasa, oliy ta’limni pulli qilib xohlagan inson kelib, o‘qib ketaveradigan qilib qo‘yish mumkin. Lekin unda iroda, maqsad, qat’iylik sinovi qayda qoladi? Yoshlar jamiyat va davlatni boshqarish uchun qanday saralab olinadi?

So‘ng so‘z

Farg‘onadagi saylov va yoshlar forumi - Sputnik O‘zbekiston
Farg‘onada "Saylov va yoshlar" forumi bo‘lib o‘tdi
Maqsad, iroda, bilim va meyordagi qo‘rquv hissi bo‘lmasa, o‘qib, diplom olishning ham foydasi yo‘q. Shularsiz, o‘nta oliy o‘quv yurtini tamomlab ham hayotda hech nimaga erishib bo‘lmaydi. Inson diplom olish uchun yashamaydi, u maqsad emas. Diplom insonning maqsadi yo‘lida sobitligini ko‘rsatuvchi vosita. 

Aziz talabalar, Sputnik O‘zbekiston sizlarga kelgusi o‘qishlaringizda muvaffaqiyatlar, so‘nmas kuch-g‘ayrat, ilhom, yorqin xotiralar, yengil imtihonlar va ko‘pdan-ko‘p qiziq voqealarni tilab qoladi! Sizning bugungi bayramingiz superqiziq kechishi tilakdoshimiz! O‘zbekistonga   kerakli kadr bo‘lib yetishish uchun o‘qishdan tolmang! Hammasi o‘z qo‘lingizda! Olg‘a!!!

Yangiliklar lentasi
0