16:00 14 Avgust 2018
Efir
  • RUB115.07
  • EUR8888.62
  • USD7790.20
Yarmarka vakansiy v Tashkente

Toshkentdagi boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasidan reportaj: ishga muhtojlar nimadan afsuslandi

Sputnik
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
177390

Sputnik Oʻzbekiston muxbiri Toshkentda oʻtkazilgan boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasida boʻlib, ish beruvchilar taklifi ishga muhtojlar talabiga qay darajada javob berdi, degan savolga javob izladi

TOSHKENT, 9 iyun — Sputnik. Oʻz ishini boshlash, bandlikning oʻziga mos variantini topish, mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashish yoki hunar oʻrganish – bugungi kunda Oʻzbekistonda har bir fuqaro istalgan yoʻnalishda oʻzini topa olishi mumkin. Xohish boʻlsa bas.

Albatta, ishning sizga maʼqul kelishi, qolaversa, oylik masalasi ham muhim. Demak, taklif ham bu yerda muhim rol oʻynaydi.

Bugun Toshkent shahridagi Chilonzor tumanida joylashgan Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika universitetida oʻtkazilgan kengaytirilgan boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasida fuqarolarga Toshkent shahrining Chilonzor, Sergeli, Uchtepa, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq korxona va tashkilotlardagi 3 mingdan ortiq boʻsh ish oʻrinlari taklif etildi.

Yarmarka vakansiy v Tashkente proshla vo dvore pedagogicheskogo universiteta imeni Nizami
Sputnik
Yarmarka vakansiy v Tashkente proshla vo dvore pedagogicheskogo universiteta imeni Nizami

Sputnik Oʻzbekiston muxbiri ushbu boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasida boʻlib, ish beruvchilar taklifi ishga muhtojlar talabiga qay darajada javob berdi, degan savolga javob izladi.

Universitet binosi ertalabki soat 10dan odamlarga gavjum. Katta yoshdagi erkaklardan tortib, kollejni endi tamomlash arafasida turgan talabalargacha, ish bilan band boʻlmagan yoshlar va turli yoshdagi ishga muhtoj ayollar shu yerda toʻplanishgan.

Statistika qoʻmitasi taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, 2017 yil yakuni boʻyicha Oʻzbekistonda 837 ming kishi rasmiy ishsiz deb qabul qilinganini eʼtiborga olsak, odamlar gavjumligiga ajablanmasa ham boʻladi.

Oʻzbekistonning turli hududlarida oʻtkazilgan boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalarida “minglab ish izlovchilar ishga yoʻllanma olishgani” haqidagi hisobotlarni mahalliy OAVlarda va Mehnat vazirligi rasmiy saytida koʻp oʻqigansiz.

Yarmarka vakansiy v Tashkente
Sputnik
Yarmarka vakansiy v Tashkente

Ammo bugun oʻtkazilgan yarmarkada fuqarolarning qanchasi ish bilan taʼminlangani haqida emas, balki yarmarkaga ish izlab kelgan ishga muhtojlar (ular orasida oliy maʼlumotlilari ham bor) duch kelgan muammolarga toʻxtalishni lozim topdim.

Misol uchun, Sergeli tumani stendida tashkil etilgan Narkologiya shifoxonasida mavjud boʻsh ish oʻrinlaridan oʻziga maʼqul boʻsh vakansiyani topgan mutaxassisligi iqtisodchi boʻlgan fuqaro ish beruvchilardan yoʻllanma ololmadi. “Propiskangiz” yoʻq ekan, biz faqat “propiskasi”ga qarab yoʻllanma beramiz, boshliq shunday dedi”, — degan javob berildi unga.

Keyingi stolda joylashgan ish beruvchilar oʻz atrofida yigʻilgan fuqarolarga qanday qilib qonuniy haqqini talab qilish asnosida ishga joylashish mumkinligi haqida maʼlumot berayotgan ekan. "Oʻzingiz propiska qilingan hududdagi bandlikka koʻmaklashish markazlariga “meni kvota boʻyicha ishga qabul qiling” deb qonuniy haqqingizni talab qilsangiz, ular sizni ish bilan taʼminlaydi…"

Darvoqe, Bandlikka koʻmaklashish markazlari Oʻzbekistondagi barcha hudud, shahar va tumanlari boʻyicha boʻsh ish oʻrinlari haqidagi maʼlumotlarni jamlab, har oyda ish.mehnat.uz veb saytida eʼlon qilib bormoqda.

Mehnat vazirligi maʼlumotiga koʻra, saytda 5000 dan ortiq boʻsh ish oʻrinlari haqida maʼlumot mavjud. Saytning Interaktiv xizmatlar boʻlimi orqali oʻzingizga mos lavozimga taklif olishingiz va ishga joylashishda yordam olishingiz mumkin. Hatto oʻrindoshlik asosida ham ish boshlashingiz mumkin. Shuningdek, ish izlovchi saytga oʻz maʼlumotnoma(rezyume)sini joylashtirish, toʻgʻridan-toʻgʻri korxona-tashkilotlarga joʻnatish imkoniyatiga ham ega. Ish qidirish jarayonini yanada qulaylashtirish maqsadida boʻsh ish oʻrinlari hudud, shahar va tumanlar boʻyicha kiritilgan. Ishga joylashish boʻyicha shaxsiy yordamchi ish izlovchiga unga mos boʻlgan ishni topishda yordam beradi. Faqat oyligi qoniqtirsa bas. Ish topish muammo boʻlmaydi.

Keyingi — “Chet elga ishga yuborish” deb yozilgan stol qarshisida oʻtirgan yigitga murojaat qilaman: “Chet elga ishga yuborasizlarmi?”

“Ha, chet elga ishga joʻnatamiz, qonuniy joʻnatamiz”, — deydi u savolimga javoban va qaysi davlatga ishga bormoqchi boʻlayotganimga qiziqdi. Ammo maʼlumotim “oliy” ekanligini bilgach, bakalavr diplomiga ega fuqarolarga hozircha vakansiya yoʻqligini aytdi.

U bilan suhbat davomida agar qora ishchi boʻlib ishlashga rozi boʻlsam, Rossiyaning Samara shahrida 35 mingdan-60 ming rublgacha ish haqi toʻlaydigan ishlar borligi haqida maʼlumotlarga ega boʻldim.

Ishga joylashish uchun mendan Mehnat vazirligiga shaxsan murojaat qilish, ish beruvchi bilan suhbatdan oʻtish (bunda ish shart-sharoitlari, ish talablarini bilan tanishish) va agar maʼqul boʻlsa chet elga migrant sifatida yoʻlga chiqaverishim mumkinligini bilib oldim.

Albatta, chet elga ketish shartlari va talablari haqida shu vaqtgacha Sputnik nashri koʻp yozgan. Agar qiziq boʻlsa, quyidagi havolada oʻqishingiz mumkin.

Yarmarkani aylanishni davom etaman.

Sergeli tumani boʻyicha haydovchilar va chipta puli teruvchilarni ishga taklif qilayotgan 12 avtosaroy ish beruvchi vakillari yonida toʻxtayman.

Chipta teruvchilar qancha oylik olishlariga qiziqaman. "Bir yarim million soʻmgacha", — deyishadi javoban.

Yozgi mavsumda talabalarni uch oylik ishga qabul qilasizlarmi, deyman. "Yoʻq, bizga doimiy ish bilan band boʻladigan ish izlovchilar kerak", — deyishadi.

Sergeli tumani ish beruvchilari qatorining eng oxirida milliy hunarmandchiligimiz mahsulotlari chiroyli qilib terilgan stolga koʻzim tushadi. Ammo bu yerda boshqalardan farqli oʻlaroq hech kim yoʻq edi.

Assotsiatsiya narodnыx umeltsev Xunarmand predstavila svoy stend v yarmarke vakansiy, Tashkent
Sputnik
Assotsiatsiya narodnыx umeltsev "Xunarmand" predstavila svoy stend v yarmarke vakansiy, Tashkent

Hunarmandlar uyushmasi vakilidan qanday ish oʻrinlarini taklif etayotganiga qiziqib koʻraman.

"Biz ishni "nol"dan boshlashni maqsad qilgan, hunarmandchilikka qiziqish bildirgan va oʻz ishini boshlamoqchi boʻlgan insonlarga yordam beramiz", — deydi suhbatdosh.

Aniqroq tushuntirishni soʻraganimdan soʻng, davom etadi: "Masalan siz haykalchalar yasaysiz, siz qonuniy ishlashingiz kerak, mahsulotingizni sotishingiz, koʻrgazmalar tashkil qilishingiz kerak — buning uchun fuqaro albatta hunarmandlar uyushmasiga aʼzo boʻlishi kerak".

Hunarmandlar uyushmasiga aʼzo boʻlsam, bu menga nima beradi, deb savol beraman.

"Olti oy imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan eng kam oylik ish haqining 300 barobaridan (51,6 mln soʻm) oshmagan miqdorda imtiyozli mikrokreditlar beriladi. Hunarmandlar uyushmasiga aʼzo boʻlgan hunarmand shunaqa kredit oladi. Ammo bizni maqsadimiz fuqarolarni kreditga emas, hunarmandchilikka jalb qilish", — deb aniqlik kiritadi uyushma vakili.

Suhbat davomida Hunarmand uyushmasiga aʼzo boʻlgan inson, agar u biror hunarga ega boʻlmasa, ustoz hunarmandga biriktirilishi, hunar oʻrgangach esa oʻz ishini boshlashi mumkinligi, hunarmandlar kelajakda pensiya bilan taʼminlanishi va yana qator imtiyozlarga ega boʻlishlari mumkinligi haqida maʼlumot olaman.

"Nega sizlarni stendlaringiz oldida hech kim yoʻq, boshqalarda koʻrib turibsizki ish izlovchilar gavjum koʻp", — deyman xayrlasha turib. "Quyosh boʻlsa kerak sababi”, — deydi tabassum bilan suhbatdosh. Darvoqe, Toshkentda hali soat 11 ham boʻlmaganiga qaramay, jazirama, quyosh nafas olib boʻlmaydigan darajada qizdirgan.

Suhbatdoshimning soʻzlariga shubha bildirmayman.

Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasiga sayohatimni yakunlash qaroriga kelib endi ortga qaytgandim ham bir guruh ayollarga duch keldim. "Bekor kelibmiz, ish yoʻq ekan", dedi ulardan biri yonidagi ayolga murojaat qilib. Qolganlari maʼqullashadi.

Ayollar turgan stend yoniga yaqinlashaman. Tikuvchilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi MCHJlar tikuvchi va shu yoʻnalishdagi kasbga ega ayollarga ish taklif qilmoqda ekan.

Oyligiga qiziqdim — 500 ming. "Oylikni oshirishni iloji bormi?", — deyman boshini quyoshdan pana qilib oʻtirgan ish beruvchi vakiliga. Javob berish oʻrniga qoʻlimga bir parcha qogʻoz tutqazdi.

Qogʻozga koʻz yugurtiraman, "1 mahal issiq ovqat va avtobus xizmati", deb yozilgan. Pastroqda telefon raqami keltirilgan.

Tikuvchilik sohasida ish izlab yurgan ayollarga ham propiska kerak boʻlarmikin, degan oʻyda qogʻozda koʻrsatilgan raqamlarni teraman. Afsuski, qogʻoz parchasida keltirilgan telefon raqami oʻchirilgan boʻlib chiqdi.

Yarmarkani tark eta turib, "Aytishniklarga vakansiya yoʻqmi", deya ish beruvchilarni xol-joniga qoʻymayotgan yosh yigitchaga koʻzim tushdi.

Yonidagi sherigi ham ish izlayotgan, ammo qanday sohadagi ishga joylashmoqchiligini oʻzi ham bilmasdi.

"Maʼlumot bermaysizlarmi, axir ish izlayapti bular", deyman ish beruvchi vakillariga.

"Mana roʻyxatni berdik, oʻziga keraklisini tanlab olaversin". — degan javob oldim.

Oʻzi nima ish keladi qoʻlingizdan, deyman yigitchaga qarab. U bir pas jim turadi. "Shukr, sogʻlomman, hamma ishni uddalayman. Lekin kollejni Ay-ti texnologiyalar boʻyicha shu yil tugataman, oʻz soham boʻyicha ish qidirayotgandim, topa olmadim", — deydi suhbatdoshim.

Toʻgʻri, bu turdagi yarmarkalar hali koʻp oʻtkaziladi, bunga shubha yoʻq. Ammo tashkilotchilarga iltimosimiz, bor. Yarmarkani oʻtkazganingiz haqida hisobot topshirishga emas, balki bugungi kunda vakansiyalarga kiritilmagan mutaxassislikka ega boʻlgan mana shu yosh "aytishnik" singari yigitlarga — ular oʻz imkoniyatlarini yana qaysi sohalarda sinab koʻrishlari mumkinligi haqida ham maʼlumotlar berishga tayyor boʻlsangiz…

Asosiy mavzular