01:48 22 Aprel 2018
Efir
Kinoteatr. Arxivnoye foto.

YO ilm - yo film, yo nasr - yo basir, yo nazm - yo marazm

© Flickr / Blondinrikard Fröberg
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
113480

Shuncha tarbiyadan keyin tarbiyasizlar qaydan paydo boʻlmoqda?

Televizorda koʻp koʻrgansiz: muxbir kinoteatrning chiqish eshigi oldida turib, tomoshabinlarni soʻroqqa tutadi:

— Film haqida fikringiz?

- Yaxshi, tarbiyaviy ahamiyati bor! — deydi tomoshabin hissiz ovozda.

Javob hakam hukm oʻqiganday jaranglaydi Tarbiyaviy ahamiyati boʻlsa, demak yaxshi kino, yaxshi asar!

Nima degan gap oʻzi bu — tarbiyaviy ahamiyati bor?

Goh-gohida kap-katta, obroʻli mutaxassislar ham televizorga chiqib, shunga oʻxshash fikr bildirib qoladi. Adabiy asarlar haqida ham shunga oʻxshash gaplar aytilmoqda.

Xullas, hammayoqda tarbiya!

Savol tugʻiladi: kinoni tarbiyalanish uchun koʻrsak, teatrga tarbiya olish uchun borsak, badiiy asarlarni tarbiya uchun oʻqisak, nima shunchalar tarbiyasizmizmi? Yoki nasihatbozlik komiga tushib, estetik zavq olishni unutib qoʻydikmi? Filmni, spektaklni shunchaki, dam olish, toʻlqinlanish uchun koʻrolmay qoldikmi? Badiiy asarni ruhlanish, unda bitilgan sirli-sehrli olamga shoʻngʻib, xayolot dunyosiga koʻchib oʻtish uchun oʻqiyolmaymizmi?

Sanʼat va adabiyotni yumushga aylantirib qoʻyibmiz-da, unda!

Kinodan chiqib, tarbiya haqida gapirishlar filmning ijobiyligini emas, balki biz kinoga tushishdan uyalib qolganimizni isbotlaydi, xolos. Chunki shu gap bilan ovorai sarson boʻlib kinosaroyga kelganimizni oqlamoqchi boʻlamiz.

Asar ijodkorlari bu kabi dalilni keltirsa, bilaveringki, asarning nasihatbozlikdan boshqa hech qanday jozibasi yoʻq.

Sanʼat va adabiyotning vazifasi koʻp. Koʻngilochar, estetik zavq berish, didni tarbiyalash, axborot berish va hokazo.

Ular qaysi vazifani bajarishdan qatʼiy nazar, parallel ravishda tarbiya funktsiyasini amalga oshiradi. Chunki inson har qanday voqea-hodisa, axborotdan maʼlum xulosalar chiqaradi, xulosa esa uning ongi, dunyoqarashi shakllanishida oziq boʻladi. Hatto eng razil ishlar haqidagi asarlar ham kishini yaxshilik yoʻlida tarbiyalaydi.

Deylik, Kamyu asarlarining qahramonlari egoist, oʻzidan boshqani oʻylamaydigan shaxslar, bayon etilayotgan voqealar ham bizning axloqqa zid. Tanqidchilarimiz ularni gʻarb axloqi inqirozini fosh etish sifatida talqin etadi. Demak, bu asarlar oʻquvchiga yomon yoʻlni koʻrsatib, uni toʻgʻri yoʻldan yurishga undaydi.

Nasihatni yoqtirishimiz bor gap. Buni Tohir Malikning ushbu yoʻnalishdagi asarlari ommabopligidan ham bilsa boʻladi. Lekin "tarbiyali-tarbiyali" deyaverib, xalqni sanʼat va adabiyotdan uzoqlashtirib yubordik. Axir hech kim, "teatrga tushib, biroz tarbiya olib kelay", demaydi-ku. Hatto bunaqa oʻyni koʻngligayam yaqin yoʻlatmaydi. Chunki bu dunyoda har qanday inson oʻzini toʻliq tarbiyalangan hisoblaydi. Badiiy asarlarga, hech boʻlmaganda shu soʻzni tirkamaganimizda, uning muxlislari hozirgidan biroz koʻproq boʻlarmidi?

Bilamiz-ku, axloqsizlik, tarbiyasizlikni targʻib etuvchi asar borki, muxlislari koʻp. Sinov uchun biror asarni axloqsizlikda ayblab koʻraylik, ertasigayoq muxlislari soni keskin ortadi. Bir paytlar afishasiga "16 yoshga toʻlmaganlar kiritilmaydi" deb yozilgan kinoga tomoshabinlar oqib kelardi. Ana sizga tarbiya!

Qolaversa, bizning nazarimizdagi tarbiyaviy asarlarni faqat iqtidorsiz shaxslargina yaratadi. Haqiqiy asar esa tomoshabinni, kitobxonni uning oʻziga bildirmay tarbiyalaydi.

Asosiy mavzular