19:27 23 Aprel 2019
Efir
  • RUB131.78
  • EUR9493.15
  • USD8441.36
Ruslan Aushev

Ruslan Aushev Oʻzbekistonning yangi nafasi va Afgʻonistondagi urush haqida - eksklyuziv

Sputnik / Ramiz Baxtiyarov
Analitika
Havola olish
Afgʻoniston: 30 yil tinchlik ilinjida (34)
146820

"Jangovar qardoshlik - behudud" xalqaro ittifoqi oliy kengashi aʼzosi, general-leytenant Ruslan Aushev Sputnik Oʻzbekistonga bergan intervyusi davomida Afgʻonistonda sovet qoʻshinlari qanday missiyani bajarishgani va hozirgi sharoitda ushbu mamlakatda qanday qilib tinchlikka erishish mumkinligi haqida gapirdi

TOSHKENT, 5 fev - Sputnik. Toshkent shahrida 1-3 fevral kunlari sovet qoʻshinlarining Afgʻonistondan chiqarilganiga 30 yil toʻlgani munosabati bilan qator tantanali tadbirlar oʻtkazildi. Sputnik Oʻzbekiston muxbiri Dilshoda Raxmatova tadbirlar davomida oʻsha yillardagi voqealarning asosiy ishtirokchilaridan biri, SSSR Qahramoni, general-leytenant Ruslan Aushevga bir nechta savollar bilan murojaat qildi.

— Ruslan Sultanovich, sovet qoʻshinlari 30 yil muqaddam Afgʻonistonda bajargan missiyani muvaffaqiyatli deb hisoblaysizmi?

— Afgʻonistonda oldimizga qoʻyilgan barcha topshiriqlarni biz bajarganmiz. Muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz, degan tushuncha yoʻq edi, muayyan vaziyatda biz amal qilgan buyruq bor edi, xolos. Biz siyosat bilan shugʻullanmaganmiz, asosan, afgʻon rahbariyati iltimosiga koʻra harakat qilar edik.

Aksariyat odamlar u yerda faqat urush boʻlgan, deb oʻylashadi, ammo haqiqatda jangovar harakatlar oʻsha operatsiyaning uchdan bir qismini tashkil etadi. Vaqtimizning uchdan ikki qismini taʼminlash, kolonnalar qoʻrigʻi, kommunikatsiyalar, GES va boshqa muhim infratuzilma obʼyektlarini qoʻriqlashga sarflar edik. Bizning vazifamiz u yerda gʻalaba qozonish emas edi. Hozir oʻsha vaqtda biz terrorizmning yuzaga kelishiga qarshi kurash olib borganimiz haqida gapirishni boshlashdi. Lekin oʻshanda bizning oldimizda - taʼminlash, olib oʻtish, qurish singari konkret funktsiyalar boʻlgan.

Ha, jangovar harakatlar ham boʻlgan, chunki oʻsha vaqtda Afgʻonistonda fuqarolar urushi davom etardi. Fuqarolar urushida bu singari mojarolar yechim topishida u yoki bu tomonning yonini olish mumkin emas.

— Afgʻonistondagi mojaroni bartaraf etishda Oʻzbekistonning hozirgi harakatlarini qanday baholaysiz?

— Inqirozni tinchlik yoʻli bilan bartaraf etishga qaratilgan har qanday jarayonni qoʻllab-quvvatlash lozim. Oʻzbekiston Afgʻoniston bilan chegaradosh, va qoʻshni mamlakatdagi koʻplab jarayonlar respublikaning oʻziga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shu bois, Oʻzbekiston Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston bilan hamkorlikda Afgʻonistondagi vaziyatni stabillashtirishga harakat qilmogʻi lozim. Mintaqada tinchlik garovi mana shunda.

Toʻliq yarashuv haqida gapirishga hali erta, chunki bu mamlakatda murakkab jarayonlar roʻy bermoqda. Shu bilan birga, koʻp narsa mamlakatdan harbiylarini chiqarishi boʻyicha bayonotlar qilayotgan amerikaliklarga ham bogʻliq boʻladi. Lekin jahonda vaziyat oʻzgarmoqda, kechagi dushmanlar bugun ittifoqdoshlarga aylanishmoqda. Misol uchun, men urushdan keyin Ahmad Shoh Maʼsud bilan uchrashganman va biz u bilan yaqin doʻstlarga aylandik. Oʻn yil oldin Afgʻonistonda boʻlganimda, ularning oʻzlari menga bir-birimiz bilan jang qilganimizda katta xatoga yoʻl qoʻyganimizni aytgan edilar.

— Sizningcha, geosiyosiy masalalarni keng koʻlamli investitsiyaviy loyihalar bilan hal etsa boʻladimi?

— Agar tarixga murojaat qiladigan boʻlsak — istalgan urushni yodga olsak, xoh u Birinchi jahon urushi boʻlsin, xoh Ikkinchi jahon urushi - bularning barchasi sof iqtisod boʻlgan-ku. Hammasini demaylik, lekin koʻplab narsalarni investitsion loyihalar evaziga hal etsa boʻlardi. Masalan, xuddi oʻsha Afgʻonistonni olaylik, dunyoning yarmi u yerga sarmoya tikmoqda. Qobuldan boshlangan yoʻlni koʻrganman, u yerdagi infratuzilma borgan sari yaxshilanmoqda. Shunda ham yana bir bor taʼkidlamoqchiman, muammoni faqatgina pul bilan hal etish yaramaydi. Dunyoqarashni oʻzgartirish kerak, chunki millatlararo mojarolarga olib kelayotgan koʻplab diniy oqimlar mavjud va ular oʻta xavfli.

— Qanday qilib bu oqimlarga qarshi kurashish mumkin?

— Bu murakkab ish. Markaziy Osiyoni baholamayman, lekin masalan, Kavkazni oladigan boʻlsak, yoki men prezident boʻlgan Ingushetiyani, u yerda obroʻsi baland boʻlgan diniy yetakchilar juda kam. Xalq gaplariga quloq tutadigan kuchli arboblarning kam boʻlishi esa yomon, albatta. Odamlarga haqiqatni gapirish kerak, axir koʻpchilik dindan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalanadi - deylik hukumatga kelish yoki u yerda mustahkam oʻrin olish uchun, yoki din niqobi ostida oʻzining korruptsion sxemalarini hayotga tatbiq etish uchun.

Keng koʻlamli maʼrifiy ishlarni amalga oshirish kerak. Yoshlar Qurʼonni yaxshi bilishmaydi. U arab tilida yozilgan, rus yoki oʻzbek tillariga oʻgirilsa - hammasini boshqacha qilib tushuntirish va sharhlash mumkin. Taʼqiqlar bilan ham hech narsani hal etib boʻlmaydi, bu shubhasiz - muammo yechimi ommaviy taʼlim berishda va diniy sohada - xoh u islom boʻlsin, xoh pravoslav yoki boshqa birorta din - maʼrifiy ishlarni olib borishda.

Katta obroʻga ega boʻlgan arboblarni olib kelish kerak, ular yoshlarga asl islom haqida soʻzlab bersinlar. Chunki jihod - birovlar uchun - kofirlarga qarshi kurash, yaʼni bu borib hammani pulemyotdan oʻqqa tutish kerakligini anglatadi. Jihodning mazmuni boshqa axir, bu Alloh sari yoʻl. Bu narsani tushuntirish kerak.

— Toshkent haqidagi taassurotlaringiz qanday? Bu keng koʻlamli tadbirga kelgach, koʻnglingizdan nimalar kechmoqda?

— Toshkent men uchun koʻp jihatdan juda qadrdon: 1980 yilda Termizdan Afgʻonistonga joʻnaganman, u yerdan 1987 yilda qaytganman. Bu vaqt oraligʻida Toshkentda juda koʻplab marotaba boʻlganman - u mening sevimli shahrim.

Bu yerda koʻplab doʻstlarim bor - birga jang qilgan askarlar, polkim qoʻmondoni - Toʻlqin Yoʻldoshevich Qosimov shu yerda yashaydi, Talʼat Murodov - uzoq yillardan buyon muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan veteran tashkiloti rahbari shu yerda istiqomat qiladi. Ularning barchasini koʻrib turganimdan xursandman, muntazam gaplashib turamiz.

Bugun Oʻzbekistonning yangi nafasi ochildi - bu har borada sezilmoqda — odamlarning oʻzini tutishlarida, koʻchalardagi muhitda. Hatto samolyotga koʻtarilganingizda ham buni his etasiz. Toshkent - non shahri, deb bejizga aytishmaydi. Hamdoʻstlik davlatlarining koʻplab yashovchilari bu yerga kelishni orzu qilishadi. Shu shahar bilan meni bogʻlagani uchun taqdirdan minnatdorman.

Mavzu:
Afgʻoniston: 30 yil tinchlik ilinjida (34)

Asosiy mavzular