02:28 28 Yanvar 2020
Efir
  • RUB155.06
  • EUR10585.77
  • USD9547.05
Analitika
Havola olish
144140

Ikki davlat rahbarlarining hamkorlikdagi matbuot-anjumanida Oʻzbekiston va Tojikiston nimalarga kelishgani, kelgusidagi aloqalar va dolzarb masalalar yuzasidan muzokaralar natijasi haqida soʻz bordi

Bugun, 17-avgust kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 17 yil deganda birinchi marta Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida yuqori martabali mehmonni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Aytish joizki, Mirziyoyev joriy yil mart oyida 18 yilda ilk marotaba Tojikistonga rasmiy safar uyushtirgan edi.

Mirziyoyevning aynan shu tashrifi, xalqaro ekspertlar taʼkidiga koʻra, ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarning tiklanishida muhim qadam sifatida eʼtirof etildi.

Oʻzbekiston va Tojikiston davlat rahbarlarining tor va keng doiradagi muloqoti Koʻksaroy qarorgohida boʻlib oʻtdi. Ushbu dargohni 2017-2018 yillar davomida koʻplab tarixiy uchrashuvlar va kelishuvlarga guvoh boʻlayotgan joy sifatida eʼtirof etish mumkin.

Ikki davlat prezidentlarining tor va keng doiradagi muzokaralaridan soʻng, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida tadbir oʻtkazildi - prezidentlarning bugungi uchrashuv natijalariga bagʻishlangan nutqi tinglandi.

Sputnik Oʻzbekiston davlat rahbarlari bayonotida jarang topgan asosiy fikrlarni keltirib oʻtadi.

"2018 - inqilobiy yil"

Jurnalistlar qarshisida chiqish qilgan Oʻzbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning tashrifidan gʻoyat mamnunligini, boʻlib oʻtgan muzokaralar natijasi juda ham qoniqarli ekanini va bugungi kun ikki davlat tarixiga oltin harflar bilan yozilishini taʼkidlab oʻtdi.

"Oʻtmishda yaxshi yillar ham, tushunarsiz yillar ham koʻp boʻlgan, lekin 2018-yil tariximizda - inqilobiy yil boʻlib qoladi. Mana shunisi eng muhimi. Chunki inqilobiy yilda bizning xalqlarimizning istagi, oʻzbek-tojik munosabatlarining koʻp asrlik tarixi mujassam. Hurmatli Emomali Sharifovich bilan, oʻrtada koʻplab savollar boʻlganiga qaramay, shu natijaga erisha oldik. Biz bu uchun uzoq tayyorgarlik koʻrdik. Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi mana bugun boʻy koʻrsatdi", - deb taʼkidladi Oʻzbekiston prezidenti.

Mirziyoyevga koʻra, oʻtgan 1,5 yil davomida Oʻzbekiston va Tojikiston yetakchilari eng muhim, nozik va taʼbir joiz boʻlsa, strategik masalalarni muhokama qilib borishgan. "Oʻrtadagi muloqot oson kechmadi, murakkab kechdi, lekin u zarur muloqot edi. Bugungi kunda ikki davlat oʻrtasida hech qanday savollar qolmadi", dedi oʻz bayonoti davomida Mirziyoyev. 

Oʻzbekiston va Tojikiston bugungi kunda doʻst boʻlishni, qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashni va, eng asosiysi, xavfsizlikda hayot kechirishni xohlaydi, shu bois, taraqqiyot yoʻlini tanladi.

"Qoʻshni Tojikiston bilan doʻstlik aloqalarini rivojlantirish, Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor jihatlaridan biri sanaladi, men buni bugun yana bir karra taʼkidlab oʻtaman", dedi Mirziyoyev.

Oʻz navbatida, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon "biz bu tashrifdan gʻoyat mamnunmiz, uning yakunlariga katta ahamiyat qaratamiz", - deya qayd etdi.

Siyosat, iqtisod va Strategik sheriklik

Ikki davlat siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, suv-energetika va boshqa muhim sohalarda hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Shu bugun Oʻzbekiston va Tojikiston Strategik sherikligi toʻgʻrisida shartnoma imzolandi. "Bu hujjat munosabatlarimizda yangi bosqich boshlanganidan dalolatdir", - deb taʼkidladi Mirziyoyev. Rahmon esa, tarixiy ahamiyatga ega ushbu hujjat oʻzbek-tojik munosabatlari asosini aniqlashtirishini qayd etdi.

Oʻzbekiston va Tojikiston eng yaqin qoʻshnilar boʻlgani bilan, oʻtgan yillar davomida Strategik sheriklik toʻgʻrisida shartnoma ular oʻrtalarida imzolanmagan.

Koʻksaroydagi muzokaralar natijasida, ikki davlat oʻrtasida, umumiy hisobda 27ta ikkiyoqlama hujjatlar imzolandi. Tojikiston prezidenti "bu hujjatlar ikki davlat oʻrtasidagi serqirra munosabatlarning huquqiy-kelishuv asoslarini sezilarli kengaytirdi", dedi.

Tojikiston va Oʻzbekiston biznes doiralari oʻrtasida imzolangan shartnomalarning umumiy miqdori qariyb 800 million AQSH dollarini tashkil qilgani eʼtirof etildi.

Hukumatlararo komissiyalar uchrashuvi natijalari

Oʻzbekiston prezidenti taʼkidiga koʻra, rasmiy Toshkent va Dushanbe oʻrtasida Hukumatlaro komissiya faol ish olib bormoqda. Joriy yilning oʻzida ular 4 marotaba uchrashishgan.

"Bu uchrashuvlar Tojikiston prezidenti bilan boʻlgan kelishuvlarimizni tezroq amalga oshirish istagidan dalolat beradi", - dedi Mirziyoyev.

Oʻzbekiston yetakchisi Tojikiston bilan tovar aylanmasini yaqin kelajakda 1 milliard dollarga yetkazish rejalari bilan boʻlishdi. Shuningdek, ikki davlat biznes tuzilmalari va chegaraga yaqin hududlar oʻrtasida hamkorlik va kooperatsiyalarni kuchaytirishga, qurilish materiallari, tayyor tekstil, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishga moʻljallangan loyihalarni hayotga tatbiq etilishini tezlashtirish boʻyicha ham kelishuvlar boʻlgani haqida maʼlum qilindi.

Tojikiston prezidenti ikki mamlakat oʻrtasida eksport-import operatsiyalari uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, hamkorlikda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, investitsiyaviy hamkorlik masalalariga katta eʼtibor qaratilganini taʼkidladi.

Gaz va GESlar

Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida energetika sohasida sermahsul hamkorlik kuzatilmoqda.

Oʻzbekistondan Tojikistonga tabiiy gaz yetkazib berish ishlari qayta yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekiston Tojikistondan xarid qilinadigan elektr-manbai hajmini oshirgan. Ikki davlat transport va xalqaro transport koridorlari masalalarida hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirish boʻyicha oʻz ijobiy pozitsiyalarini bildirganlar.

"Biz bugun birgalikda, Tojikiston hududida, Zarafshon daryosi boʻyida umumiy quvvati 320 MVt boʻlgan ikkita GES qurishga tayyormiz. Gidroelektrostantsiya qurilishi  - bu juda jiddiy masala. Biz birinchi uchrashuvdayoq buni muhokama qilganmiz. Bugun esa, keling, istaklarimizni aniqlashtiraylik dedik. Emomali Sharifovich xalqaro standartlardan oʻtgan tayyor loyihalar borligini taʼkidladi, oʻylaymanki, ushbu loyiha bizning hududiy hamkorligimizda oʻta jiddiy masala boʻladi", - dedi Oʻzbekiston prezidenti.

Tojikiston prezidenti oʻz navbatida Mirziyoyev bilan birgalikda, suv-energetika resurslaridan foydalanish masalasida amaliy hamkorlikni davom ettirish lozim, deya qayd etishganini aytdi. 

" ... Men bugun yana bir marta taʼkidlab oʻtmoqchiman, biz hech qachon qoʻshnilarimizni suvsiz qoldirmaganmiz va qoldirmaymiz. Aksincha, bugun biz shu narsaga kelishdik va tegishli idoralar va institutlarga Sarez koʻlining suvini oʻrganishni boshlashlari boʻyicha topshiriq berdik. Bizning mamlakatlarimiz va mintaqa boʻyicha qoʻshni davlatlarning ichimlik suviga boʻlgan zarurati masalasiga yechim topish uchun Sarez koʻli suvidan qanday foydalansa boʻladi, degan masalani muhokama qildik", - dedi Rahmon.  

Tojikiston prezidentining taʼkidlashicha, ushbu loyiha kelgusida mintaqa mamlakatlarini suv bilan taʼminlashda oʻzining salmoqli hissasini qoʻshadi.

Afgʻoniston masalasi, terrorizm va diniy ekstremizm

Davlat rahbarlari bayonotida aytildiki, muzokaralar davomida terrorizm, diniy esktremizm, narkotrafik, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va xalqaro xavfsizlikka tahdid masalalari ham muhokama qilingan. 

"Afgʻoniston masalalarini jiddiy muhokama qildik. Nega deganda, Emomali Sharifovichning tajribasi katta. U yerda nimalar boʻlayotganidan xabardor. Qolaversa, Afgʻoniston ayni vaqtda katta siyosiy oʻzgarishlar ostonasida turibdi - parlament va prezident saylovlari boʻlib oʻtishi kutilmoqda", - dedi Mirziyoyev va chegara xavfsizligi masalasi ikkala davlat rahbarlarini ham juda chuqur oʻylantirishini qoʻshimcha qildi.

Emomali Rahmon Mirziyoyevning gaplarini tasdiqlagan holda, tomonlar terrorizm, ekstremizm, terrorizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi va transmilliy uyushgan jinoyatchilik muammolariga qarshi kurash hamda harbiy va harbiy-texnik masalalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratishlarini taʼkidlab oʻtdi.

Tojikiston yetakchisi, shuningdek, joriy yil mart oyida Toshkentda oʻtkazilgan Afgʻoniston anjumani yakunlariga yuqori baho berishini va shu kontekstda, rasmiy Dushanbe Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish jarayonida kelgusida hamkorlikda harakat qilishini qoʻshimcha qildi.

"Biz Oʻzbekistonning muvaffaqiyati va yutuqlarini muntazam kuzatib boramiz. Biz qardosh oʻzbek xalqiga havas qilamiz, ular bilan faxrlanamiz. Tojikiston tomon ikki mamlakat hamkorligi dinamikasidan toʻliq qoniqadi. Biz turli daraja va shakldagi davlatlararo yaqin muloqotni bundan keyin ham qoʻllab-quvvatlaymiz", - deb eʼtirof etdi Rahmon. 

Tojikiston prezidenti oʻz nutqi davomida Shavkat Mirziyoyevni "qadrdon ogʻam", deya tilga oldi va Oʻzbekiston prezidentini u uchun qulay vaqtda Tojikistonga rasmiy tashrif uyushtirishga taklif etdi. 

"Shavkat Miromonovich, sizlarning anʼanaviy mehmondoʻstligingiz va meni favqulodda iliq kutib olganlaringiz uchun Sizga va qardosh oʻzbek xalqiga chuqur minnatdorlik izhor etaman. Oʻtgan 27 yil ichida bu darajada yuqori martaba bilan ilk marotaba kutib olindim. Oʻzbekiston xalqiga bizning delegatsiyamizni samimiy va xursandchilik bilan kutib olganliklari uchun yana bir bor oʻz minnatdorligimni bildiraman", - deya oʻz nutqiga yakun yasadi Tojikiston prezidenti.

Asosiy mavzular