02:17 23 Sentyabr 2018
Efir
  • RUB118.05
  • EUR9347.75
  • USD8039.00
Prazdnik Posledniy zvonok v shkolax Rossii

Oʻquvchining terisini shilib olish shartmi?

© Sputnik / Pavel Lisitsыn
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
331081

...ota-ona bunga rozi boʻlmaydi, ustoz-ku xohlaydi, lekin mumkin emas

Tarixiy jarayonda milliy taʼlim tizimi faoliyatini aniq koʻrsatib beruvchi bir gap bor: "Goʻshti sizniki, suyagi bizniki!"

Shu paytga qadar, bu gapning qanchalar dahshatli jaranglashiga eʼtibor qaratilmagan ekan. Koʻnikkan ekanmiz. Endi, taʼlim jarayoni biroz erkinlashayotganda buning maʼni-mohiyatiga nazar solib, kishining eti junjikadi.

Koʻpchilik, "oʻqituvchining obroʻyini oshirish" deganda aynan shu holatni koʻzda tutmoqda. Aytish lozim, endi hech qachon u darajaga qaytilmaydi.

Jamiyatda oʻqituvchining obroʻyi nega tushib ketmoqda oʻzi?

Birinchidan, obroʻga munosib oʻqituvchining oʻzi kamayib ketdi.

Ikkinchidan, totalitar jamiyatda yashamayapmiz, hech kim hech kimga sigʻinishi shart emas, hamma erkin. Shunday bir holatda bir kasb egalarining boshqalardan koʻra koʻproq obroʻga ega boʻlishi haqida gapirish nooʻrin. Xoʻsh, jamiyatda qaysi kasb egalarining obroʻyi yuqori?! Hammaniki deyarli bir xil. Bir qarashda bu boshqa mavzuday koʻrinadi, lekin aslida ildizi bir: adabiyot nega bugungi kun qahramonini yaratolmayapti? Kasb asosiy mezon, asosiy vosita boʻlmay qoldi. Jamiyatda kasb romantikasi yoʻqoldi.

Uchinchidan, jamiyatda moddiy boylikka sigʻinish, buyumparastlik, isteʼmolchilik kayfiyati kuchayib, taʼlimga ham oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Bolalardan pul yigʻish, oʻz oyligining kamligidan nolib, ishini chin koʻngildan bajarmaslik oxir oqibat shu vaziyatga olib keldi.

Shulardan kelib chiqib, jamiyatda oʻquvchilarning obroʻyini oshirish uchun nimalar qilish lozim?

"Mustaqillik berilmaydi, olinur"

Bu gapni oʻzgartirib aytish mumkin: obroʻni birov bermaydi. Unga munosib boʻlish lozim!

Avvalambor oʻqituvchi oʻzini va kasbini hurmat qilishi lozim. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, har qanday boshlangʻich sinf oʻquvchisi oʻz ustozini ota-onasidan-da ulugʻroq koʻradi. Ustozning nafaqat aytganini, harakatlarini ham oqizmay-tomizmay takrorlaydi. Yuqori sinf oʻquvchilari esa buning teskarisi. Ular boshqa sayyoradan kelganmi? Yoʻq. Bular ham oʻshalar, aslida?

Demak, ustoz sekin-asta bolaning hurmatini oyoq osti qilib borgan. Oxir-oqibatda ustoz oʻzi oʻylagan, kutgan darajadagi shaxs emasligini tushunib qolgan va bu nafratga aylanib ketgan. Xoʻsh, bunda kim aybdor? Kim boʻlsa bordir, lekin oʻquvchi emas. Bola ustozdan oʻzi kutgan mehrni, eʼtiborni ololmagach shu holga kelib qolgan. Balki, oʻqituvchi darsda barchaga eʼtibor berishni uddalay olishi lozimdir. Hech kimni eʼtiborsiz qoldirmaslik kerakdir! Shunday bir tizim yaratish lozimdir?

Hammasi yana pulga borib taqaladi

Kishining jamiyatdagi oʻrnini pul belgilaydigan bozor iqtisodi sharoitida yashayapmiz. Achchiq boʻlsayam aytish lozim, Rossiyada qurilishda ishlab kelayotgan yigit, toʻrt yil oʻqigan oʻqituvchining oyligidan ikki barobar koʻproq topayotgan boʻlsa, oʻz-oʻzidan oʻqituvchining obroʻyi boʻlmaydi.

Lekin, bu oʻqituvchining oyligi oshishi bilan hammasi iziga tushib ketadi, degani emas. Shunday qilinsa, oʻqituvchilar Amerikada ishlab kelayotganlarga qarab, "oyligimiz past", deb oʻtiraveradi. Globallashuv jarayonida yashayapmiz, axir.

Oʻzini boshqalar bilan taqqoslayvergan odam yutqazadi. Bunga ishonish qiyin boʻlsa-da, kasb romantikasini yaratishga urinib koʻrish lozim. Bunga esa yaxshi, ommabop badiiy asarlar, filmlar, videofilmlar orqali erishish mumkin. Bu holatda kishini oʻylantiradigani — ijodkorlar "davlat buyurtmasi" desa tavakkaldan choʻchib, sovuqdan sovuq, rasmiy davralarda aytiladigan gaplardan tuzilgan, birov koʻrmaydigan, hujjatli filmga monand asarlar yaratishadi.

Tenghuquqlilik tamoyiliga putur yetmasligi kerak

Taniqli ustoz Omonulla Maʼdayev oʻqituvchilarning obroʻyini koʻtarish uchun erkak oʻqituvchilarning ish haqini oshirish kerak, degan fikrda. Aks holda ular taʼlim tizimidan ketib qolmoqda.

Oʻylashimcha, hukumat bu darajaga bormaydi. Chunki tenghuquqlilik tamoyiliga putur yetadi. Umuman, judayam koʻpchilik shu fikrda. Buning asosida esa "taʼlimda zoʻrlik ishlatilishi lozim, bolalar majburlab oʻqitilishi kerak", degan gʻoya yotadi. Albatta, "majburiy taʼlim" boʻlgandan keyin majburash kerak-da! Shu oʻrinda "majburiy" deganini ustozlar boshqacha tushunyaptilar. Har holda bu oʻqimanganning burnini yerga ishqalash, degani emas.

Bolalarni oʻqishga majburlashni bas qilish fursati yetdi

Oʻqimaganlarni yerga urib, xoʻrlayverish shart emas. Jamiyatga nafaqat bilimli, balki irodali, qaysar, oʻz fikrini boshqalarga uqtira oladiganlar ham kerak. Qolaversa, oʻqish jazolash vositasi boʻlib qolgan ekan, bolalarda unga intilish pasayishi tabiiy hol. "Goʻshti sizniki, suyagi bizniki" deyilgan gapda ham, bola manfaati umuman aks etmaydi va bu shunisi bilan dahshatli.

Sovet taʼlimida bir tizim boʻlgan: oʻqimaydigan, "ikkichi"larni maktabdan olib, kasb-hunar oʻquv yurtlariga yuborishardi (negadir ushbu oʻzini oqlamagan holat butun milliy taʼlim tizimiga kadrlar tayyorlash milliy dasturi sifatida joriy etildi, lekin bu boshqa masala).

Balki, 9-sinfdan keyin oʻqishni istamaydiganlarni oʻqitmay qoʻya qolish kerakdir? Yoki shu sinfdan soʻng maktabda oʻqishni davom ettirish uchun imtihon topshirish belgilab qoʻyilar. Bir paytlar "12 yillik bepul taʼlim Oʻzbekistondan boshqa biror bir davlatda yoʻq", deb maqtanish koʻp boʻlardi. Rostdan ham yoʻq boʻlsa, oʻzini oqlamagandir? Boʻlmasa bolalarini Oʻzbekistonchalik oʻqimishli boʻlishini isaydigan, bunga iqtisodiy imkoniyati ham yetarli davlatlar kammi? Sir emas-ku, litsey va kollejlar shunchaki rasmiyatchilik uchun faoliyat koʻrsatish darajasiga tushib qolgan edi. Oʻqishni istaganlarning hammasi repetitorga qatnaydi.

Oliy taʼlim tizimni tubdan oʻzgartirish lozim

Oliy taʼlimda oʻqishga kirishning qiyinligi va oʻqib bitirishning deyarli majburiyligi tizimni izdan chiqarib, har xil salbiy holatlarga sabab boʻlmoqda. Axir amal-taqal qilib oʻqishga kirilsa, albatta bitirib chiqadi. Tartib-qoidalarga amal qilsa yetarli. Mazkur tizimni tubdan oʻzgartirish va oʻqishga kirishni osonlashtirish, kvotalar sonini oshirish, oʻqishni esa qiyinlashtirish lozim.

Oʻqishga kirganlarning hammasiyam diplom olishi shart emas. Fanlarni oʻzlashtirmaganlarni ayovsiz ravishda talabalar safidan chetlatish tartibi joriy etilsa, koʻplab muammolar oʻz-oʻzidan hal boʻladi. Faqat, yakuniy imtihonlarni taʼlim bergan oʻqituvchining oʻzi olmagani maʼqul. Unda "yaqindagina joriy etilgan, talablarning oʻzlashtirishi uchun domlalarning javobgarligi masalasi nima boʻladi?" degan savol tugʻiladi. Buning ham yoʻli bor — oʻqishdan chetlatilgan talaba uchun domlaning faoliyati baholanmasa bas. Chunki oʻqishni istamaslik domlaning faoliyatiga taʼsir qilmasin.

Oʻqituvchilarning ish natijalarini baholash mezonlari ishlab chiqilishi lozim. Baholagandayam, bolalarning umrini oʻtkazib yuborib, chalasavod qilib boʻlgandan keyin emas, muntazam, davriy ravishda. Yuqorida aytilgan baholash tartibi faqat oliy oʻquv yurtlari uchun.

Maktab oʻqituvchilari ham oʻz ishlariga javob bersa yaxshi boʻlardi. Vrach notoʻgʻri davolab, kimningdir hayotiga zomin boʻlsa, javobgarlikka tortiladi, sudya adashib, notoʻri hukm qilsa, jazo beriladi, jurnalist bilib-bilmay nimadir yozsa, jazolanadi…

Tergovchi birovga ayb qoʻyguncha, "ish"ni yuzlab odamlarning chigʻirigʻidan oʻtkazadi… Qisqasi, har qanday kasb egalari oʻz ishi uchun javobgar (hatto eng kam maosh oladigan farroshlar ham), faqat oʻqituvchigina oʻz ishi natijasiga javob bermaydi. Yigirma-oʻttiz yillab bolalarga dars berib, bir-necha avlodni chalasavod qilib yuborayotgan oʻqituvchining mushugini birov "pisht" demaydi. Toʻgʻri, oʻqituvchilarning malakasini oshirish tizimi joriy etildi va bu ustozlarning noroziligiga sabab boʻldi (majburlab oʻqitish hatto ustozlargayam yoqmaydi, bolalarni-ku qoʻyaverasiz). Qolaversa, bu ularning ilmini oshirishga urinish edi, ishini baholash emas.

Bolalarni maktabga qaytarish lozim

Toʻgʻri, tushunamiz, bilamiz, bozor iqtisodi… Ota-ona farzandini yaxshiroq oʻqitishni xohlaydi. Oʻqituvchilar esa qoʻshimcha daromad istagida. Oqibat — repetitorlik. Lekin repetitorlarning barchasiyam bilimli, oʻz ishining ustasi emas. Maktabda boʻlgani kabi, bolalarni aldab yurganlari koʻp…

Maktabdagi ustozning esa dars berish salohiyati, yuqorida aytilganday, baholab borilsa, ota-onaning maktabga ishonchi, bolaning esa mehri oshsa kerak.

Ota-onaning ham maktabga, ustozga ishonchini, oʻzaro hurmatni oshirish fursati kelgan

Ular bolasini yetaklab kelib, "ikki" qoʻygan ustozni yer bilan bitta qilib ketish odatini bas qilmasalar, taʼlimda oʻzgarish boʻlmaydi. Buning ham oʻz sababi bor. Maktab jamgʻarmasiga pul toʻlab qoʻygandan keyin, iddao qiladi-da. Buning yomon tomoni — bir yonda ustoz pul soʻraydi, bir yonda ota-ona ustozni qargʻagan, bola oʻrtada sarson. Shunday holatda oʻrtada oʻzaro ishonch va hurmat qolishiga umid yoʻq. Oʻzi nima kerak shu "maktab fondi"? Nahotki sinfdagi toʻrtta tuvakgul, parda va boʻyalgan pol oʻzaro hurmat, bolaning nozik koʻnglidan ustun boʻlsa.

Nazarimizda bola chiroyli xonada oʻtirib, ustozidan nafratlangandan koʻra, oddiy xonada ustozidan faxrlanib bilim olgani maʼqul.

Lekin faqat moddiylikka berilgan kattalarga buni uqtirib boʻlarmikan? Adogʻi yoʻq komissiyalarga maktabning emas, taʼlimning holati muhimligini uqtirib boʻladimi?

Pul aralashgan joyda nozik tuygʻularga oʻrin qolmaydi. Hatto taʼlimdayam shunday!

Xullas, tarixda taʼlim tizimi bolaning terisini-ku shilib olgan, hatto goʻshtigayam ega chiqqan ekan, endi ota-ona bunga rozi emas, ustoz-ku oʻsha tartibni qoʻmsaydi, lekin mumkin emas. Demak kelishish, har ikki, yoʻq, uch tomonga maʼqul uslublar topilishi lozim.

Asosiy mavzular