11:39 25 Aprel 2019
Efir
  • RUB131.78
  • EUR9493.15
  • USD8441.36
Mujchina demonstriruyet pensionnoye udostovereniye

Hatto pensionerlar ham yosh boʻlolmaydi

© Sputnik / Yevgeniy Yepanchintsev
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
289220

Oʻzbekiston pensionerlarini qanday oʻzgarishlar kutmoqda? Davlat pensiyani qanday shakllantiradi va pensiya toʻlovi uchun mablagʻlar qayerdan olinadi? Bugungi kunda chet davlatlarda mehnat qilayotgan migrantlar qancha miqdorda pensiyaga umid qilishlari mumkin? Koʻpchilikni oʻylantirayotgan bu kabi savollarga mazkur maqoladan javob topish mumkin

Pensiya – bu nafaqat keksarganda olinadigan va keksalikdek unchalar yoqimli boʻlmagan davrning moddiy taʼminotigina emas, balki insonning oʻzining davlatga, jamiyatga kerakliligini, begona emasligini, ortiqcha boʻlib qolmaganini his etib yashashini taʼminlovchi maʼnaviy vosita.

Portret pojilogo uzbeka
© Flickr / Giorgio Montersino

Shu bilan birga butun dunyo boʻylab, odamlarning oʻrtacha yoshi oshib bormoqda. Bu esa bir vaqtda  har qanday davlatning pensiya tizimiga jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Statistik tashkilotlar Oʻzbekistonda ham aholining oʻrtacha yoshi ancha oʻsganini bayon qilmoqda. Ha, tibiyotning rivojlanishi, ogʻir jismoniy mehnatning texnika zimmasiga yuklatilishi, insoniyat asrlar davomida yigʻilib qolgan salbiy odatlaridan sekin-asta voz kechib borayotgani insonlar umrining uzayishiga olib kelmoqda. Bu, albatta quvonchli hol. Bir vaqtning oʻzida ushbu holat jamiyat hayotida, davlat siyosatida ayrim tub oʻzgarishlarni ham talab etadi.

Oʻzbekiston 2020 yilga kelib sobiq SSSR davridan buyon jiddiy oʻzgartirilmagan pensiya tizimini toʻliq isloh etishni rejalashtirgan. Bunda qator jiddiy oʻzgarishlar koʻzda tutilgan. Xususan, pensiya yoshini oshirish, minimal ish staji davrini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish (10 yil etib belgilash) va, hatto, ishlamaydigan ayol uchun turmush oʻrtogʻi tomonidan (ixtiyoriy) toʻlov badali kiritilib borilishi evaziga ishlamaydigan uy bekalarini ham kelajakda pensiya bilan taʼminlash shular jumlasidan.

Albatta, pensiya tizimida ushbu islohotlarni amalga kiritilishiga hali vaqt bor. Pensiya yoshi oshirilishi masalasi aksariyat fuqarolar tomonidan salbiy baholanayotgan boʻlsa-da, islohotlarning ijobiy tomoni ham bisyor. "Misol uchun fuqaro pensiya badalini qanchalik koʻp toʻlasa, kelajakda pensiyasining miqdori ham shuncha ortadi. Yaʼni ishlaydigan odam - ertangi kunda "pensiya" soʻzidan hayiqmasa ham boʻladi". Qolaversa, oʻrtacha yoshning oshishi natijasida jamiyatda ulkan pensionerlar armiyasining yuzaga kelishi ham davlat iqtisodini izdan chiqarishi mumkin.

Oʻzbekiston pensionerlarini qanday oʻzgarishlar kutmoqda? Davlat pensiyani qanday shakllantiradi va pensiya toʻlovi uchun mablagʻlar qayerdan olinadi? Bugungi kunda chet davlatlarda mehnat qilayotgan migrantlar qancha miqdorda pensiyaga umid qilishlari mumkin? Koʻpchilikni oʻylantirayotgan bu kabi savollarga mazkur maqoladan javob topish mumkin.

Pensiya yoshi oshirilishi sabablari

Butun dunyoda fuqarolarning pensiyaga chiqishi oʻrtacha 62 yoshni tashkil etadi, faqat Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich 57,5 ga teng. Hatto Markaziy Osiyo davlatlarida, misol uchun, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistonda pensiyaga chiqish erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun 58 yosh etib belgilangan. Turkmanistonda bu koʻrsatkich erkaklar uchun 62, ayollar uchun 57 yoshni tashkil etadi. Koʻrib turganingizdek, MDH davlatlari doirasida ham, Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha ham pensiyaga chiqish yoshi faqat Oʻzbekistonda eng past hisoblanadi - erkaklar uchun 60, ayollar uchun 55 yosh.

Pensiya jamgʻarmasi maʼlumotlariga qaraganda, Oʻzbekistonda pensiya yoshidagi shaxslarning aholi umumiy soniga nisbati yildan yilga oshib bormoqda. 2025 yilga borib u 11 foizga yetadi (2011 yilda 6,2 foizni tashkil qilgan). Shu munosabat bilan pensiya tayinlash borasida murojaatlar soni ham har yili oʻrtacha 16 ming fuqaroga oshib bormoqda. 2025 yilga kelib koʻrsatkich 300 mingdan oshadi. 2018-2025 yillarda Oʻzbekistonda pensiya yoshidagi aholi soni 1,2 millionga koʻpayadi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda nafaqa oluvchilar soni 3 mln. 445 ming nafarni tashkil etadi. Shulardan 3 mln. 100 mingi yoshga doir pensiya oluvchilar va qolgan qismi ijtimoiy nafaqa oluvchilardir.

2018 yil dekabr oyida Oʻzbekiston prezidenti tomonidan imzolangan pensiyaga oid farmon tufayli nafaqaga chiqayotgan shaxslarga koʻproq pensiya olish imkonini yaratildi. Farmonga koʻra 2019 yil 1 yanvardan boshlab barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalar toʻliq miqdorda toʻlanadi.

Shuningdek, yangi tartibga muvofiq endilikda, pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori eng kam oylik ish haqining sakkiz barobaridan oʻn barobarigacha (hozirda 2 mln 27 ming 300 soʻmga) oshirildi. Bu esa oʻz oʻzidan pensiyaga chiqayotgan shaxslarga yanada koʻproq pensiya tayinlash imkonini beradi.

Pensiya yoshi va mehnat staji bosqichma-bosqich oshirilishi

Oʻzbekistonda pensiyaga chiqish yoshi, aytilganidek, erkaklar uchun - 60, ayollar uchun 55 yosh. Albatta, pensiya yoshini birdaniga oshirish-oshirmaslik hali chuqur oʻylab koʻriladigan masala.

"Biz bu masalani oʻrganamiz, pensiya yoshini birdaniga yoki bosqichma-bosqich oshiramizmi, bu yakuniy kontseptsiya loyihasida aks ettiriladi", - deya tushuntiradi "Sputnik" muxbiri bilan suhbatda Pensiya jamgʻarmasi ijro etuvchi apparati boʻlim boshligʻi Shuxrat Oʻtaganov.

Pensiya tizimini isloh qilishga qaratilgan kontseptsiyadagi dolzarb masalalardan yana biri bu – talab etilgan staj miqdorini oshirishdir. Hozirda Oʻzbekiston qonunchiligida pensiya tayinlash uchun kishi kamida 7 yil ish stajiga ega boʻlishi lozim.

"Oʻzbekiston aʼzolikka qabul qilingan Xalqaro mehnat tashkiloti esa pensiya tayinlash uchun 10 yildan 15 yilgacha minimal ish staji boʻlishini talab etadi. Aksariyat rivojlangan davlatlarda bu koʻrsatkich 15 yildan ham ortiq. Faqat Oʻzbekistonda bu minimal talab sobiq ittifoq davlatlari orasida eng kam, yaʼni 7 yilni tashkil etadi", - dedi Pensiya jamgʻarmasi vakili.

Hozirda bu talabni oshirish masalasi oʻrganilmoqda. Pensiya jamgʻarmasi bu ishni ham bosqichma-bosqich, yaʼni har yili bir yildan oshirib yoki 2023 yildan 10 yil qilib belgilash masalasini muhokama qilmoqda.

Pensiya toʻlash uchun mablagʻlar qayerdan olinadi?

Ilgari barcha toʻlovlar pensiya jamgʻarmasi hisobidan amalga oshirilgan. Endilikda yoshga doir pensiya taʼminoti byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi, ijtimoiy nafaqalarning barchasi (suyunchi puli, dafn puli va hokazolar) byudjet hisobidan qoplanadi.

Pensiya jamgʻarmasining bevosita va asosiy daromadi manbai - davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar, byudjet tashkilotlari (ular 25 foizlik stavkada yagona ijtimoiy toʻlov toʻlashadi) hamda tadbirkorlik subʼyektlaridir (12 foiz miqdoridagi yagona ijtimoiy toʻlov toʻlaydilar). Shuningdek, yagona soliq toʻlovi ham bor, buning ham maʼlum bir qismi pensiya jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.

Jamgʻarmaning qolgan daromad manbai - ixtiyoriy sugʻurta badallaridir. (2019 yildan boshlab majburiy sugʻurta badali, ixtiyoriy sugʻurta badali va iqtisodiy sugʻurta badali singari atamalar bekor qilingan. Uning oʻrniga yagona ijtimoiy toʻlov atamasi kiritilgan).

Pensiya jamgʻarmasining eng katta zaxiralaridan biri - Oʻzbekistonning 14,5 million iqtisodiy faol aholisidir. Shulardan 5 millionga yaqini rasmiy ishda ishlaydi va ijtimoiy pensiya tizimi bilan qamrab olingan. Toʻqqiz yarim milliondan ortiq kishilar - yaʼni norasmiy sektorda band fuqarolar: migrantlar, norasmiy ishlayotganlar, xalq tilida aytganda "mehnat daftarchasisiz" faoliyat yuritayotganlar bu badalni toʻlamayapti.

Ishchilar, hamjihat boʻling! Yoki butun dunyo preletarlari birlashingiz!

Xullas, hammayam pensiya olgisi keladi va oladi ham. Ammo pensiya jamgʻarmasiga toʻlovni amalga oshiradiganlar kam.

Mehnatga layoqatli 60 foiz aholi ijtimoiy sugʻurta tizimi bilan qamrab olinmagan. Shuningdek, oylik toʻlov badallari va pensiya miqdori oʻrtasidagi bogʻliqlik ham bir muncha susaygan va toʻliqsiz stajga ega pensionerlar soni oʻsishda davom etmoqda. Shu bois, pensiya jamgʻarmasi rasmiylari yangi ishlab chiqilayotgan kontseptsiya doirasida ayrim takliflar borasida bosh qotirmoqda. Kelajakda daromad manbaini, yaʼni pensiya jamgʻarmasini moliyaviy holati barqarorligini taʼminlash choralari ustida ishlashmoqda.

Bugungi kunda ishlayotgan va jamgʻarma hisobiga pul tushirayotgan kishilar mablagʻlari hisobidan pensionerlarga toʻlov amalga oshirilmoqda. Kelajakdagi pensionerlar uchun kelajak avlod toʻlovni amalga oshiradi.

Jamgʻarma moliyaviy holati barqaror boʻlishi uchun esa barcha toifadagi shaxslar (rasmiy va norasmiy sektor vakillari) pensiya jamgʻarmasiga oʻz ulushini qoʻshishlari kerak.

Pensiya jamgʻarmasi rasmiy vakilining soʻzlariga koʻra, bugungi kunda aksariyat fuqarolardan "mening stajim yoʻq, men nima qilishim kerak? Davlat nega menga pensiya bermaydi?", degan savollar kelib tushmoqda. Jamgʻarmaning ham bundaylarga javobi bor: Davlatga umuman ishlamagan, jamgʻarmaga ulush qoʻshmagan boʻlsangiz nega davlat sizga pensiya toʻlashi kerak? Pensiya bu ijtimoiy nafaqa emas. Pensiya - bu jamgʻarmaga qoʻshgan ulushi orqali oʻzining haqqini toʻlab borish degani. Yaʼni har bir inson keksalikda pensiya olishi uchun yoshlikdan ulush kiritib borishi kerak.

Davlat, albatta, ishlamagan, staji yoʻqlarni ham koʻchaga tashlab qoʻymaydi, nafaqa beradi. Lekin bu nafaqa miqdori bugungi kunda 243 ming soʻmni tashkil etadi.

 

Badallar, badallar....

2019 yilda Soliq kontseptsiyasi qabul qilinishi munosabati bilan, fuqarolar 1 yanvardan boshlab pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badalini toʻlamaydigan boʻldi. Sugʻurta badalining bekor boʻlishi pensiya hisob-kitob mexanizida ham oʻzgarishlarni sodir etdi. Qonunchilikka oʻzgartirish kiritildi. Lekin 2019 yil 1 yanvarigacha boʻlgan fuqarolarning ish staji agar sugʻurta badali toʻlangan boʻlsa, albatta inobatga olinadi. Va oʻrtacha ish haqi ham sugʻurta badali miqdoriga qarab aniqlanadi. 2019 yil 1 yanvardan keyingi staji fuqarolarning ish haqisi hisoblangan boʻlsa, (ish haqi tarkibiga har qanday (masalan, (qoʻshimcha ustamalar yoki yillik qanaqadir mukofot pullari) mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromad kiritilgan boʻlsa, oʻsha stajga ham oʻtadi, va oʻrtacha ish haqi ham oylik ish haqidan hisoblanadi.  

Pensiya jamgʻarmasi fuqarolardan pensiya tizimiga ixtiyoriy ravishda kelib tushadigan toʻlov badallari miqdorini oshirishga erishmoqchi. Buning uchun bir qancha chora-tadbirlar rejalashtirilgan. Misol uchun, agar kishiga pensiyaga chiqishi uchun atigi 3 yil ish staji yetmay qolsa, u har bir yetmayotgan yil uchun eng kam ish haqi miqdorida toʻlovni amalga oshirib, ega boʻlishi mumkin.

Oʻz-oʻzini band qilgan (norasmiy sektor kishilari) yiliga eng kam ish haqining bir barobari miqdorida toʻlovni amalga oshirsalar, yillik stajga ega boʻladilar. Faqat xorijda ishlayotgan, chet elga rasmiy yoki norasmiy ketgan fuqarolar yillik staj uchun yiliga 4,5 minimal ish haqini toʻlaydilar.

Shuningdek, ishlayotgan fuqarolar oilaning ishlamayotgan aʼzolari uchun ixtiyoriy tarzda badal toʻlovini amalga oshirishlari mumkin.

Pensiya miqdori fuqaroning toʻlayotgan badali miqdoriga bogʻliq, deydi Pensiya jamgʻarmasi rasmiylari. Yuqorida badallarning minimum miqdori keltirib oʻtildi. Agar fuqaro qancha koʻproq badal toʻlaydigan boʻlsa, demak kelgusida oʻziga yuqori pensiyani kafolatlaydi, deya ishontirishmoqda ular.

Pensiya tizimi qaysi davlatdan "koʻchiriladi"

Pensiya jamgʻarmasi rasmiylari soʻzlariga koʻra, yangi pensiya tizimini joriy qilishda Jahon banki bilan ishlar olib borilmoqda. Yaʼni Oʻzbekiston tomon oʻzidagi barcha maʼlumotlarni Jahon bankiga taqdim etgan, Jahon banki esa oʻz navbatida boshqa davlatlarni tajribasini oʻrgangan holda oʻz tavsiyalarini tayyorlab bergan. 

"Aniq bir davlatni pensiya tizimini Oʻzbekistonda joriy qilamiz deb aytishimiz mumkin. Misol uchun, mana Daniyaniki zoʻr deymiz yoki boʻlmasa Polsha tizimi yaxshi ekan, deymiz. Borib oʻrganib kelib, oʻzimizda joriy qilishimiz ham mumkin. Lekin bitta narsani aytish kerak-ki, birorta davlatning pensiya tizimi bir-birini 100 foiz takrorlamaydi. Chunki har bir davlatning oʻziga xos xususiyatlari bor", - deydi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi ijrochi direktori Yorqin Tursunov.

Pensiya tizimini yangilash maqsadida Oʻzbekiston vakillari Polshaga borib kelgan, Chexiyaga safar rejalashtirilgan, Janubiy Koreya va Rossiya Federatsiyasi bilan ishlarni olib bormoqda. Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston dunyo boʻyicha eng ilgʻor tajribalarni oʻrgangan holda oʻz pensiya tizimini yaratishni rejalashtirmoqda.

Ha aytgancha, Pensiya jamgʻarmasi mutasaddilarining soʻzlariga koʻra, fond ayni vaqtda Polshaning "Aseka" kompaniyasidan respublika miqesidagi barcha arxivlarni elektronlashtirish boʻyicha yordam soʻragan. Arxiv bilan elektron baza yaratilsa, pensiya tayinlashda odamlarni ovora qilish masalasi ham kelajakda oʻz-oʻzidan yoʻqolishi mumkin va fond ham shu bilan oʻzining eng ogʻriqlik nuqtasidan qutuladi. Demak, pensionerlar uchun "yugur-yugur"larsiz kelajak taʼminlanadi.

Asosiy mavzular