21:13 20 Iyul 2019
Efir
  • RUB136.34
  • EUR9673.87
  • USD8584.50
Sovmestnыe voyennыe ucheniya Uzbekistana i Tadjikistana

Yumshoq tajovuz: AQSH bilan harbiy hamkorlik Oʻzbekistonga qanday xavf tugʻdiradi

© Ministerstvo oboronы Uzbekistana.
Analitika
Havola olish
Aleksandr Xrolenko
636441

Sputnik harbiy sharhlovchisi Aleksandr Xrolenko AQSH va Rossiya oʻrtasidagi Oʻzbekiston bilan harbiy-texnik hamkorlik uchun raboqat toʻgʻrisida

Oʻtgan yil mudofaa sohasidagi harajatlar miqdori YAIMning 4%ini yoxud 1,4 milliard dollarni tashkil etgan. Oʻzbekiston bilan doʻstlik va harbiy-texnik hamkorlik uchun AQSH va Rossiya oʻrtasida geosiyosiy kurash davom etmoqda. AQSH Qurolli kuchlari Markaziy Qoʻmondonligi rahbari Jozef Votel senatning harbiy masalalar boʻyicha qoʻmitasi eshituvida Toshkentning Amerika qurollarini olish boʻyicha bildirayotgan qiziqishlari hamda diversifikatsiya borasidagi rejalari "Oʻzbekistonni Rossiyadan harbiy xaridlarni amalga oshirishdan uzoqlashtirishning noyob imkoniyati”ni yaratishini bejizga aytib oʻtmadi. Shu bilan birga, general, Amerika qurol tizimlari Rossiyadagi muqobilidan koʻra qimmatroq turishini aytib noliganday boʻlgan edi.

Toshkent oʻz armiyasini 2020 yilga qadar eng yangi qurollar bilan qayta taʼminlashni va modernizatsiyalashni rejalashtirgan. Qoʻshinlar oʻta qimmatbaho Havoga qarshi mudofaa vositalari, vertolyotlar, bronetank texnikasi, artilleriya tizimlariga ega boʻladi. Qayta qurollanish uchun yiliga ajratiladigan 1 milliard dollardan ziyod mablagʻlar – Qoʻshma Shtatlar harbiy-sanoat majmuasi uchun jozibali yutuqdir. Rossiyani Markaziy Osiyo qurol bozoridan siqib chiqarish – amerikaliklarning ustuvor vazifasi ekani hech kimga sir emas va AQSH Kongessida yuqorida keltirilgan general Votel bayonoti yangrashi, yaʼni bu qadar ochiqlik – kamdan-kam yuz beradigan voqelik sanaladi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻzining farmoni bilan tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini tasdiqlagan edi. AQSH bilan harbiy-texnik hamkorlik, harbiy taʼlim va kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlik qilish ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida koʻrsatilgan.

Bundan oldin (2012 yil) Oʻzbekiston KXSHT(ODKB)ni tark etgan va Qurolli kuchlarning jadallashtirilgan modernizatsiyasini eʼlon qilgan hamda harbiy sohada NATOning qator mamlakatlari bilan faol hamkorlikni yoʻlga qoʻygan edi.

Modernizatsiya xususiyatlari

Soʻnggi ikki yil ichida Oʻzbekiston mudofaa imkoniyati sezilarli darajada oʻsdi. Dunyoning eng kuchli armiyalari reytingini tuzadigan Global Firepower reytingida Oʻzbekiston armiyasi 136 davlat ichidan 39-oʻrinni (Ruminiya va Belarusdan yuqori) egallab kelmoqda. Oʻylaymanki, 56,5 ming nafar harbiy xizmatchisi bor ixcham armiya uchun bu juda yaxshi natija (qiyoslash uchun - oʻsha Ruminiya armiyasida 73 ming nafar askar bor).

Oʻzbekiston quruqlikdagi qoʻshinlari tarkibida 420 dona tank, 715 dona piyodalar uchun jangovar harbiy mashina, 143 dona oʻzi yurar artilleriya qurilmalari, 880 dona artilleriya qurollari va 109 dona zalp bilan oʻq otuvchi qurollar mavjud. Mamlakat Harbiy-havo kuchlari esa 69 dona qiruvchi, 89 dona front-bombardimonlari, 88 dona transport samolyotlari, 73ta vertolyotlar, shu jumladan, 25 dona zarba beruvchi vertolyotlarga ega. Raqamlar zoʻr taassurot uygʻotadi, biroq, milliy xavfsizlik manfaatlari va Afgʻoniston bilan umumiy chegara koʻp narsaga masʼul etadi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev armiyani modernizatsiya qilish va milliy mudofaa-sanoat majmuasini shakllantirish uchun xorij davlatlardan koʻmakni faol jalb etmoqda: bir vaqtning oʻzida harbiy-texnik hamkorlikni nazarda tutuvchi 13 ta "yoʻl xaritasi" amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi harbiy-texnik hamkorlik uzoq vaqtdan buyon "Strategik sherikchilik toʻgʻrisidagi shartnoma" va "Iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish toʻgʻridagi shartnoma" asosida rivojlanib kelmoqda. Oʻzbek armiyasi islomiy-jangarilarga qarshi kontrterroristik operatsiyalarni koʻp jihatdan Rossiya bilan strategik sherikchilik tufayli muvaffaqiyatli yakunlagan va Markaziy Osiyoda eng kuchli armiya, deb tan olingan edi.

Rossiya, asosan, samolyotlar, Havoga qarshi mudofaa majmualari, zirxlangan texnika yetkazib beradi. Bugungi kunda Oʻzbekiston va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi harbiy texnik hamkorlik 2019 yilga moʻljallangan ikki tomonlama hamkorlik rejasiga koʻra rivojlanmoqda.

Modernizatsiyaning ustuvor yoʻnalishlari haqida xususan, yaqinda Oʻzbekistonga 10 donadan ziyod zarba beruvchi Mi-35 vertolyotlarini yetkazib berish toʻgʻrisidagi shartnomani misol keltirish mumkin. Bu vint-qanotli mashina Markaziy Osiyoda yuz berayotgan harbiy amallar uchun yaratilgan boʻlib, boshqa sohalarda jangovor qoʻllashda qayta qurollanish uchun texnologik namunadir. Mi-35ning oʻt qudrati asosiy raqiblariga qaraganda 140 foizga ortiqroq. Vertolyot kabinasi ichida 8 nafargacha qurollangan harbiy xizmatchilarni, 1,5 tonnagacha oʻq-dorilarni yoki boshqa yuklarni tashishga qodir.

Diversifikatsiya shevasi

Shu bilan birga, soʻnggi yillarda Toshkentda NATOning mintaqaviy vakolatxonasi paydo boʻldi va respublika: Frantsiyadan Airbus Helicopters kompaniyasining 14 dona harbiy vertolyotlari, Ispaniyadan - 4 dona yengil turbovintli S-295W harbiy-transport samolyotlarini, Chexiyadan esa - aviatsiyaga oid radioelektron asbob-uskunani oldi.

Bolgariya granatomyotlar uchun zarba zaryadlari bilan taʼminlamoqda ("Arsenal JSCo" kompaniyasi). Isroil uchuvchisiz uchish apparatlarini modernizatsiyalashda yordam bermoqda. Toshkent Janubiy Koreyaning harbiy-sanoat majmuasiga qiziqish bildirmoqda. Qozogʻistondan bronetexnika keltirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Ozarbayjon va Belarus bilan harbiy-texnik hamkorlik rivojlanmoqda. Xitoy bilan harbiy taʼlim sohasida aloqalar muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyilgan. Tabiiyki, amerikaliklar ham oʻzbek harbiy islohotida koʻmaklashishga, oʻzlarining qurollarini koʻproq sotishga harakat qilishmoqda. AQShning Markaziy Osiyoga yumshoq ekspansiyasi - siyosiy kengayishga intilishi tinmayabdi.

XTH boʻyicha hamkorlarning moʻlligi Oʻzbekistonga oʻz harbiy qudratini yanada samarali kuchaytirishga va dunyo "markaziy kuchlari"dan teng masofada boʻlishga imkon berayotgandek. Ammo har qanday harbiy mutaxassisga yaxshi ayonki, qurollanishning baynalmilal "kokteyli" qoʻshinlarga zarba qudratini oshirishdan koʻra, jangavorlikni qoʻllash va ekspluatatsiya qilishda katta muammo tugʻdiradi. Xususan, amerika quroli, Janubiy Koreya taktik quroli "qorishmasi" va Xitoy metodikalari birikmasini tasavvur qilish juda murakkab.

Kadrlarni tayyorlash tizimi, qurol-aslaha arsenali, strategiya va taktika – bu yagona texnologik jarayonning alohida qismlari boʻlib, ularning pirovard maqsadi qoʻshinning jangovar tayyorgarligi va nihoyat, jangda gʻolib chiqishga moʻljallangan. Texnologiya boʻgʻinlaridan birini boshqasi bilan almashtirish butun harbiy organizmning transformatsiyasiga olib kelishi muqarrar. Misol uchun, oʻzbek harbiy mutaxassislarining Pentagon instruktorlaridan qayta taʼlim olishlari amerika qurol va jangovor qoʻllash standartlaridan foydalanishga, AQSH qurol va taktikalarini doʻstona vositalar, aloqa va axborot uzatish tizimi hamda standartlari bilan birgalikda qoʻllashga olib keladi. Bu kabi diversifikatsiya - Vashingtonga tobelikka olib boruvchi toʻgʻri yoʻldir. Amerika sanktsiyalarini NATOning barcha davlatlari salyutlar bilan qarshi olar ekan, demak Gʻarbiy Yevropadan qurol yetkazib berilishi ham Oq uyning birgina gajak imzosi bilan toʻxtatib qoʻyilishi mumkin.

Pirovardida, amerikaning xalqaro terrorizmga qarshi kurash tajribasi (xususan, AQSH va NATOning Afgʻonistondagi besamar kechgan 18 yillik urinishlari) Markaziy Osiyoda ilgʻor taktika borasida yoxud biror kishini jang sanʼatiga oʻrgatishda namuna boʻlib xizmat qilolmaydi.

Asosiy mavzular