"Duosi mustajob inson" - Anvar qori Tursunovning hayot yo‘li

© Press-klubImam Tashkenta Anvar Tursunov
Imam Tashkenta Anvar Tursunov - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Musulmonlar idorasi Anqar qori Tursunovning jurnal muharrirligidan to bosh imom xatiblikkacha bosib o‘tgan yo‘li, u kishining hayotda qanday inson bo‘lganliklari to‘g‘risida xotiralarni e’lon qildi

TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Anvar qori Tursunovning hayot yo‘li haqida maqola e’lon qildi.

O‘z ishini muharrirlikdan boshlagan

Anvar qori Tursunov 1981-yil Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlab, mehnat faoliyatini "Yoshlik" jurnalida muharrir vazifasidan boshlagan. Keyin O‘zFA, Abdulla Qahhor uy muzeyi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi kabi nufuzli tashkilotlarda faoliyat yuritgan. 1989-1992 yillarda Qur’oni karimning Shayx Alouddin Mansur tarjima qilgan matniga muharrirlik qildi. Ana shu jarayon Anvar qorining ilmiy-ijodiy faoliyatida diniy mavzular yanada ustuvor bo‘lishiga turtki bo‘lgan. 

Diniy faoliyati

Anvar qori Tursunov bevosita diniy sohadagi faoliyatini 1994-yil Toshkentning hozirgi Yashnobod tumanidagi "Yangiobod" masjidi imom-xatibi sifatida boshlagan. "O‘sha yilning o‘zidayoq yurtdoshlarimiz ajoyib bir voizni kashf etdilar", — deyiladi maqolada. 

Anvar kori Tursunov - Sputnik O‘zbekiston
Karimov fondi Anvar qori va Islom Karimov munosabatlari haqida post e’lon qildi

1999 yildan Toshkent shahar bosh imom-xatibi va "Xoja Ahror Valiy" masjidi imom-xatibi bo‘lib ishlash barobarida 2001-yil Toshkent islom institutini ham tugatdi. 2015-yildan boshlab esa "Minor" masjidi bosh imom-xatibi vazifasida faoliyat yuritganlar.

Anvar qori o‘zbek tilini puxta bilgan salohiyatli muharrir bo‘lgani bois O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvolarini tayyorlashda faol qatnashar, diniy nashrlar va mahalliy matbuotga o‘qishli maqolalar yozar, xalqaro anjumanlarda ma’ruzalar bilan ishtirok etar, diniy va ilmiy mavzulardagi asarlarga muharrirlik qilar, radio va televideniyening ma’naviy va ma’rifiy dasturlarida boshlovchilik va chiqishlar qilar edi.

Shuncha ish bilan birga tarjima, ta’lif va tasnifga ham vaqt topar edi. Ayniqsa, olimning "Sharq yulduzi", "Jahon adabiyoti" jurnallari, "O‘zbek adabiyoti va san’ati" gazetasida Alisher Navoiy ijodi va faoliyati, navoiyshunoslik va tasavvuf ilmi haqidagi ko‘plab ilmiy, ma’rifiy-ma’naviy maqolalari o‘quvchilar e’tiboriga tushgan edi.

Bir so‘z bilan aytganda, Anvar qori Tursunov ommaviy axborot vositalari orqali doimiy chiqishlari, diniy mavzudagi ma’ruzalari bilan xalqimiz qalbidan munosib joy olgan ulamo edi.

Talabalardan yordamlarini ayamasdilar

Anvar qori aka "Minor" masjidiga kelganidan so‘ng o‘sha muxlislar oqimi shu yerga kelishni odat qilishdi. Bu odamning ovozida tinglovchiga taskin bo‘ladigan nimadir bor edi. Keyin u kishi tolibi ilmlarga xayrixoh bo‘lgan nihoyatda fazilatli inson edi.

2005 yilgi juma ma’ruzalaridan birida shunday degan edi:

Imam Tashkenta Anvar Tursunov - Sputnik O‘zbekiston
Anvar qori Tursunov vafot etdi
"Bir kuni peshindan keyin namozxonlar tarqaldi. Masjiddan endi chiqmoqchi bo‘lib darvoza yoniga kelsam, bir qizgina mung‘ayib turibdi. Qarshimga chiqib iymanibgina salom berdi. So‘ngra ToshMIga (hozirgi Tibbiyot akademiyasi)  kontraktga o‘qishga kirganini, ammo ota-onasi kontraktga to‘lashga pul topa olmayotganini aytib yordam so‘radi. Fahmladimki, bu dargoh uning so‘nggi ilinji… Menda uncha pul yo‘q. Nima qilishni bilmay boshim qotdi. Keyin "Qizim, siz shu yerda o‘tirib turing, men ichkariga kirib ikki rakat namoz o‘qib chiqaman, Alloh mehribon, biror joydan yetkazib qolar", dedim-da masjidga qaytib kirib ikki rakat hojat namozini o‘qidim. Rabbimizga shuginani noumid qaytarmaslikni so‘rab duolar qilyapman-u, ko‘zim eshikda. Ammo hech kim kelmadi. Axiyri, o‘rnimdan turib qizginaning oldiga bordim. U mening ahvolimni ko‘rib darrov tushundi, hech narsa demadi. Oldin-keyin bo‘lib. tashqariga yo‘naldik. Shu vaqt orqadan birovning "Qori aka!" deb chaqirgani qulog‘imga chalindi. O‘girilib qarasam, orqa darvoza tarafdan bir odam go‘yoki uchib kelyapti. Bizga yetar-yetmas: "Qori aka, kontrakt to‘laydigan talabalar yo‘qmi?" desa bo‘ladimi…”

Bu Anvar qori akaning o‘zi so‘zlab bergan voqea. Endi bevosita o‘zimiz guvoh bo‘lgan hodisaga e’tibor qiling. Bu yil qishda yog‘ingarchilik kam bo‘lib kunlar isib ketgani esingizda. Shunday kunlarning birida juma namozini "Minor" masjidida o‘qidik. Namoz so‘nggida Anvar qori aka sovuq havo va qor yog‘dirishini so‘rab duo qildi. Masjidga kirguncha issiq havodan bir oz lohaslanib turgan edik. Chiqqanimizda ikkita janoza bor ekan. Janozani o‘qigunimizcha havo shu qadar sovidiki, hatto sovqotib qoldik. Biror soat o‘tganidan so‘ng qor aralash yomg‘ir qo‘yib berdi. 

Tatyana va Lola Karimovalar Minor masjidini ziyorat qilishdi - Sputnik O‘zbekiston
Tatyana va Lola Karimovalar Minor masjidini ziyorat qilishdi

Anvar qori aka dilkash suhbatdosh bo‘lib, ko‘ngilga yoqadigan muloyim mutoyiba ham qilar edi. U kishining suhbatiga to‘ymas edi odam. Keyin Anvar qori aka bunday dedilar deb to‘lqinlanib gapirib yurar edi. 

O‘lim oramizdan shunday buyuk insonni olib ketdi. Chunki Alloh taoloning amri shunday bo‘lgan. Ulug‘larimiz aytganidek, bunday zotlar aniq vazifa bilan keladi. O‘sha vazifani o‘rniga qo‘yganidan so‘ng bu dunyo hayotidan haqiqiy dunyo ko‘chadi. 

Bizningcha, Anvar qori Tursunovning vazifasi ko‘ngillarga Islom nurini yoqish, Islom ma’rifatini tarqatish bo‘lgan va u bu vazifani bir ulamoning imkoniyati darajasida muvaffaqiyatli ravishda bajardi. 60 yosh umr ko‘rgan odamga bundan ortiq sharaf bo‘lishi mumkinmi!..

Yangiliklar lentasi
0