13:01 16 Iyul 2019
Efir
  • RUB136.34
  • EUR9673.87
  • USD8584.50
Prezidentы Uzbekistana, Kazaxstana, Tadjikistana i Kыrgыzstana

Birinchilarning Yangi yil murojaati: Markaziy Osiyo yetakchilari nimalarga eʼtibor qaratishdi?

Press-slujba prezidenta KR / Sultan Dosaliyev
Analitika
Havola olish
75510

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari yil sarhisobidan xulosa qiladigan boʻlsak, Markaziy Osiyo mintaqasida barcha davlatlar uchun yagona boʻlgan taraqqiyot mexanizmi oʻz ishini boshladi. Oʻzaro ishonchga asoslangan doʻstona hamkorlikni yoʻlga qoʻygan davlatlar rivojlanishning keyingi bosqichida ulkan marralarni belgilab oldilar

TOSHKENT, 1 yanv - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Yangi 2019-yil kirib kelishi arafasida har bir davlat rahbari yilga qisqacha baho berib, kelgusi yil uchun asosiy yoʻnalishlarni belgilab beradilar. Eʼtirofli jihati, Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari endi tarixda qolgan 2018-yilda qattiq mehnat qildilar. Davlat rahbarlari oʻz nutqlarida shu jihatga alohida eʼtibor qaratdilar.

Qozogʻiston: yoshlarga katta ishonch bildirdi

Qozogʻiston prezidenti Nursulton Nazarboyev oʻz xalqiga yoʻllagan Yangi yil tabrigida 2018-yilda erishilgan muvaffaqiyatlar uchun barchaga minnatdorlik bildirdi va yil mamlakat uchun sermazmun hamda sermahsul kelganini eʼtirof etdi.

Nazarboyevga koʻra, 2018 yilda Qozogʻiston xalqaro sahnada oʻz pozitsiyalari va obroʻyini yanada mustahkamlab oldi -  Qozogʻiston BMT Xavfsizlik kengashiga raislik qildi, mamlakat prezidenti esa Moskva, Pekin, Vashington, Bryussel va boshqa Qozogʻiston uchun ahamiyatli boʻlgan poytaxtlarga rasmiy tashriflarni amalga oshirdi.

Mamlakat iqtisodiyotida ijobiy oʻsish saqlab qolingani, sanoatlashtirish doirasida yangi ishlab chiqarish va infratuzilmaga oid korxonalar ishga tushirilgani aytildi. Mamlakat iqtisodiyotining muhim jabhalari raqamlashtirilgani qoʻshimcha qilindi.

Qozogʻistonliklar endi oʻz shahar va qishloqlarida tinchlik va xavfsizlik uchun tashvish chekmasliklari kerak. Bu uchun rasmiy Ostona sud va huquq-tartibot organlari tizimida islohotlarni boshlashni rejalashtirgan.

Fuqarolar hayoti sifati va farovonligini oshirish boshlab yuborilgan. Bu muhim qadamlarning barchasi qozoq xalqining intilishlari va mehanti tufayli amalga oshirilmoqda, deb eʼtirof etdi Nazarboyev.

Qozogʻiston rahbari 2019-yilni Yoshlar yili deb eʼlon qilganini hamda yosh avlod bildirilayotgan ishonchni oqlashiga va Qozogʻistonni koinotning eng yaxshi 30ta davlati qatoriga chiqara olishiga ishonch bildirdi.

Qirgʻiziston: Rossiya, axil qoʻshnilar va fuqarolar uchun farovon hayot

Qirgʻiziston prezidenti Soronbay Jeenbekov oʻz xalqiga Yangi yil qutlovini yoʻllar ekan, mamlakat oʻtgan bir yil davomida salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritganini aytdi.

Xususan, Qirgʻiziston YEOII maydonida oʻz pozitsiyalarini ancha yaxshilagan, strategik sherigi va ittifoqdoshi - Rossiya bilan hamkorlikni yangi bosqichga koʻtargan. Qoʻshni mamlakatlar bilan ishonchga asoslangan doʻstona munosabatlar yoʻlga qoʻyilgan.

Jeenbekov yil davomida mamlakat regionlariga alohida eʼtibor qaratilganini, qator davlat xizmatlari elektron shaklga oʻtkazilganini, bugungi kunda hukumat jamiyat uchun haqiqatda shaffof boʻlishi uchun harakatlar amalga oshirilayotganini, korruptsiyaga qarshi ayovsiz kurash olib borilayotganini qayd etdi.

Qirgʻiziston ham Qozogʻiston singari yangi yilda har bir fuqaro himoyasiga qaratilgan sud-huquq tizimi islohotlarini boshlash rejasida.

Mamlakat fuqarolarining yashash tarzi, taʼlim olishi va mehnat sharoitlarini yaxshilashga, yanada qulay boʻlishiga qaratilgan oʻrta va uzoq muddatga moʻljallangan yuqori maqsadlar belgilab olingan.

Tojikiston: avvalo Vatanga muhabbat va beminnat mehnat

Prezident Emomali Rahmon Tojikiston xalqiga telemurojaatida, 2018-yil Tojikiston taraqqiyoti uchun beminnat mehnat yili boʻlganini - Tojikiston xalqi oʻz Vatani kelajagi uchun hamjihatlikda mehnat qilganini alohida qayd etdi.

Rahmon Yangi yilda ham bu ishlarni davom ettirishga chaqirdi. Xususan, bundan buyogʻiga ham har bir fuqaro davlat mustaqilligini mustahkamlashga, vatan va millat manfaatlarini himoya qilish, yurt taraqqiyoti uchun vatanparvarlik tuygʻusi ila beminnat xizmat qilishi, bor kuch va imkoniyatlarini, tajribasini muqaddas ona vatan rivoji yoʻlida yoʻnaltirishi kerak.

Tojikiston prezidenti murakkab xalqaro vaziyatda Tojikiston aholisini oʻz farzandlarini vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga daʼvat etdi. Tojikistonliklardan oʻz bolalarini qonun va huquqiy tartibotga hurmat, ilm-fan, sanʼatga muhabbatli etib tarbiyalash soʻraldi.

Rahmon mamlakat oʻz oldiga qoʻygan ezgu reja va maqsadlarni faqatgina har bir tojikistonlikning fidokorona mehnati va sayi-harakatlari tufayli amalga oshirish mumkinligini eslatib oʻtdi.

Turkmaniston: bu yil "hosilni oʻrib oladigan yil boʻladi"

Yangi yil kirib kelishiga sanoqli daqiqalar qolganida mamlakat prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovning oʻz xalqiga murojaati onlayn-translyatsiyasi namoyish etildi.

Berdimuhammedov oʻz murojaatida 2018 yilda mamlakat katta yutuqlarga erishganini qayd etdi. Xususan, 12 oy davomida Turkmanistonning turli burchaklarida turar joylar, tibbiyot muassasalari, sanoat korxonalari va boshqa obʼyektlar foydalanishga topshirilgan.

Berdыmuxamedovning taʼkidiga koʻra, oʻtgan 2018-yil davomida Turkmanistonda xalq farvonligi va mahalliy iqtisodiyot diversifikatsiyasi uchun mustahkam poydevor qoʻyilgan va 2019 yilda bu sayi-harakatlar oʻz samarasini berishi kutilmoqda.

Mamlakat iqtisodiyotini rivojlantiradigan obʼyektlar qatorida Turkmaniston prezidenti "Turkmen ayna onumleri" oyna ishlab chiqaradigan zavodni, Mariy GES bugʻ-gaz elektrstantsiyasini, mintaqada eng yirik boʻlgan Bolqon regionida joylashgan gaz-kimyo majmuasi - eng yuqori sifatli polietilen va polipropilen ishlab chiqariluvchi "Garabogazkarbamid" zavodini, shuningdek, TAPI gazoʻtkazgichining afgʻon uchastkasi qurilishiga start berilganini aytib oʻtdi.

2018 yil Turkmaniston uchun Buyuk Ipak yoʻlini yangicha formatda qayta tiklashga qaratilgan infratuzilma loyihalarida ham omadli kechgan. Ular orasida - Afgʻoniston-Turkmaniston-Ozarbayjon-Gruziya-Turkiyani birlashtirib turuvchi Lazurit koridorining asosiy qismi boʻlgan Serxetobot-Turgʻundi - temiryoʻl liniyasi, Turkmanoboddagi xalqaro aeroport, Turkmanboshidagi xalqaro dengiz porti sanab oʻtildi.

Turkmanboshi mamlakat siyosati bundan buyogʻiga ham sogʻliqni saqlash, sport, fan va taʼlim sohalarini har tomonlama rivojlantirishga qaratilishini vaʼda berib, chiqishi yakunida oʻz ijodidan sheʼriy satrlar oʻqib bergan.

Oʻzbekiston: ertangi kunga ishonch ortmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yangi yil kechasidagi telemurojaatida 2018 yilda barcha sohalarda Oʻzbekiston xalqining fidokorona mehnati evaziga katta oʻzgarishlar amalga oshirilgani taʼkidlandi. Xususan, mamlakatda zamonaviy korxonalar, uy-joylar, yoʻllar, koʻpriklar qurildi. Taʼlim, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari barpo etildi.

Xorijiy davlatlar, avvalo, yaqin qoʻshnilar bilan doʻstlik va hamkorlik aloqalari yanada kuchaydi.

Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini oshirish uchun salmoqli ishlar qilindi - buning natijasini bugun har bir inson va oila, har bir jamoa oʻz misolida koʻrdi va eng muhimi, oʻzbekistonliklarning ertangi kunga ishonchi ortdi.

Davlat rahbari 2019 yilga Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili - taraqqiyot uchun cheksiz imkoniyatlar eshigini ochishini aytdi. Ijtimoiy rivojlanish oʻzbek xalqi turmush darajasi va sifatini keskin oshirishga xizmat qilishini qoʻshimcha qildi.

Oʻzbekistonda 2019-yilda tinchlik va osoyishtalik, millatlar va fuqarolar oʻrtasida totuvlikni taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Xalq bilan muloqot yuqori bosqichga olib chiqiladi.

Jumladan, tadbirkorlik va xususiy mulkni qoʻllab-quvvatlash ishlari davom ettiriladi, obodonlashtirish ishlari asosiy vazifa etib belgilab olindi. Ehtiyojmand oilalar va yordamga muhtoj insonlarni himoya qilishga, aholi daromadlarini oshirishga eʼtibor yanada kuchaytiriladi.

Mirziyoyev oʻz nutqi yakunida oʻzbek xalqining barcha orzu-niyatlari ushalishini, farzandlar, nabiralar baxtu kamolini koʻrishlikni, goʻzal va betakror yurt tinch-osoyishta, olijanob, bagʻrikeng xalq hamisha omon boʻlishini tiladi.

Asosiy mavzular