O‘zbekiston san’atkorlari ro‘yxati 70% yangilandi - "O‘zbekkonsert" rahbari

© Sputnik / Dilshoda RaxmatovaOdildjon Abdukaxxarov - predsedatel Uzbekkonserta
Odildjon Abdukaxxarov - predsedatel Uzbekkonserta - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
"O‘zbekkonsert" direktori Odiljon Abdukahhorov Sputnik O‘zbekistonga bergan eksklyuziv intervyusida respublikada xizmat ko‘rsatgan yoki xalq artisti bo‘lish nima uchun qiyinlashgani, nega endi jonli kuylash kerakligi va qaysi harakatlar uchun litsenziyadan mahrum bo‘lib qolish mumkinligi xususida so‘zlab berdi

Iqtidorlar qayerdasiz?

— Odil Abdug‘aniyevich, yakunlanayotgan yilning eng muhim o‘zgarishlari haqida gapirib bersangiz: "O‘zbekkonsert" o‘z oldiga qo‘ygan qaysi maqsadlarga erishdi-yu, qaysilari amalga oshmay qolib ketdi?

— "O‘zbekkonsert" muassasasi 2017-yilda "O‘zbeknavo" estrada birlashmasi va "O‘zbekraqs" milliy uyushmasi negizida tashkil qilingan edi. Bir oy rahbar vazifasini bajaruvchi sifatida ishladim, so‘ngra direktor lavozimiga tasdiqlandim.

Tashkilot tubdan isloh qilinishi munosabati bilan, tuzilmaviy o‘zgarishlar ham ro‘y berdi. Biz o‘z ishimizni ikkita asosiy yo‘nalishga bo‘lib oldik. Birinchi yo‘nalish bu, muassasamiz nomidan kelib chiqqan holda, respublikamizda bo‘lib o‘tadigan madaniy tadbirlar ustidan nazorat olib borish. Ya’ni bunday tadbirlarni muntazam va yuqori darajada tashkil qilishni o‘z oldimizga maqsad qilib belgilab oldik.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
"Lik-lik" - xalq artisti": ijodkor ziyolilar davrasida Mirziyoyev aytgan yorqin jumlalar

Ikkinchi yo‘nalish - respublika bo‘yicha iqtidorli ovoz sohiblari, musiqachi va raqqoslarni izlashdan iborat edi. Biz haqiqiy iqtidor egalari kelajakda mamlakatimiz madaniy hayotida, hatto eng yuqori darajadagi tadbirlarda ham faol ishtirok etishlarini xohladik. Nomdor rejissorlar, xalq artistlari va madaniy arboblardan iborat ishchi guruhi butun respublika bo‘yicha yosh iqtidorlarni izlash bilan shug‘ullandi. Ishonasizmi, shu tarzda o‘tgan yil davomida artistlarimiz ro‘yxati qariyb 70%ga yangilandi.

Biz o‘z oldimizga qo‘ygan muhim maqsadlardan yana biri - bu ijrochilarni fonogrammadan voz kechishga chorlash bo‘ldi. Siz o‘zingiz ham guvoh bo‘ldingiz, 8-dekabr Konstitutsiyaning 26-yilligiga bag‘ishlangan tadbirda uzoq yillar davomida birinchi marta barcha jonli konsert namoyish etildi. 

Shuningdek, o‘tgan yilda qo‘shiqlar va ularga ishlangan kliplar saviyasini tasdiqlovchi badiiy kengash tashkil etildi. Bundan tashqari "Xalq bilan bo‘l!" loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Biz san’atkorlarimiz bilan birgalikda respublikaning eng chekka hududlarida, xususan Surxondaryo viloyatida, Jizzax viloyatida bshldik. Xalq artistimiz - Yulduz Usmonova, xizmat ko‘rsatgan artist Alisher Fayz va boshqalar ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan xonadonlargacha kirib borishdi. Fuqarolarimiz san’atkorlarimiz bilan uchrashganida va ular qo‘llaridan sovg‘alarni olishganida ularning yuzlarida paydo bo‘lgan baxtiyorlikni ko‘rsangiz edi. O‘z navbatida biz ham oz bo‘lsa-da, ammo fuqarolarimiz kayfiyatini ko‘targanimizdan mamnun bo‘ldik.

Xayriya mavzusini davom ettirgan holda "Obod qishloq" milliy loyihasidagi ishtirokimizni ham aytib o‘tmoqchi edim. Xabaringiz borki, hozirda respublikamizning barcha hududlarida obodonlashtirish, qurilish ishlari olib borilmoqda. Biz ham o‘zimizning kamtarona hissamizni qo‘shish uchun respublika bo‘ylab konsertlar tashkil qildik va ulardan tushgan pullarni loyiha hisob raqamiga o‘tkazdik.

Faoliyatimiz bu bilan cheklanmaydi, ma’muriy funksiyalarimizga asosan - "O‘zbekkonsert" ijrochilarga litsenziya berish va ular faoliyatini nazorat qilish vakolatiga ega organ bo‘lib qolmoqda.

Senzuraga - yo‘q

— Aytgancha, ma’muriy funksiyalar haqida - aytingchi, artistdan litsenziyani qaytarib olish tizimi qanday ishlaydi? Bunday qarorni qabul qiluvchi komissiya tarkibiga kimlar kiradi? Baholash qanday amalga oshiriladi?

— "O‘zbekkonsert"da yuqori turuvchi tashkilot, ya’ni "Estrada san’atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi" bor.  Mana shu kengash doirasida maxsus ijodiy guruh - ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhi tuziladi. Kengash tarkibi yilda bir marta tasdiqlanadi va har yili 30%ga o‘zgarib turadi. Shu guruh a’zolari ikki oyda kamida bir marta yig‘ilib, litsenziya berish bo‘yicha murojaatlar, yoxud, aksincha u yoki bu ijrochining litsenziyasini olib qo‘yish masalalarini muhokama qiladilar.

“O‘zbekkonsert” yetti nafar xonandaning videoklipini rad etdi

Litsenziyadan mahrum etish tartibiga kelsak, agar xonanda xatoga yo‘l qo‘ysa, biz uni darhol ogohlantiramiz. Birinchi marta adashsa - u bilan tushuntirish ishlari oboriladi, tushuntirish xati olinadi. Agar xato yana takrorlansa, "O‘zbekkonsert"ga chaqiriladi va litsenzion kelishuv shartlarini va talablarini buzganligi tufayli tegishli tartibda litsenziyadan mahrum etiladi.

— Yil oxiriga kelib, ijtimoiy tarmoqlarda shou-biznes vakillari bilan bog‘liq bo‘lgan bir nechta janjalli xabarlar qizg‘in muhokama qilindi. Masalan, xonanda Shaxlo Ahmedova va uning muxlislari "O‘zbekkonsert" tomonidan xonanda litsenziyasi vaqtincha to‘xtatilishi xabaridan qattiq hayratga tushdilar. Bunday qaror nima sababdan qabul qilindi? Xonanda bu qarorlaringizdan xabardor etilganmidi?

— Shaxla Ahmedovaning litsenziyasi olib qo‘yilgach, e’tirozlar bo‘ldi, ammo buni senzura sifatida qabul qilmaslik kerak - bu yerda millat tarbiyasi, ma’naviyati va madaniyati haqida gap bormoqda. Agar o‘sha klip haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, u yoshlarimiz ma’naviy tarbiyasiga salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Rolikda o‘zbek mentaliteti va urf-odatlariga yot bo‘lgan xatti-harakatlar bor. Ehtimol xonanda bu klipni boshqa mamlakat uchun suratga olgandir, lekin u internetga qo‘yilgandan keyin, o‘zingiz bilasiz juda tez tarqaladi.

Shahlo Ahmedovaning o‘sha klipini kengash a’zolari tomosha qilgach, xonandani litsenziyadan mahrum etish qarorini qabul qilganlar. Muassasamiz xodimlari xonandaga bir necha marta telefon qilishgan va tusha olishmagan, shundan so‘ng biz xonandaning onasiga qo‘ng‘iroq qilib agar klip chiqsa yuzaga kelishi mumkin oqibatlar haqida ogohlantirganmiz. Shahlo litsenziya bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar haqida bilgan va ongli ravishda bu qadamni qo‘ygan.

Shaxlo Axmedova - Sputnik O‘zbekiston
Shahlo Ahmedova litsenziyasi to‘xtatilishi haqidagi xabarga izoh berdi

Siz to‘g‘ri tushuning, kim bilandir hisob-kitob qilish maqsadimiz yo‘q, biz shunchaki o‘zbek milliy san’atini targ‘ib qilmoqdamiz. Yoshlarimiz esa bu kabi kliplarni tomosha qilib, o‘zbek ijro san’ati shunday bo‘lishi kerak ekan-da, degan fikrga borishlarini istamaymiz. Komissiya a’zolari kliplarni tasdiqlayotganda, biz bu klipni oila davrasida, bolalarimiz bilan birga ko‘ra olamizmi, degan savolni beramiz. Va shundan keyin qaror qabul qilamiz.

Biz tarbiyaviy chora qabul qilib, o‘sha xonandaga yaxshilik qilamiz. Ya’ni u o‘zi yo‘l qo‘yayotgan xatoni anglashini, bolalarimiz esa kelajakda haqiqiy o‘zbek san’atini saqlab qolganligimiz uchun bizga rahmat aytishini istaymiz.

— Yana bir shov-shuvli voqea reper San Jay bilan bog‘liq. Aytishlaricha, unga go‘yoki soqoli uchun litsenziya berilmagan. Keyinchalik bu masala hal etilgan bo‘lsa-da, ammo muammo nimadaligi oydinlashmay qoldi. Savol tug‘iladi, soqoning litsenziyaga qanday aloqasi bor?

— Men Sanjar (reperning haqiqiy ismi) faqat bir marta uchrashganman va bu voqeaga izoh berishni xohlamas edim. Suhbatimizdan so‘ng u qisqa intervyuni internetga joylagan. Va ana shu intervyu ichida mening soqol haqidagi javobim ham bor. Boshqa hech narsa qo‘shimcha qilolmayman. Shunchaki, aytmoqchi bo‘lganim, didimiz va tanlovimiz turli bo‘lgani bilan, biz o‘z an’ana va urf-odatlarimizni unutmasligimiz, hatti-xarakatimiz esa munosib bo‘lishi lozim.

— Davlat tadbirlarida ishtirok etmagan xonandalar litsenziyadan mahrum etiladi, degan xabarlarni qanday izohlaysiz unda?

— O‘zbekiston tinch-osoyishta davlat. Tinchlik hukmron bo‘lgan mamlakatga esa tadbirlar yarashadi, to‘ylar ko‘p bo‘ladi. Qolaversa, O‘zbekistonda keyingi vaqtlarda turli darajadagi tadbirlar ko‘plab o‘tkazilmoqda. Xizmat ko‘rsatgan yoki xalq artisti unvonini olgan san’atkorlarimiz esa shunga munosib xizmat ko‘rsatishlari kerak.

Konsert Yulduz Usmanovoy v amfiteatre - Sputnik O‘zbekiston
San’atkorlarning sahnada o‘zini tutishi va muomala madaniyati nazorat ostiga olinadi

2017 yilning avgustida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "lik-lik" etib unvon olgan qo‘shiqchilarni qattiq tanqil qilgan edilar. Davlatimiz rahbari artistlar o‘z maqomiga munosib bo‘lishlari, davlat tadbirlarida faol ishtirok etishlari, vatanga xizmat qilishlari kerakligini ta’kidlagandi.

U yoki bu san’atkor ma’lum sabablarga ko‘ra, masalan xorijiy gastrol yoki shaxsiy sabablari tufayli tadbirda qatnashmasalar - biz ularga sharoit yaratib beramiz. Ammo ba’zan shunday bo‘ladiki, artistlar dangasaligi tutib bayram dasturlarida ishtirok etishdan voz kechadilar. Agar biz bugun bittasiga nisbatan chora ko‘rmasak, ertaga u boshqalarga "o‘rnak" ko‘rsatishi mumkin.

— Litsenziyani tiklash qay tarzda amalga oshiriladi?

— Hammasi artist o‘zini qanday tutishiga bog‘liq. Agar u bir necha marotaba yozma murojaat qilsa, o‘z xatosini tan olib, o‘zgarganini va boshqa bunday xatoni takrorlamasligini aytsa va biz bunga ishonsak, litsenziyani qaytarishimiz mumkin. Lekin "otrabotka" bo‘ladi: misol uchun xonanda litsenziyasini bitta viloyatga borishdan voz kechgani uchun oldirib qo‘ygan bo‘lsa, qayta tiklash uchun endi ikkita viloyatga borib ishlab berishi kerak bo‘ladi.

Tanbal yulduzlar, jonli ijro va unvonlar masalasi

— Odil Abdug‘aniyevich, suhbat avvalida jonli ijro tashviqoti haqida tilga oldingiz. Bugungi kunda xonandalar fonogrammadan voz kechib, jonli kuylashga tayyormi o‘zi?

— Bilasizmi, tan olish kerak, ayrim san’atkorlarimizda oxirgi yillarda dangasalik paydo bo‘la boshladi. Hatto, yuz foiz jonli ijroda kuylay oladiganlari ham yengil yo‘ldan borib, fonogrammadan foydalana boshlashdi.

Joriy yil oktabr oyida "Xalqlar do‘stligi" saroyi oldida "Ochiq osmon ostida jonli ijro" loyihasini tashkil etdik. Va san’atkorlarimiz jonli ijroni qanday mahorat bilan kuylaganliklarini ko‘rib, o‘zimiz ham hayratlandik, faxrlandik. Ayniqsa, tomoshabinlar xursandchiligi cheksiz edi.

Yangi yildan bu loyihani butun respublika bo‘ylab joriy qilmoqchimiz, bunday konsertlarni har bir viloyat shahar va tumanlarida 2-3tadan joylarda o‘tkazamiz.

Konstitutsiya kunida o‘tkazilgan jonli konsertdan keyin san’atkorlarimizning aksariyati sarosimaga tushib qolgani ham rost. Ular oldingi davrlar o‘tganini, o‘z ustida ishlash vaqti kelganini tushundilar. Fonogramma dasturlari endi "tortmasligini" bildilar. Ismlarini aytib o‘tirmayman, lekin ko‘pchilik artistlarimiz jonli ijroda qo‘shiq ayta olmasliklarini tan oldilar, ba’zilari tayyorgarlik uchun vaqt kerakligini aytishdi. Aytishim mumkinki, jonli konsert loyihasi bu singari xonandalarga dars bo‘ldi va shu tufayli ular o‘z ustida ishlay boshlaydilar, deb umid qilaman.

— Odilbek Abdug‘aniyevich, negadir keyingi ikki yilda xizmat ko‘rsatgan artist, xalq artisti unvonini olayotgan san’atkorlar soni kamaygandek. Bu motivatsiyani pasaytirmaydimi?

— Meni nazarimda, bunday amaliyot estradamizga faqat foyda keltirdi. Shuni ochiq aytish kerak-ki, yaqin vaqtlargacha o‘z unvonlarini ijro mahorati tufayli olmagan artistlar ham bo‘lgan. Unvon olish ba’zilar uchun hatto oddiy holatga aylangandi. Ikki yildan buyon vaziyat o‘zgardi - unvon olishga hurmat, mas’uliyat bilan yondashishmoqda. Artistlar ham o‘z ustilarida faolroq ishlay boshladilar, endi hech kim shunchaki unvon ololmasligini tushundi. Ammo unvon olishga intilsa va hozirgidek harakatni davom ettirsalar, ular albatta bu maqsadga erishadilar.

Fursantdan foydalanib barchani kelayotgan Yangi yil ayyomi bilan tabriklab, barchaga faqat ijobiy tuyg‘ular tilayman!

Yangiliklar lentasi
0