18:06 14 Avgust 2020
Efir
  • RUB138.65
  • EUR12059.09
  • USD10231.71
Analitika
Havola olish
2738121

AQShdagi investitsiya kompaniyalaridan birining katta sarmoya tahlilchisi Arobiddin Toʻraxonov oʻz faoliyati va Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida oʻrtoqlashdi

TOSHKENT, 23 fev — Sputnik, Dilshodbek Asqarov. AQShdagi investitsiya kompaniyalaridan birida katta sarmoya tahlilchisi sifatida faoliyat yuritayotgan Arobiddin Toʻraxonov Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, AQShdagi vatandoshlar hamda mamlakat taraqqiyoti borasidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

- Arobiddin, keling, yoshligingizni yodga olaylik.

- Andijon shahrida tugʻilganman. Avvaliga shahrimizdagi 50- maktabda (parallel sinfda boks boʻyicha jahon chempioni Ruslan Chagayev oʻqigan), keyinchalik 10-11-sinflarni akademik litseyda muddatidan avval tamomlaganman.

1990-92 yillari respublikada badminton boʻyicha 1-oʻrinni egallab, Oʻzbekiston bayrogʻini Sankt-Peterburg shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro musobaqada baland koʻtargan kunim haligacha yodimda va oʻshandagi hissiyotni hech qachon unutmayman.

Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutida (hozirgi Andijon mashinasozlik instituti) oʻqish davrida paxta terimiga chiqqanmiz va eng koʻp paxta tergan talaba sifatida rektorimiz Tohirjon Iminov tomonidan qoʻl soati bilan taqdirlanganman. Bu soatni dadamga sovgʻa qilganman.

Arobiddin Turaxanov
Foto iz lichnogo arxiva
Arobiddin Turaxanov

Hayotimda asosiy oʻzgarish Toshkent Davlat texnika universiteti qoshidagi Malayziya-Oʻzbekiston biznes boshqaruv fakultetiga qabul qilinganimdan keyin roʻy berdi. Bu oliygoh fikrlashimni butkul oʻzgartirib tashladi. Bu maskanda erkin fikrlashga toʻsqinlik yoʻq, talabalar orasida raqobat kuchli ekanligi katta ahamiyatga ega boʻldi. 1996-2000 yillari bu fakultet kuchli hisoblangan. Bizning oʻsha paytdagi dekanimiz Rustam Qosimov boʻlganlar. Ajoyib inson. Ingliz va arab tillarini mukammal biladi hamda haqiqiy psixolog. Shu inson sabab Londonda saboq olishga muyassar boʻldim. Darvoqe, oʻgʻlimning ismi ham Rustam.

- Ilk bor ishlab topgan pulingizni eslay olasizmi? Qanday ishlab topgansiz va nimaga sarflagansiz? 

- Ha, albatta. Yetti yoshimda yoz faslida uch oy qishloqdagi qarindoshlarimnikida turganman. Oʻshanda beda urugʻini terib sotganman. Topgan pulimning bir qismini qoʻl soati sotib olishga sarflaganman. Buning sababi, vaqtni tejashni yaxshi koʻrardim.

Keyinchalik togʻalarimdan biri bilan qovun sotganman. Toʻplagan pullarimga qadimiy qogʻoz pullar va tangalar sotib olardim. Andijon shahridagi muzeyga borib oʻsha yerdagi qadimiy pullarni tomosha qilardim.

- Hayotingizda kasbingizni tanlashingizga taʼsir qilgan voqea, kitob yoki inson boʻlganmi?

— Bu borada bizning oilada dadam va onam orasida hamisha kelishmovchilik boʻlgan. Oʻsha davrda dadam ichki ishlar boʻlimida ishlagani uchun meni Moskvadagi Suvorov maktabiga yubormoqchi boʻlganlar. Onam esa tugʻruqxonada ishlagani uchun hamisha shifokor boʻlishimni orzu qilganlar. Lekin taqdirim iqtisod va moliya sohasi bilan bogʻliq ekan.

Londonda oʻqib yurganimda "Yolgʻonchi broker — rogue trader" va"Maymuncha ish — monkey business" deb nomlangan, real voqealar asosida yozilgan moliya bozori mavzusidagi kitoblarni oʻqigan edim. Menda bu kitoblar kapital bozori qanchalik muhimligi toʻgʻrisida taassurot qoldirgan.

-Kasbiy faoliyatingiz nimadan boshlangan? Bugungi darajangizga qanday erishgansiz? Ayni paytda ishingiz nimadan iborat?

— Kasbim tanlanishi tasodifiy. Afsuski, menda mentor (yoʻl koʻrsatuvchi) boʻlmagan va men koʻp vaqtni boy berib qoʻydim deb hisoblayman.

1997-98 yillari Oʻzbekiston qimmatli qogʻozlar bozorida brokerlik faoliyatini amalga oshirish litsenziyasiga ega boʻlgan eng yosh mutaxassis boʻlganman. Dastlabki ish faoliyatim ham Toshkent Fond birjasidan boshlangan.

Hozirda AQShdagi moliyaviy kompaniyalarning birida shu kompaniya oʻzi uchun sotib oladigan va sotadigan aktsiya va obligatsiyalarni boshqarishda katta sarmoya tahlilchisi vazifasini bajaraman.

Har bir yutuq ortida koʻp mehnat va sabr-toqat yotadi. Inglizlarda bir gap bor: Your level of success is only predetermined by your level of effort. Yaʼni sizning muvaffaqiyatingiz darajasi saʼy-harakatingizga bogʻliq.

- Ishingizning siz uchun qiziqarli jihati nimada?

— Qiziqarli tomoni shundaki, bozor hamisha oʻzgaruvchan va bu bizdan doimiy ravishda izlanishni, yangi narsalarni oʻrganishni, oʻz ustimizda ishlashni talab qiladi. Yana bir jihati — erkin fikrlash va doʻstona muhitning borligi.

- AQShdagi tajribangizdan kelib chiqib Oʻzbekiston moliya muassasalari oldida turgan vazifa nimalardan iborat deb oʻylaysiz? Amerika tajribasi Oʻzbekistonda qoʻllash uchun mos keladimi? 

- Bilasizmi, ikkita bozor bor: tovar va moliya bozorlari. Tovar bozori sekin harakat qiladi, moliya bozori esa juda tez. Iqtisodni koʻtarish uchun bank-kredit va qimmatbaho qogʻozlar bozorlari tizimlarini ham rivojlantirish kerak deb oʻylayman. Bu ham sarmoya olib keladi, ham kapital aylanishini tezlashtiradi.

Bank-kredit sohasida menimcha nemis va yapon tajribasini qoʻllash kerak. Yaʼni tadbirkordan (qarz oluvchidan) 110% garov talab qilish emas, balki uning tadbirkorlik faoliyatidagi muvaffaqiyat va inqiroz (SWOT analizi) ehtimollarini yaxshiroq oʻrganish va bank pulni qaytarib olgunga qadar tadbirkor faoliyatini nazorat qilish kerak. Fond bozori tajribasini AQShdan olsa boʻladi.

Oʻzbekistonda sugʻurta bozori ham sust rivojlangan. U moliya bozorining asosiy qismlaridan biri.

Amerika tajribasi nima ekanligiga aniqlik kiritsak. Amerika iqtisodiyoti erkin bozor printsipiga asoslanadi. Kapital erkin faoliyat yuritadi. Raqobat kuchli. AQShda eng koʻp yangiliklar axborot texnologiyalari industriyasida kuzatiladi. Nega? Chunki bu sohaga hukumat eng kam aralashgan va bu soha eng koʻp erkinlikka ega. Albatta, AQShda ham kamchiliklar yoʻq emas.

Davlat xususiy sektor bilan raqobat qilishi kerak emas. Buning uchun xususiylashtirish jarayonini tezlashtirish kerak. Oʻzbekistonda bank sektorida 60% aktivlar davlatga tegishli banklar qoʻlida.

- Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarni kuzatib borasizmi? Bugungi islohotlar haqidagi fikringiz? Valyuta bozorining liberallashtirilishi mamlakat iqtisodiyotiga qanday taʼsir koʻrsatadi?

— Ha, albatta, kuzatib boraman. Oʻzbekiston mening vatanim. Oʻzbekistonda har bir sohada inqilob boʻlyapti. Afsus, buni hamma ham hali tushunib yetmadi. Bunday islohotlarga erishish uchun ayrim mamlakatlarda qon toʻkiladi yoki bunga umuman erisha olmaydi. Oʻzbekistonda bu tinch yoʻl bilan kechayotganligi prezidentning dono siyosat yuritayotganligidan darak beradi.

Birinchi yilning oʻzidayoq valyuta bozorining erkinlashtirilishi Oʻzbekiston iqtisodiyotining eng katta yutuqlaridan biri boʻldi. Buning mevasini besh yildan keyin koʻra boshlaymiz.

Bilasizmi, valyuta bozorini erkinlashtirish yoki unday qilmaslik borasida yuqori doiralarda koʻp munozaralar boʻlgan, albatta. Menimcha, 2000-yillarda konvertatsiyani ochish kerak edi.

Fikrimcha, shu kungacha valyuta bozorining liberallashtirilmagani koʻproq siyosiy masala boʻlgan, iqtisodiy emas. Mana, konvertatsiya ochildi. Inqiroz boʻldimi?

Inqiroz boʻlishi uchun iqtisodiyot katta boʻlishi, spekulyativ hujum boʻlishi kerak, yaʼni hamma birdaniga soʻmni sotishi va pulini olib chiqib ketishi, kapital tanqisligi va boshqalar. Bizda dollarizatsiya (jamgʻarmasini dollarda saqlash) tizimi allaqachon hayotimizga kirib boʻlgan. Qolaversa, Oʻzbekistonning oltin-valyuta rezervlari 28 mlrd dollarga teng. Bu yalpi ichki mahsulotimizning deyarli 40% ini tashkil etadi. Tashqi qarzlar yalpi ichki mahsulotga nisbatan atigi 12-13% atrofida.

Yana bir narsani aytib oʻtish zarur: valyuta inqirozi bu anomaliya, yaʼni hattoki sogʻlom iqtisodiyotda ham har 19-24 oyda kuzatilishi mumkin. Shuning uchun u bilan kurashish tizimini puxta ishlab chiqish kerak. Markaziy bank eʼtiborni inflyatsiyaga emas, balki yalpi ichki mahsulot oʻsish darajasiga qaratishi kerak deb oʻylayman.

Bugungi kunda Qozogʻiston yalpi ichki mahsuloti hajmi taxminan 190 mlrd dollarga teng. Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich uch baravar past. Shu bilan birga, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning 75%i Qozogʻistonga, 25%i esa Markaziy Osiyoning qolgan mamlakatlariga toʻgʻri keladi. Lekin Oʻzbekistonning imkoniyatlari, salohiyati va aholi soni Qozogʻistonnikidan yuqori.

- Sizningcha, qanday qilib Yaponiya va Singapur kabi rivojlangan davlatga aylanish mumkin?

— Yaponlar darajasiga erishish uchun yaponlar kabi fikrlash, yaponlar kabi mehnat qilish, yaponlarga oʻxshab halol turmush tarziga oʻtish kerak. 

Bilasizmi, arab davlatlaridan Yevropaga tashrif buyurgan islom ulamolaridan biri quyidagi gapni aytgan ekan: musulmonni koʻrmadim, lekin islomni koʻrdim.

Avvalambor halol yashashimiz, bir-birimizni aldash, birovning haqini yeyishdan uzoqroq yurishimiz kerak. Koʻp muammolarning yechimi oddiy. Buning uchun Vatanni sevish, masʼuliyatni his qilish, milliy qadriyatlarimiz, muqaddas dinimiz va hadislarga tayanib yashash kerak deb oʻylayman.

Bugungi kunda boʻlayotgan oʻzgarishlar shu tezlikda va shunday davom etsa, biz ham Yaponiya va Singapur darajasiga yetib olishimizga imkoniyat bor. Men prezident Shavkat Mirziyoyevga, xalqimga ishonaman, Oʻzbekiston kelajagi buyuk davlat boʻlishiga hech shubham yoʻq. Lekin bunga vaqt kerak, sabr va koʻp mehnat talab qilinadi.

Rivojlangan davlatlar modellarining yaxshi tomonlarini oʻrganishimiz va oʻzimizga mos kelgan tomonlarini qoʻllashimiz, xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqani kuchaytirishimiz kerak. Unday qilmasak, Toj Mahallar AQSH, Yevropa va Rossiya kabi mamlakatlarda qurilaveradi.

- Oʻzbekistonda ish samaradorligini oshirish uchun rahbarlar nimalarga eʼtibor berishi kerak deb oʻylaysiz?

— Katta islohotlar qilish mumkin, lekin ayrim narsalar oʻzgarishi uchun vaqt talab etiladi. Farzand tugʻilishi uchun 9 oy, balogʻatga yetishi uchun 18 yil kutish kerak.

Hozir eng asosiysi, oʻz kasbining ustalarini, egalarini, halol insonlarni ishga jalb qilish. Oʻzbekistonda iqtidorli yoshlar koʻp, lekin aksariyati xususiy sektorda ishlamoqda. Agar davlat idoralari ishga qabul qilishni tanlov orqali qilsa, menimcha yaxshi mutaxassislarni jalb qilsa boʻladi.

Buning uchun ishga qabul qilish tizimini qayta koʻrib chiqish kerak, mustaqil test sinovlari, keyin esa suhbat kabi bosqichlar tashkil qilish kerak.

Eski avtobiografik anketalardan voz kechib, yangicha rezyume kabi qarashlarni kiritish kerak. Ishga qabul qilish anketalaridagi yoshi, millati, qaynotasi, bobosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning xodim malakasiga aloqasi yoʻq. Undan koʻra bilimi, xarakteri, tirishqoqligi, izlanuvchanligi, halolligiga eʼtibor qaratilsa, menimcha samarasi yaxshiroq boʻladi.

Keyin, xodimlarga imtiyozlar (tekin sugʻurta, arzon uy, kredit va boshqalar) yaratilishi kerak. Yana bir muhim masala, ishga jalb qilgandan keyin ularning erkin fikrlay olishiga toʻsqinlik qilmaslik. Buning uchun ularni himoya qilish dasturi yaratilishi kerak. Yaʼni rahbariyat sababsiz (ishga bogʻliq boʻlmasa) ishdan hayday olmasligi kerak. Mabodo ishdan haydalsa, bu insonlarga kamida olti oy mobaynida toʻliq oylik toʻlash kerak, chunki ularning ham oilasi, qorni bor. Shu vaqt ichida unga boshqa ish topib olish imkoniyati beriladi.

AQShda rahbar ishga oʻzidan aqlliroq insonlarni olishga harakat qiladi. Chunki ishni bajaradigan odamlar quyi pogʻonadagilardir. Rivojlangan davlatlarda rahbariyat va quyi qatlam oʻrtasidagi munosabat hurmat asosiga qurilgan. Misol uchun, bizning rahbar hech qachon xonasida oʻtirib olib, xodimni oʻzining oldiga chaqirmaydi. Savoli boʻlsa, oʻzi oldimizga keladi va fikrimizga quloq soladi, hisoblashadi.

- AQShdagi oʻzbek diasporasi bilan muloqot qilib turasizmi? Ular Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar haqida qanday fikrda?

- Ha, albatta. Bu yerda doʻstlarimiz koʻp, ular bilan aloqamiz bor. Oʻzbekistondagi oʻzgarishlardan hamma xursand. Boʻlayotgan oʻzgarishlar, ayniqsa Milliy xavfsizlik xizmati bilan bogʻliq islohotlar koʻpchilikda kelajakni Oʻzbekiston bilan bogʻlash va qayta tiklash umidini kuchaytirdi. Biz oʻzbeklarda tarbiya boshqacha. Vatanga muhabbat kuchli. AQShda ham Oʻzbekiston Mustaqilligi kunini osh bilan kutib olamiz.

- AQShdagi vatandoshlar Oʻzbekiston ravnaqi uchun hissa qoʻshishga qay darajada tayyor? Ularning salohiyatidan foydalanish uchun qanday shart-sharoitlarni yaratish kerak?

— Koʻp vatandoshlar Vatan rivojiga oʻz hissasini qoʻshishga tayyor. Buning uchun shart-sharoit, yaʼni ularning erkin faoliyat olib borishiga imkoniyat berilishi kerak.

Oʻzbekistonda tizim qanday holatda ekanligi toʻgʻrisidagi fikr birinchi boʻlib xorijiy aeroportlarda "Oʻzbekiston havo yoʻllari" xodimlariga yuklarni topshirish va chiptani registratsiya qilish paytida, keyingisi esa Toshkent aeroportiga qoʻngandan keyin yukni olish va chegaradan oʻtish paytida hosil boʻladi.

- Kelgusida Oʻzbekistonga qaytish yoki AQSH-Oʻzbekiston hamkorligida biror loyihani amalga oshirish rejangiz bormi?

— Bunday rejalar yoʻq emas. Shaxsan men hech qachon bir umr AQShda qolib ketish niyatida emasman. Hozirgi kunda bir loyiha ustida ishlayapman. Nasib qilsa, ushbu loyiha orqali Oʻzbekiston ravnaqiga oz boʻlsa-da yana bir bor hissa qoʻshish istagidaman.

Asosiy mavzular