03:19 22 Avgust 2019
Efir
  • RUB138.47
  • EUR10092.14
  • USD9061.00
Problema utilizatsii bыtovыx otxodov vo Lvove

Plastik paketlar muammosi: Markaziy Osiyo davlatlarida bu masalaga munosabat qanday?

© Sputnik / Stringer
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
80711

Hisobotlarga koʻra, plastik paketlar nafaqat global ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda, balki energetika resurslari bexuda sarflanishiga ham sabab boʻlmoqda. Misol uchun, Xitoyda polietilen paketlar ishlab chiqarilishi va foydalanishi taʼqilangach 1,6 million tonna neft tejab qolingan

Butun dunyo plastik paketlarga qarshi kurash kampaniyasini ishga tushirdi. Sobiq SSSR mamlakatlarida ham plastik muammosini hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Misol uchun, 1 yanvardan boshlab Oʻzbekiston hududida polimer plyonkali paketlarni bepul berish, ularning narxini tovarlar narxiga qoʻshish, shuningdek, ularni oʻz tan narxidan past narxlarda sotish, qalinligi 40 mikrondan kam boʻlgan polimer plyonkali paketlarni ishlab chiqarish, polimer plyonkali paketlarni olib kirish taʼqiqlandi.

Oʻzbekiston Davlat ekologiya qoʻmitasiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birga xorij tajribasi va jamoatchilik muhokamasini hisobga olib, 2020 yilning 1 yanvariga qadar foydalanish xususiyatini yoʻqotganidan soʻng atrof-muhitga zarar yetkazadigan, ishlab chiqariladigan va import qilinadigan tovarlar guruhiga ekologik yigʻimni joriy qilish yuzasidan asoslangan takliflar kiritish vazifasi topshirilgan.

Sputnik Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlarida plastikka qarshi kurash qay tarzda olib borilayotganini qiziqib koʻrdi.

Qozogʻiston: chiqindilarni saralab toʻplash amaliyotini yoʻlga qoʻymoqchi

Rasmiy Ostona ham Oʻzbekiston singari avvaliga polietilen mahsulotlarni bepul tarqatish amaliyotidan voz kechib, soʻngra uni ishlab chiqarishni butkul yoʻqqa chiqarishni rejalashtirgan. Ammo ekologlar bunday tashabbusni maʼnisiz deb topmoqda.

"Polietilenning qulayliklari koʻp, shu bois, odamlar undan voz kechmaydilar. Polietilenni toʻplash kerak, xolos. Shu bois, Qozogʻiston hukumati endilikda chiqindilarni alohida toʻplashni joriy etmoqda", - deyiladi Sputnik Qozogʻiston xabarida.

Ostonada plastik, oyna va qogʻoz chiqindilar uchun sariq rang baklarni oʻrnatish ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.

Qirgʻiziston: plastik idishlardan voz kechmoqchi

Qirgʻiziston hukumati respublikada polietilen paketlar va plastik idishlardan foydalanishni taʼqiqlash taklifini ilgari surmoqda.

Bu haqda "Issiq Koʻldagi biosfera hududga polietilen paketlar va plastik idishlarni olib kirish, ularni ishlab-chiqarish va foydalanishni taʼqiqlash toʻgʻrisidagi" Vazxirlar mahkamasi xulosasida nazarda tutilgan. Hujjat tashabbuskori - Jokorgʻu Kenesh deputati Ekmat Baybakpayev. Deputat bu qonun qabul qilingach, qonunbuzarlik holati roʻy bergan taqdirda jinoiy, maʼmuriy, axloq tuzatish hamda moddiy javobgarlik choralarini kiritishni taklif etgan.

Tojikiston: roʻzgʻorda polietilendan voz kechish taklif etilmoqda

Tojikiston OAVlari xabariga koʻra, mamlakat tabiatni muhofaza qilish organlari vakillari roʻzgʻorda polietilen paketlardan foydalanishdan voz kechishni taklif qilishmoqda.

Ayni vaqtda Tojikiston tabiati plastik chiqindilar bilan ifloslanib ketishi muammosiga duch kelgan va respublika Hukumati qoshidagi atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha qoʻmita bir marta ishlatiladigan plastik paketlardan foydalanishdan voz kechish boʻyicha choralarni bosqichma-bosqich qabul qilishni taklif etmoqda. Masalan, plastik paketlar oʻrniga qogʻoz va tekstil xaltalarga oʻtish taklif qilingan.

Shuningdek, Respublikada plastik chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha tsexlar ishga tushirilgan.

Sputnik Tojikiston Xoʻjand viloyati sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi sal oldin jamoat tamaddixonalarida plastik idishlardan ishlatishni taʼqiqlaganini maʼlum qilgandi.

Aniqlik kiritilishicha, plastik idishlar 52 turdagi kasalliklar, shu jumladan, oshqozon, ichak, jigar kasalliklari oʻchogʻidir. Baʼzi hollarda rakni ham keltirib chiqarishi mumkin.

"Plastik idish kimyoviy materiallardan ishlab chiqilgan boʻlib, unga issiq taom solinganda, kimyoviy reaktsiya yuzaga keladi, natijada inson salomatligiga ziyon yetkazuvchi zararli moddalar ajralib chiqadi", - deyiladi xabarda.

Turkmanistonda hozircha plastik paketlarga nisbatan taʼqiq choralari koʻrilmagan.

Aytgancha...

Plastik paketlarga birinchi taʼqiq 2002 yilda Bangladesh tomonilan joriy qilingan. Bu davlatda shahar zovur tizimini plastik paketlar yopib qoʻygani tufayli suv toshqini yuzaga kelgan va minglab odamlar halok boʻlishgan.

Yeroparlament Yevropa Ittifoqi davlatlarida bir marta ishlatiladigan plastik tovarlar- paketlar, naychalar va boshqa mahsulotlardan foydalanishni toʻliq taʼqiqni maʼqullagan.

Albatta, plastik paketlar ixtirosi oziq-ovqat mahsulotlari doʻkonlari xaridorlari hayotiga birmuncha yengillik olib kelgan boʻlsa-da, ammo vaqt oʻtgach bu paketlar atrof-muhitga qanchalik zarar yetkazishi aniqlandi. Sintetik polimerlarning eng "koʻhna"lari, masalan yoshi 60dan oshganlari ham tabiiy sharoitlarda yoʻq boʻlgani yoʻq. Pessimistik prognozlarga koʻra, ularning tabiiy holatda chirishi 400 yilni tashkil qiladi.

Okeanni ifloslantiradigan plastiklar esa polietilen boʻlaklarini ozuqa sifatida qabul qiluvchi dengiz hayvonlari oʻlimiga sabab boʻladi. Butunjahon yovvoyi tabiat jamgʻarmasi xabariga koʻra, har yili 100 ming tyulen, kit va dengiz toshbaqalarini xuddi shunday qismat kutadi.

Asosiy mavzular