01:50 22 Aprel 2018
Efir
Lomayut Dom Kino

Uyi buzilgan kinochilar yangicha ishlamoqchi, natijasini esa yo "Oʻzbekkino" yo vaqt koʻrsatadi

© Troll.uz
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
105630

Oʻzini hurmat qilgan aktyor hech qachon bir obrazni filmdan filmga olib oʻtmaydi. Oʻzbekistonda esa bu odatiy hol. Eng mashhur oʻzbek aktyorlari hatto endi-endi chiqib kelayotganlari ham bir obrazli aktyorga aylanib qolgan. Tomoshabinlar ham kinoga uni koʻrish uchun tushadi, obrazni emas

2017 yilning eng soʻnggi uchrashuvlaridan birini Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kinoijodkorlar bilan oʻtkazdi. Buning ham ramziy maʼnosi boʻlsa kerak. Demak, kelayotgan yilda kinoga jiddiy eʼtibor qaratiladi. Demak, kino maʼnaviyatning uzviy bir boʻlagi boʻlib qolaveradi. Demak, davlat kino sohasini oʻz holiga tashlab qoʻymaydi.

Ushbu uchrashuvdan xulosa shunday boʻldiki — davlat tarixiy-diniy, tarixiy-vatanparvarlik filmlari ishlab chiqarilishiga alohida eʼtibor qaratadi. Filmlar prokati masalasini hal etish diqqat-eʼtiborda boʻladi.

Shu oʻrinda soha yuzasidan ayrim fikr-mulohazalar.

Bugungi filmlarda tasviriy yechim anchayin oqsamoqda.

Deylik, har qanday filmda, tarixiy va, hatto, oʻzbeklarning allaqanday uran koniga oʻxshash joyda, tutqunlikda ishlatilishi toʻgʻrisidagi filmda ham qahramonlar hozirgina "Goʻzallik saloni"dan chiqqan, sochlari chiroyli olingan va yiltillab turadi. Umuman tozalik, oliftalik oʻzbek kinosining bosh kamchiligi. Oʻzbek aktrisalari ekranda xunuk koʻrinishdan qoʻrqib, har qanday holatda ham oʻziga oro berib, chiroyli boʻlib chiqishga harakat qiladi. Biroq tashqi koʻrinish, vaziyatga mos boʻlishi kerak emasmi?

Rekvizitlar masalasida ham muammolar koʻp. Lavhalardagi holatni ochib berishi mumkin va lozim boʻlgan detallarga kam eʼtibor qaratiladi, imkon qadar mayda detallarga eʼtibor berilmaydi. Tushunarli, rekvizit qancha kam boʻlsa, xato ham uncha kamayadi. Lekin bu holat tasvirning qashshoqlashuviga olib keladi.

Qashshoq, deganday, bir paytlar, sovet davri qashshoqligida ulgʻaygan avlod qayta qurish jarayonida qoʻli toʻrt soʻm pul koʻrib, hovliqib qolgan va topgan pulini boʻyniga osib, qoʻliga taqib yuradigan (tilla taqinchoqlar, zanjirlar holida) odat chiqargan edi. Buni "koʻrmaganning koʻrgani qursin", deyishadi. Bugun, Oʻzbekistondagi xususiy kino ham xuddi oʻsha ruhiy holatda — hammayoq dabdaba, yaltir-yultur, hashamatli saroylar, qimmatbaho mashinalar, haybarakalla turmush. Xullas, hayotdan uzilib qolgan.

Shu holatni aytadigan boʻlsang, "kino bu — ertak", deyishadi. Aslida Hindistonning kinosi — ertak (holbuki ular ham bundan voz kechishmoqda). Kino esa — romantika. Boylik, dabdabali hayot emas, koʻngil va tuygʻular romantikasi!

Yuqorida aytilgan holat koʻproq xususiy kinoga tegishli, davlat kinosida esa boshqa muammolar. Ularning tomoshabini yoʻq. "Oʻzbekkino" MA faqat televideniye uchun ishlayapti. Unda namoyish etilmasa, hech kim koʻrmaydi.

Davlat kinosi yo tomoshabin tushunib yetmaydigan darajada chuqur falsafiylashgan (Gegel darajasida, deyish ham mumkin) yoki ensani qotirar darajadagi rasmiy (hujjatli film darajasida).

Komediyasida samimiylik bor, kulgi yoʻq ("Boriga baraka"), dramasida falsafa, samimiylik bor, tomoshabinni ushlab turuvchi asosiy voqea yoʻq ("Pari"), ayrim rejissyorlarda oʻz-oʻzini takrorlash kuchaygan ("Novda").

Aktrisa Nargis Abdullayeva. Arxiv surat
© Sputnik / Aleksey Tixomirov
Oʻzini hurmat qilgan aktyor hech qachon bir obrazni filmdan filmga olib oʻtmaydi. Oʻzbekistonda esa bu odatiy hol. Eng mashhur oʻzbek aktyorlari hatto endi-endi chiqib kelayotganlari ham bir obrazli aktyorga aylanib qolgan. Tomoshabinlar ham kinoga uni koʻrish uchun tushadi, obrazni emas. Toʻgʻri, buni aktyorning aybi, deb boʻlmaydi. Iqtidorli, oʻz ishining ustasi boʻlgan rejissyorlarning yetishmasligidan shu hol yuzaga kelgan. Ushbu holat rejissyorlar aktyorlar yetovida yuribdi, degan xulosa chiqarishga sabab boʻladi.

Aktyor oldiga aniq vazifa va talab qoʻyib, tavakkal qiladigan rejissyor yoʻq, chamasi.

Bundan yuz yillar burun kino haqida "sanʼatlar ichida eng muhimi", deb aytilgan gap bugun ham dolzarbligicha qolmoqda.

Oʻtgan yilda "Kinochilar uyi" buzildi, shu bilan birga ularning ongidagi eski qoliplar, qarashlar, fikrlar ham buzildimikin?

Koʻramiz! YO kinochilar yoki vaqt koʻrsatadi.

Asosiy mavzular