16:34 19 Iyun 2019
Efir
  • RUB132.57
  • EUR9566.00
  • USD8535.74
Predsedatel obʼyedineniya VETERAN Talʼat Muradov

Urushdan keyingi doʻstlik: jangchi ofitser "haqiqiy shoʻroviy" va oʻzbeklar qahramonligi haqida

© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Analitika
Havola olish
Dilshoda Rahmatova
110130

VETERAN uyushmasi raisi Talʼat Muradov baynalmilal-jangchilar shu kechayu-kunduzda qanday hayot kechirishayotganliklari, ular nima bilan bandligi va hozirga qadar urush iskanjasida boʻlgan Afgʻonistonda oʻzbekistonliklar qanday jasorat koʻrsatganliklari haqida gapirib berdi

Maʼlumot. Talʼat Muradov 1960-yil 12-mayda Samarqandda tugʻilgan, 1983-yil Qishloq xoʻjaligi institutining qishloq xoʻjaligini mashinalashtirish boʻlimini tamomlagan, ixtisosligi boʻyicha muhandis. 1984-yildan 1985-yilga qadar Afgʻonistonning Hirot shahrida 101-motooʻqchilar polkida xizmat qilgan. "Qizil yulduz" (1985 yil), "Vatan oldidagi xizmatlari uchun", "Doʻstlik" (2017 yil) ordenlari bilan mukofotlangan. Oʻzbekiston hukumati tomonidan oltita medal bilan taqdirlangan.

— Talʼat Pardayevich, Oʻzbekistondan Afgʻoniston hududidagi boʻlgan jangovar harakatlarda necha kishi qatnashgan?

— Bizning respublikamizdan Afgʻonistonga 65 ming nafarga yaqin kishi chaqirilgan, jangchilarning 1520 nafari halok boʻlgan, 2,5 mingga yaqini ogʻir tan jarohatlarini olganlar. Halok boʻlganlar soni 1515 nafar degan maʼlumot ham bor, ammo bu oʻsha jangchining ota-onasi yoki yaqinlari boshqa mamlakatga koʻchib ketgani va hujjatlar boʻyicha respublikaga boshqa aloqasi yoʻqligi bilan izohlanadi. Biz 1-fevral kuniAfgʻonistonda halok boʻlgan barcha jangchilar, shuningdek, Oʻzbekiston erki va mustaqilligi uchun jon fido qilgani yurtdoshlarimiz nomlarini Xotira maydonidagi memorialga kiritamiz. 2-fevral kuni esa "Turkiston" saroyida bizning veteranlarimiz uchun katta tantanali kontsert oʻtkaziladi.

— Hozirda mamlakatda yashayotgan afgʻon urushi veteranlari soni qancha?

— Afgʻonistondan qoʻshinlar chiqarilgan vaqtda respublikada baynalmilal-jangchilar soni 60 ming nafarga yaqin edi. Afsuski, oʻtgan yillar mobaynida turli kasalliklar va olingan jarohatlar asoratlari tufayli besh ming nafarga yaqini hayotdan koʻz yumishdi - ahamiyat bering, bu jangovar harakatlar vaqtida halok boʻlgan jangchilar sonidan koʻproq. Vaqt afsuski, hech kimni ayamaydi.

— Urush vaqtidan 30 yildan ortiq vaqt oʻtdi. Oʻshanda Afgʻonistonda qanday missiyani bajarayotganingiz haqida sizda aniq tushuncha boʻlganmi? Balki oʻtgan yillar davomida oʻsha urushga nisbatan munosabatingiz oʻzgargandir?

— Men Afgʻonistonga Moskvadan ketganman. Oʻsha vaqtda u yerda ishlardim. Leytenant unvoniga ega edim. Oʻz ixtiyorim bilan borganman, meni yuborishlari uchun oltita ariza yozishimga toʻgʻri kelgan, chunki bu ishni vatan oldidagi qarzim deb hisoblar edim.

Bilasizmi, bizning missiyamiz oʻta muhim boʻlib, 40-armiyadan soʻng amerikaliklar, yevropaliklar va butun dunyo harbiy boʻlinmalari - bu mamlakatda amalga oshirgan ishlardan keskin farq qilardi. Biz birinchi navbatda mahalliy aholi bilan yaqindan ishlaganmiz - kasalxonalar, maktablar qurdik, qishloq xoʻjaligi, sanoat va ishlab chiqarishni rivojlantirdik.

Statistika esa afsuski, quvonarli emas: agar oʻshanda 1979 yildan 1989 yilgacha Afgʻoniston dunyodagi narkotiklar umumiy hajmining 7%ini qayta ishlagan boʻlsa, hozirda bu raqam oʻnlab marotaba ortiqni tashkil qiladi. Biz bu negativ jarayonni ushlab turganmiz, nasha maydonlarini yoʻq qilardik, terroristik guruhlarning paydo boʻlishiga toʻsqinlik qilardik. Men oʻshanda oddiy leytenant edim, hech qanday rahbarlik postlarini egallamaganman, ammo oddiy askar sifatida, bizning 40-armiya oʻz vazifasini va harbiylik burchini sharaf bilan bajardi, deb hisoblayman, mamlakatni munosib tark etdi va oʻzidan keyin ulkan infratuzilmalarni qoldirdi.

Yana shuni qayd etmoqchimanki, Afgʻonistonda jang qilgan vatandoshlarimiz, qoʻmondonlarimiz va askarlarimiz shunchaki pensiyaga chiqib dam olishayotgani yoʻq, balki mamlakat taraqqiyotiga oʻzlarining ulkan hissalarini qoʻshishmoqda. Oʻzingiz oʻylang, Afgʻoniston veteranlari orasidan yettita elchi chiqqan, xususan, Oʻzbekistonning Rossiyadagi birinchi elchisi professor Yusuf Abdullayev, respublikaning Qozogʻistondagi birinchi elchisi Nosir Yoqubov, va Eronda 16 yil davomida Oʻzbekiston dipmissiyasiga rahbarlik qilgan Ilhom Akramov va AQShdagi favqulodda elchi Shavkat Hamroqulov va koʻplab boshqa diplomatlar. Bu insonlar shu bugunga qadar oʻz bilim va tajribalarini Oʻzbekiston taraqqiyoti yoʻlida qoʻllamoqdalar.

— Oradan oʻn yilliklar oʻtib, sizlar birga ishlagan yoki suhbatda boʻlgan afgʻonlarning oʻzlari sizlarga qanday munosabat bildirishmoqda?

— Ular bizni quchoq ochib qarshi oladilar va oʻsha yillarni hamisha minnatdorlik bilan yodga olishadi. Ular: "Shoʻroviy, sizlar haqiqiy edingizlar!", deyishadi. Men koʻplab marotaba Afgʻonistonga delegatsiyani kuzatganman, urushdan keyin bir marta u yerda boʻldim. Bizni juda iliq va samimiy kutib olishgan. Aytgancha, hozir Termizda sayyohlik kompaniyasi ochilibdi, Afgʻonistonga turistik turlarni uyushtirish bilan shugʻullanar ekan, ular ham bizni taklif qilib, har safar oʻz minnatdorchiligini bildiradilar.

Chunki mamlakatda boʻlib turgan yillarimiz bizga qishloqning istalgan kishisi murojaat qilishi, gospitalga medikamentlar uchun kelishi yoki biz ochgan gospitalda malakali tibbiy xizmat olishi mumkin edi. Bundan tashqari biz ularga koʻplab oziq-ovqatlar - shakar, non, grechka, unlar berganmiz, koʻpriklar, yoʻllar, butun boshli mikrorayonlarni qad rostlaganmiz. Ular buni yaxshi eslashadi.

— Urushdan keyin Afgʻoniston aholisi bilan qandaydir aloqalar saqlanib qolganmi? Oʻzbekistonliklar bu davlatga borib turadilarmi?

— Biz hamisha aloqadamiz, isteʼfodagi generallarni yoki Afgʻonistonning oddiy aholisini tadbirlarimizga chaqirib turamiz. Dariy tilini bilganim uchun, afgʻonlar bilan bemalol gaplasha olaman.

Afgʻonistonning tub aholisi orasida koʻpi sovet qoʻshinlari chiqarib ketilgandan soʻng doimiy yashash uchun Oʻzbekistonga koʻchib kelishgan, misol uchun Toshkentga va Samarqandga. Toshkentda Chilonzorda ular hatto oʻz kvartaliga va savdo rastalariga ega. Shunday qilib, ular ham Oʻzbekiston va Afgʻoniston iqtisodiyotiga baholiqudrat hissa qoʻshib kelishmoqda. Mamlakatlarimiz rahbarlari bu munosabatlar va iqtisodiy aloqalar rivojlanishidan manfaatdor.

Keyingi vaqtlarda biz birgalikda koʻpgina loyihalarni amalga oshirayapmiz, shulardan birini alohida ajratib koʻrsatmoqchi edim. Men tarixni yaxshi bilaman va Oʻzbekiston Afgʻonistonda inglizlar 300 yilda, hatto SSSR va oʻsha urushdan keyin na Yevropa, na amerikaliklar qila olmagan ishni amalga oshirgan deya ayta olaman. Biz bu davlat uchun juda zarur boʻlgan Hayratondan Mozori-Sharifgacha boʻlgan temir yoʻlni qurdik. Mingga yaqin yurtdoshlarimiz oʻz hayotlarini xatarga qoʻyib, urush ketayotgan bir paytda mamlaktaning ogʻir tabiiy va relyef shart-sharoitlarida 70 kilometr uzunlikka teng yoʻl, koʻpriklar, daryo oʻtkazgichlar, yer osti yoʻllari qurishdi. Bu chinakam qaharmonlik. Axir yangi yoʻl - bu hayot, bu infratuzilma, bu afgʻon xalqi uchun yuzlab, minglab ish oʻrinlari demak.

Hozirda bu temir yoʻl qurilishi Hirotgacha davom ettirilmoqda, yana bizning temiryoʻlchilarimiz mardonavor mehnati bilan qoʻshni mamlakatga yordam bermoqda. Bizning prezidentimiz Afgʻoniston bilan integrallashuv sari intilmoqda, bu davlatni iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Bizning qoʻshni davlat bilan gaz va elektr energiyasi sohasida savdomiz bor, delegatsiyalarimiz bordi-keldi qilishadi, gumanitar va ilmiy sohalarda yaqindan hamkorlik oʻrnatganmiz. Biz Afgʻonistonning tinch rivoji uchun oʻz hissamizni qoʻsha olishimizdan faxrlanamiz, ilohim u yerda tinchlik oʻrnatilsin va mamlakat gullab-yashnasin.

Talʼat Muradov vo vremya intervyu s korrespondentom Sputnik
© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Talʼat Muradov vo vremya intervyu s korrespondentom Sputnik

— Afgʻon muammosini kuch ishlatish yoʻli bilan hal qilish ijobiy natija bermadi - na AQSH, na YEI bu mamlakatdagi holatni oʻzgartirishga erisha olmadilar. Sizningcha, kuch ishlatish yoʻli bilan muammoni hal etib boʻladimi yoki faqat iqtisodiy integratsiya Afgʻonistonni tinch hayotga qaytarishi mumkinmi?

— Ishonchim komilki, iqtisodiy integratsiya, hamkorlikdagi loyihalar va savdo aloqalari - Afgʻonistonda tinchlikka erishish uchun eng samarali strategiyadir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham aynan shunday siyosatni yuritmoqdalar, va men, harbiy sifatida, bizning bosh qoʻmondonimiz pozitsiyasini toʻlaligicha qoʻllab-quvvatlayman.

Afgʻonistonda xizmat qilganimda, men shu jumladan, mamlakat qishloq xoʻjaligini qayta tiklashda qatnashganman. Yaqinda davlatimiz rahbari afgʻon xalqiga yangi traktorlarni sovgʻa qilganlarida men ularning bu harakatlarini juda katta xursandchilik bilan qabul qildim. Axir ular uchun bu ulkan yordam, chunki u yerda deyarli hech vaqo yoʻq - bori ham chirib ketgan. Yevropaliklar va amerikaliklar ularga hech nima yetkazib bermagan. Prezidentimiz amalga oshirayotgan ishlar tinchlik sari eltuvchi yoʻldir.

Biz afgʻonlar bilan suhbatda boʻlamiz, va ular urushdan qanchalik toliqqanlarini koʻramiz. Ular Toshkent, Samarqand, Termez koʻchalarida yurganlarida bizga qanchalik kuchli xavas bilan qarashadi... Ular har safar: "Sizlar qanchalik yaxshi hayot kechirayotganliklaringizni tushunmaysizlar, sizlar, haqiqiy jannatda yashaysizlar!", deyishadi. Keyin ular oʻzlarining jahannamiga qaytadilar, chunki u yerda urush hali tamom boʻlmagan. Ularning birdan-bir orzui Oʻzbekiston singari tinch mamlakatda yashash, bu shubhasiz.

— VETERAN uyushmasi qanday tashkil topgani haqida gapirib bering.

— Oʻn yillik urushdan keyin minglab odamlar uylariga qaytdilar va tabiiyki, qoʻllab-quvvatlanish, yordam va reabilitatsiyaga ularda ehtiyoj paydo boʻla boshladi. Bu kabi tashkilotlar avval butun Ittifoq boʻylab, keyin alohida respublikalarda aynan shu maqsadlarda tashkil etilgan edi.

Talʼat Muradov
© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Talʼat Muradov

1986 yil boshida Samarqand, Namangan va boshqa shaharlarda xuddi shunday uyushmalar shakllana boshladi. Oʻshanda bu shunchaki baynalmilalchi-jangchilar klublari edi. Odamlar u yerga ish topishda yoki maishiy masalalarda yordam soʻrab kelardilar. 1993 yilda biz oʻsha vaqtda mavjud boʻlgan besh yoki oltita tashkilotni bittaga birlashtirdik va u bugungi kunda VETERAN deb ataladi. Yubiley sana munosabati bilan biz Toshkentda 1 fevral kuni yirik anduman tashkil etayapmiz, tadbirda ishtirok etish uchun sobiq ittifoqda mavjud barcha tashkilot yetakchilari ishtirok etadilar. Bu biz uchun katta sharaf va biz hozirgi kunlarda ushbu keng koʻlamli voqeaga tayyorgarlik koʻrayapmiz.

— Tashkilot bugungi kunda avvalo qanday masalalar yechimi bilan ishlamoqda?

— Uyushmamiz sobiq ittifoq respublikalaridagi barcha shu kabi tuzilmalar bilan hamkorlikda ishlaydi. Faoliyatimizning asosiy yoʻnalishlari haqida gapirib bermoqchiman.

Birinchisi – bu ijtimoiy-tibbiy reabilitatsiya. Murakkab tomoni shundaki, davlatlar mustaqillikka erishgach koʻplab idoralararo aloqalarda uzilish roʻy bergan. Bugungi kunda biz bu aloqalarni sekin-asta yoʻlga qoʻyyapmiz va boshqa imkoniyatlarni ham albatta koʻrib chiqmoqdamiz.

Misol uchun, hozirgi kunda veteranlarga protez qilish uchun Rossiyaga bepul chiqib kelishlari imkoniyatini yaratadigan bitimni imzolash arafasidamiz. Toʻgʻri, hozirgi kunda tibbiyotimiz rivojlanayapti, yangi texnologiyalar paydo boʻlmoqda, ammo bugun biz barcha sohalarda toʻlaqonli xizmat koʻrsatishni taʼminlay olmaymiz. Tibbiyotda murakkab yoʻnalishlar borki, shu bois, reabilitatsiyaning barcha jabhalarini qamrab olishning imkoni yoʻq. Ammo yaqin kelajakda bu ham Oʻzbekistonda amalga oshirilishigia aminman.

Ikkinchi yoʻnalishimiz - yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash. Afgʻonistondan qaytgach biz Mehribonlik uylariga yoʻl olganmiz. Oʻsha vaqtlarda bolalar uylarini tark etgach, huquqni muhofaza qilish idoralari roʻyxatida turadigan oʻsmir bolalar soni koʻpchilikni tashkil qilardi. Albatta, oʻsha vaqtlarda bolalar uylari tarbiyalanuvchilari oʻzlarini yopiq joylarda yaxshi his etgan deb boʻlmaydi. Biz ular bilan ishlaymiz, va bugun faxr bilan ayta olamanki, bugungi kunda bolalar uylaridagi shart-sharoitlar tamomila oʻzgacha. U yerda hammasi yevrostandart boʻyicha amalga oshirilgan, bolalar ust-boshlari ham ozoda.

Oʻsib borayotgan avlod bilan ancha yillardan beri ishlab kelamiz. Qarovsiz yoshlarni koʻcha taʼsiridan himoya qilish uchun biz ularni sportklublarga taklif qilardik, togʻlarga birga olib chiqar edik. Chunki ularga sogʻlom hayot tarzi haqida lektsiya oʻqishning foydasi yoʻq, ular yelkalariga ryukzak taqib togʻ yoʻli boʻylab koʻtarila boshlasalar va yuz metrdan soʻng nafaslari boʻgʻila boshlagach, chekish va boshqa zararli odatlar nimaga olib kelishlarini aniq tushuna boshlaydilar. Biz, urush yoʻlini bosib oʻtgan jangchilar ularga vatanga muhabbat tuygʻularini singdirardik, ularni haqiqiy vatanparvar etib, vatan himoyachisi etib tarbiya qilardik. Erkak esa oila boshligʻi sifatida jismonan baquvvat boʻlishi va har qanday chaqiriqlarga qarshi turishga tayyor boʻlmogʻi lozim.

Talʼat Muradov
© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Talʼat Muradov

Oradan yillar oʻtib bu bolachalar bizning oldimizga yuqori mansabli harbiylar sifatida kirib kelishganlarida juda quvonamiz. Bizning klubimizda tarbiya topganlar orasida oliy harbiy oʻquv dargohlarini tamomlagan minglab yoshlar bor, ular bugungi kunda Mudofaa vazirligi, Xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tuzilmalarida qonun va tartibni himoya qilib kelishmoqda. Biz hech qachon oʻz oldimizga harbiylarni tarbiyalaymiz, degan maqsadni qoʻymaganmiz, asosiysi, bu bolalar oʻz yurtining munosib farzandlari boʻlib kamolga yetishsin va jamiyatning toʻlaqonli, komil aʼzolari boʻlishsin.

Asosiy mavzular