15:08 26 May 2018
Efir
  • EUR9396.79
  • RUB128.37
  • USD7997.95
Tramp o peredannыx TSRU razveddannыx RF dlya predotvraщeniya terakta v Sankt-Peterburge

"Yuqori darajadagi" telbalik: Tramp Eron bilan kelishuvni bekor qilib nimaga erishdi

© Ruptly .
Analitika
Havola olish
Gevorg Mirzayan
202070

Donald Tramp nima uchun Eron bilan yadroviy kelishuvni bekor qildi, bundan kimga foyda, endi AQSH, Eron, Yevropa va butun dunyoni nima kutmoqda - Sputnik kolumnisti mulohazasida.

Donald Tramp Eron bilan yadroviy kelishuvdan chiqishini eʼlon qildi. Va bu bilan prezidentlik davridagi eng katta tashqi siyosiy xatoga yoʻl qoʻydi.

Soʻnggi daqiqalargacha tahlilchilar moʻʼjizadan umid qilib turishdi. Ular AQSH prezidenti oxirgi lahzada fikridan qaytadi deb oʻylashgandi. Ammo 8 may kuni Tramp kelishuvni yana bir bor "chuqur nuqsonli" deb atadi, AQSH bu kelishuvdan chiqishini eʼlon qildi va "Eron rejimiga qarshi eng yuqori darajadagi" sanktsiyalarni tiklashni boshlash haqidagi farmonni imzoladi.

Isroil va Saudiya Arabistoni manfaatlari yoʻlida

Mazkur vaziyatning eng kinoyali jihati shundaki, Trampda yadroviy kelishuvdan chiqish uchun hech qanday qonuniy asos yoʻq. Eron yadroviy kelishuvning barcha shartlariga toʻliq amal qildi va buni baholash huquqiga ega boʻlgan yagona organ — MAGATE bir necha bor tasdiqladi.

Trampning eʼtirozlariga kelishuvdagi ayrim jihatlar yoqmaganligi sabab boʻldi — masalan, unda Eron raketa dasturi haqidagi band yoʻqligi hamda Eronning tinch yadroviy dasturi boʻyicha cheklovlarning vaqtinchaligi. Trampning ittifoqchilari va Eronni kelishuvni qayta tuzishga majburlashga urinishlari kutilganidek samara bermadi (chunki xalqaro munosabatlarda bunday ish tutilmaydi) va u kelishuvdan chiqishini eʼlon qildi.

Hammadan koʻproq albatta Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu xursand  boʻldi. U "Trampning bu dahshatli kelishuvdan chiqishini toʻla-toʻkis qoʻllab-quvvatlaydi". Boʻlib ham soʻzdamas, amalda — Tel-Aviv Amerikaning kelishuvdan chiqishiga qonuniy asos keltirishga urinib Eron maxfiy ravishda yadro quroli ishlab chiqayotganligining isboti borligini maʼlum qildi.

Netanyaxuning urinishlarini tushunsa boʻladi — isroilliklar Yaqin Sharqda Eronning taʼsiri keskin oʻsishidan qattiq xavotirda va sanktsiyalarning tiklanishi Eronning imkoniyatlarini oz boʻlsada cheklashidan judayam umid qilishmoqda. Koʻpi bilan esa Eron yadroviy dasturining tiklanishi AQSH va Eron oʻrtasida harbiy toʻqnashuv keltirib chiqaradi. Oqibatda esa eronliklar ortga chekinishi mumkin.

Saudiyaliklar ham xuddi shu sababli quvonishmoqda — shahzoda Muhammad ibn Salmon uchun Eron xuddi tomoqqa tiqilgan suyakka oʻxshaydi va u ham Islom Respublikasi amerikaliklar qoʻli bilan majaqlanishiga qarshi emas.

Yakkalanishga marhamat

Amerikaliklar ham quvonishlari kerakmi? Bu judayam qiyin, chunki Amerika prezidentining qarori mamlakat milliy manfaatlariga toʻgʻridan-toʻgʻri zarba beradi. Va bu AQSH Yaqin Sharqda navbatdagi urushga kirishi sababligina emas.

Birinchidan, Qoʻshma Shtatlar qurol tarqatmaslik rejimini xavf ostiga qoʻyadi. Eron yadroviy kelishuvi atom muammolarini urushmasdan ham hal qilish mumkinligini isbotlovchi voqea edi. Yadroviy dasturni vaqtinchalik cheklash yoʻli orqali mamlakat jahon iqtisodiyotiga qoʻshiladi, unda ishonch muhiti shakllantiriladi va shundan soʻng mamlakatning oʻzi yadroviy qurol yaratish uchun oʻz maqomidan ajralishni istamay qoʻyadi.

Hozir esa mutlaqo boshqacha vaziyat yuzaga keldi — xalqaro kelishuvni amerikaliklar istagan vaqtlarida buzishi mumkinligini har qanday mamlakat anglab yetdi.

Kelishuvdan oldingi holatga eronliklar qayta olishmaydi — ular ancha obʼyektlar va boyitilgan uran zaxiralarini yoʻq qilishgan.

Ikkinchidan, AQShning sobiq vitse-prezidenti toʻgʻri taʼkidlaganidek, kelishuvdan chiqish haqidagi qaror "AQShni deyarli har bir davlat koʻz oʻngida yakkkalab qoʻyadi, ularga va ularning yetakchilik maqomiga boʻlgan ishonchga darz ketishiga olib keladi".

Tel-Aviv va Ar-Riyoddan farqli oʻlaroq, aksariyat davlatlar poytaxtlari AQShning yadro kelishuvidan chiqishiga butunlay qarshi boʻlishdi. Va bu masalada Donald Tramp oʻz ittifoqchilari —Germaniya kantsleri Angela Merkel, Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey va Frantsiya prezidenti Emmanuel Makronlar (Tramp, Eron, Xitoy va Rossiya bilan birgalikda kelishuvni imzolaganlar) bilan ham til topisha olmadi. Ular oxirgi lahzalargacha prezidentni fikridan qaytarishga urinishdi.

Sharmandalik va urush oʻrtasida

Bundan tashqari, Tramp ittifoqchilarini antiqa tanlov qarshisida qoldirdi. Amerika prezidenti barcha mamlakatlar uning Islom Respublikasiga nisbatan qoʻllayotgan "yuqori darajadagi" sanktsiyalariga amal qilishlari shartligini bildirdi. Boshqacha qilib aytganda, Yevropa Eron bilan soʻnggi yillarda tuzgan investitsiya va shartnomalarini axlatga uloqtirishi kerak. Hozirda YEI ikki oʻt orasida: Amerikaning talabiga boʻysunishi kerak yoki oʻz kompaniyalari va manfaatlarini himoya qilgan holda unga qarshilik koʻrsatishi kerak. Kerak boʻlsa, mabodo Amerika Yevropa firmalariga sanktsiya qoʻllaydigan boʻlsa, unga javob sanktsiyalarini qoʻllashi kerak.

Vaziyat Cherchilning sharmandalik va urush oʻrtasidagi tanlov haqida aytgan mashhur iborasini eslatadi. Uning soʻzlariga koʻra, sharmandalik va urush orasida sharmandalikning tanlanishi kelgusida baribir urushga olib keladi. YEI rahbarlari agarda hozir Yevropa boʻysunadigan boʻlsa, Tramp boshqa masalalarda ham yevropaliklarni Amerika tashqi siyosatiga boʻysundirishda davom etishini, bunda yevropaliklarning fikri uni mutlaqo qiziqtirmasligini tushunib turishibdi.

Qarshilik koʻrsatish borasida ovozlar yangramoqda — hatto Yevrokomissiya aʼzolari "sanktsiyalar urushi" boshlansa Amerika kompaniyalariga nisbatan sanktsiya kiritish imkoniyatlari haqida gapirishmoqda. Va eronliklar bu ovozlar kuchayishi va qoʻllab-quvvatlanishi uchun bor imkoniyatlarini ishga solishmoqda.

Aynan shu bois Tehron bu oʻyinda aqlli yurish qilmoqda — Islom Respublikasi kelishuvdan zudlik bilan chiqishini va oʻz yadroviy dasturini tiklashini eʼlon qilmadi. "Endilikda bu kelishuv Eron va qolgan besh mamlakat oʻrtasida davom etadi", — dedi EIR prezidenti Hasan Rouhani. Lekin bu qaror vaqtinchalik — eronliklar oʻylab koʻrishadi. Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifning soʻzlariga koʻra, yadroviy kelishuvning qolgan aʼzolari Eron "manfaatlari"ni taʼminlay oladimi-yoʻqmi, sinab koʻrishadi. Boshqacha aytganda, Tehron investitsiya va shartnomalarni himoya qilish boʻyicha Yevropaning kafolatini olmoqchi. Shundan keyingina Eron yadroviy kelishuvda qolish-qolmaslik haqida qaror qabul qiladi.

Asosiy mavzular