01:50 22 Aprel 2018
Efir
Posetiteli vыstavki

Innovatsiya, innovatsiya, innovatsiya: bizga u nimaga kerak?

© Sputnik / Ramil Sitdikov
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
201452

"Innovatsiya" soʻzi koʻp yangraydigan boʻlib qoldi, uni elektron va bosma nashrlarda, radio orqali, aksariyat vazirliklar yillik ish dasturlarida ham uchratish mumkin. Eʼtibor bersam, yaqinlarim davrasida ham bu soʻz tez-tez jaranglay boshlabdi. Bu atamaning maʼnosi nima va uning kundalik hayotimizga singdirilishi mamlakat taraqqiyoti uchun naqadar muhim?

Toshkentdagi Talabalar shaharchasida Innovatsiyalarni tatbiq etish ilmiy-amaliy markazi barpo etilishi haqida eʼlon qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev "Xalqimiz dunyoqarashida innovatsiya muhitini yaratish eng muhim vazifamizdir. Innovatsiya boʻlmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish boʻlmaydi. Bu sohadagi oʻzgarishlarni xalqimizga keng targʻib qilmasak, odamlarda koʻnikma paydo qilmasak, bugungi davr shiddati, fan-texnikaning mislsiz yutuqlari bilan hamqadam boʻlolmaymiz", degan edi.

Joriy yil "Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili", deb eʼlon qilingach, mamlakatda "innovatsiya" soʻzi koʻp yangray boshladi: oynai jahonda ham, elektron va bosma nashrlarda ham, radio orqali ham, hatto, aksariyat vazirliklar yillik ish dasturlarida ham aynan shu vaqtgacha bizga deyarli notanish boʻlgan "innovatsiya" soʻzini uchratish mumkin.

Eʼtibor bersam, turli sohalarda ishlaydigan tanishlarim davrasida ham bu soʻz tez-tez jaranglay boshlabdi.

Ammo… koʻpchilikning dardi ichida.

"Innovatsion gʻoya" berish topshirigʻini olgan aksariyat fuqarolar bu soʻzning maʼno-mazmuni, mohiyatini toʻliq anglagani yoʻq. "Innovatsion gʻoya berishim kerak ekan. U nima oʻzi?" degan savol bilan bir-biriga murojaat qilayotgan fuqarolar soni bugun koʻpaygani rost.

Internet sahifalarida ham innovatsiyaga oddiy soʻzlar bilan javob topishni istagan foydalanuvchilar koʻplab uchramoqda.

Haqiqatan ham, oʻzbek tiliga oʻgirganda hozircha "noodatiy yechim" tarzida qoʻllanilayotgan bu soʻzning insonlar kundalik hayotiga singdirilishi fuqaro hayotida qanday aks-sado beradi? Innovatsiya mamlakat taraqqiyotida qanday rol oʻynaydi? U nima oʻzi?

Innovatsion rivojlanish yoʻlini tanlagan Oʻzbekiston

Shu kechayu-kunduzdagi hayotimiz yangi tushunchalar, mahsulotlar, texnologiyalarga limmo-lim. Nafaqat Oʻzbekiston, balki dunyo taraqqiyotning yangi — innovatsion yoʻlini tanlagan. Nega?

Chunki bugun innovatsion gʻoyalar, yangiliklar — mamlakatning rivojlanish darajasini belgilab bermoqda.

Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakili Xideki Mori Oʻzbekiston Respublikasi 2030 yilga kelib daromadi oʻrtadan yuqori boʻlgan mamlakatga aylanishini prognoz qilgan edi.

Innovatsiya nima uchun kerak?

Innovatsiyalar ahamiyatini baholash oʻta murakkab. Bugungi kunda siz-u bizning hayotimizni oʻzgartirgan innovatsiyalarning aksariyati ilmiy laboratoriyalarda dunyoga kelgan. Olimlar koʻplab organizmlarning genetik tarkibini aniqlashga muvaffaq boʻldilar, bu esa biotexnologiyalar — organizmdagi genetik materiallarni boshqarish haqidagi fanning rivojlanishiga olib keldi.

DNK analizi Janubi-Sharqiy Osiyoda yuz bergan tsunamidan keyin yoʻqolgan bolalar va ularning ota-onalarini birlashtirish imkonini bergan edi.

Shuningdek, yangi texnologiyalar jinoyatlar surishtiruvini oʻtkazish va jinoyatchilarni izlash usullarini oʻzgartirmoqda.

Innovatsion oʻzgarishlarning aksariyat qismi hayotimizga sanoat tovarlari bilan kirib keladi va hayot tarzimizni yaxshilashga, yengillashtirishga qaratilgan. Misol uchun, elektron-nurli televizor va monitorlardan suyuq kristalli ekranlarga oʻtish. Uyali aloqa vositalarining kirib kelishi yana bir yaxshi innovatsion yangilikka misol boʻla oladi. Umuman, yoppasiga xaridor qiziqishiga sabab boʻlayotgan tovarlar borki, singdirilgan innovatsiyaga misol tarzida qoʻllasa boʻladi.

Deylik, chang yigʻuvchi xaltasi boʻlmagan changyutgichlar (bu ajoyib kashfiyot uy bekalarimiz tomonidan munosib baholanishi, shubhasiz), raqamli fotoapparatlar va videokameralar va boshqa koʻplab tovarlar ortida innovatsion yangiliklar turadi.

Eslatib oʻtmoqchiman, 2017 yil oxirida Parlamentga yoʻllagan murojaatnomasida prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi ilm-fan ahvolini qattiq tanqid qilgan va 25 yil davomida mamlakat ilm-fan bilan shugʻullanmaganini, balki borini yoʻq qilganini aytgan edi.

Oʻzbekistonda innovatsiyalarga "yashil chiroq" yoqildi

Innovatsiyalarning paydo boʻlishi ortida — uzoq yillar davomida amalga oshirilgan oʻta mashaqqatli mehnat yotadi. Ammo koʻpincha, innovatsiyani yaratishdan koʻra, uni singdirish oʻta qiyin masalaga aylanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda innovatsiyalarga "yashil chiroq"ni yoqish maqsadida, "Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida"gi farmonni imzoladi.

Yangi vazirlik vazifalari mamlakatda ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatining istiqbolli yutuqlarini targʻib qilish, bu borada samarali mexanizmlarni ishlab chiqish, ilmiy-eksperimental ixtisoslashgan laboratoriyalar, yuqori texnologik markazlar, texnoparklar va boshqa innovatsion tuzilmalarni mustahkamlashdan iborat.

Maʼlum qilinishicha, innovatsiyalarni tatbiq etish ilmiy-amaliy markazida buning uchun barcha sharoit yaratiladi. Ushbu muassasada ilmiy-konsultativ, iqtisodiyot tarmoqlari innovatsion ehtiyojlarini oʻrganish, yoshlar innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash xizmatlari, masofaviy taʼlim kurslari yoʻlga qoʻyiladi. Iqtidorli yoshlar bu yerda yangi ishlanma va texnologiyalar bilan tanishish barobarida start-ap loyihalarida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.

Multimillioner boʻlishni xohlasangiz, innovator boʻling 

Bugungi kunda Oʻzbekistonni kelajakda boy qiladigan tadbirkorlik sohasini misol tarzida oladigan boʻlsak, oʻz biznesida yangi, noanʼanaviy yoxud bozorda allaqanday yangi tovarni taklif qilgan tadbirkor xaridorlar eʼtiborini qozonish singari noyob imkoniyatga ega boʻladi. Bunday tadbirkorlar "innovatorlar" deyiladi. Bozorning qolgan ishtirokchilari vaziyatni obdon oʻrganib, mijozlarga muqobil tovarni taklif eta boshlagach, ushbu tovar yangilik safidan chiqariladi va qoʻshimcha daromad keltirmay qoʻyadi. Demak, innovatsiya oʻz davrini yakunlaydi va anʼanaviy tovarga aylanadi. Endilikda qoʻshimcha daromad manbai uchun navbatdagi innovatsiya zarur boʻladi.

Qadriyatlarga erishish vaqti qisqaradi

Insoniyatning eng oliy qadriyatlaridan biri — salomatlik sohasini olaylik (chunki sogʻlom boʻlishni istisnosiz hamma xohlaydi).

Innovatsion yangilik jihatdan 2018 yil Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash sohasida juda qiziq yil boʻlishi kutilmoqda.

Mamlakatda homiladorlikning dastlabki ikki oyida ayollar markaziy koʻp tarmoqli tuman (shahar) poliklinikalarida tugʻishdan oldin ommaviy tekshirilishini — mamlakat sogʻliqni saqlash tizimiga singdirilgan 2017 yilning eng yaxshi innovatsion gʻoyasi sifatida misol keltirish mumkin.

Afsuski, ogʻir irsiy kasalliklardan hech kim kafolatlanmagan. Ammo endilikda xavf guruhiga kiradigan homilador ayollarda genetik sindromlarni biokimyoviy tekshirishni bosqichma-bosqich joriy etish yoʻli bilan homilada tugʻma va irsiy kasalliklarning oldi olinadi hamda ularga barvaqt tashxis qoʻyish chora-tadbirlari takomillashtiriladi.

Bir soʻz bilan aytganda, oʻn toʻqqizinchi asrda oʻtkazilgan ilmiy tadqiqotlarda ilk marta paydo boʻlgan "innovatsiya" atamasidan, toʻgʻrirogʻi oʻzgarishlardan qoʻrqish kerak emas. Negaki, innovatsiya bu — ishlab-chiqarilayotgan mahsulotlar va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishni taʼminlashga qaratilgan yangilikdir.

Innovatsiyani maqsadga erishish sifatida olib qaraydigan boʻlsak, maqsad inson ehtiyojlaridan kelib chiqadi. Demakki, innovatsion gʻoyalar orqali biz qadriyatlarga indin emas, balki ertaroq, ertaga erishishimiz mumkin. 

Tez rivojlanayotgan, ilm-fan sohasida tobora yaxshilanayotgan davlat esa dunyodagi eng taraqqiy etgan davlatlar roʻyxatida yetakchilik qiladi. Innovatsiya — bu iqtisodiy oʻsish, demakki ijtimoiy farovonlik va jamiyat rivoji garovi. Innovatsion rivojlanish yoʻlini tanlagan Oʻzbekiston esa mana shunday katta yoʻl boshida.

Asosiy mavzular